
Xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlari bitiruvchilariga diplom topshirildi
Qarshi davlat universitetida Xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlari magistr va bakalavr bitiruvchilari uchun unutilmas kun bo‘ldi. Ular hayajon va quvonchga to‘la daqiqalarni boshdan kechirdilar. Ushbu bitiruvchilar Qarshi davlat universiteti hamkorligida faoliyat olib borayotgan qator nufuzli xorijiy oliygohlarning ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli yakunladilar. Jumladan, Moskva davlat lingvistika universiteti Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishi, Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti O‘zga tilli guruhlarda rus tili, Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishlari hamda Lingvistika: ingliz tili magistratura mutaxassisligi, N.A.Dobrolyubov nomidagi Nijegorod davlat lingvistika universiteti Lingvistika: rus tili va Lingvistika: ingliz tili magistratura mutaxassisliklari, Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti Amaliy matematika yo‘nalishi bitiruvchilari diplomlarini qo‘lga kiritdilar.
Tadbir doirasida xorijiy hamkor universitetlar vakillari ham bitiruvchilarni tabrikladilar. Jumladan, N.A.Dobrolyubov nomidagi Nijegorod davlat lingvistika universiteti Rus tili va adabiyoti instituti direktori Kristina Grigorevna Golubeva, Moskva davlat lingvistika universiteti Xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlari instituti direktori Elena Valerevna Aleksandrova, Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti Madaniyatlararo kommunikatsiya va xalqaro munosabatlar instituti dotsenti Raisa Vladimirovna Kuleshova ZOOM platformasi orqali bitiruvchilarga tabrik so‘zlarini yo‘lladilar. Shuningdek, tadbirda Qarshi davlat universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori I.Bekpulatov, Xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i N.Azizova bitiruvchilar va ularning ota-onalarini samimiy qutlab, ezgu tilaklarini bildirdilar. Diplomlar bitiruvchilarga tantanali ravishda topshirildi. Tadbir yakunida ko‘tarinki kayfiyat va quvonchli lahzalar barcha ishtirokchilarga unutilmas taassurot qoldirdi. Ma'lumot o'rnida, universitet rahbariyati ta'lim dasturlarini yanada kengaytirish va yangi hamkorlar bilan qo'shma ta'lim dasturlarini ochishni rejalashtirgan. Qo'shma ta'lim dasturlari uchun hujjatlar avgust oyida qabul qilinadi.