Qarshi davlat universiteti talabalari xalqaro fan olimpiadalarida yuksak natijalarga erishdi

5-Fevral 2026, 04:27
Universitet yangiliklari

Buxoro davlat universiteti mezbonligida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro fan olimpiadalari — BIMO–2026 (matematika) va BICHO–2026 (kimyo) musobaqalarida Qarshi davlat universiteti talabalari munosib ishtirok etib, yuqori natijalar qayd etdilar. Xususan, kimyo yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etgan iqtidorli talabalar 1 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, matematika yo‘nalishi talabalari 1 ta kumush va 2 ta bronza medal bilan universitet sharafini munosib himoya qildilar. Shuningdek, jamoaviy baholash natijalariga ko‘ra, kimyo yo‘nalishida “Nazariy kimyo fanidan eng yuqori natija”, matematika yo‘nalishida esa “Eng yaxshi ijodiy yechim” nominatsiyalari bo‘yicha diplomlar bilan taqdirlandilar. Ta’kidlash joizki, mazkur xalqaro olimpiadalarda 10 dan ortiq davlatdan 500 nafardan ziyod talaba-yoshlar ishtirok etdi. Bu esa Qarshi davlat universiteti talabalari tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlarning yuqori saviya va katta raqobat sharoitida erishilganini yaqqol namoyon etadi. Olimpiadalar yakuniga bag‘ishlangan tantanali taqdirlash marosimida nafaqat g‘olib talabalar, balki ularni ushbu yuksak natijalarga yetaklagan professor-o‘qituvchilarga ham alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatildi. Qarshi davlat universiteti jamoasi o‘zining iqtidorli talabalari va fidoyi ustozlari bilan haqli ravishda faxrlanadi.