Qarshi davlat universiteti bitiruvchisi xalqaro ilmiy maydonda

9-Iyul 2025, 11:50
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universiteti Matematika yo‘nalishi bitiruvchisi Jabborov Asrorbek Chori o‘g‘li xalqaro ilm-fan maydonida yuksak natijalarga erishmoqda. U 2022-yilda bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab, dunyoning TOP-260 (2023-yil holatida) oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatida qayd etilgan Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk davlat universiteti (Novosibirsk gosudarstvenniy universitet — NGU) magistratura bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Joriy yilda Asrorbek ushbu universitetda professor Dmitriy Leonidovich Tkachev ilmiy rahbarligida “Cheksiz silindrsimon kanaldagi polimer suyuqligining chiziqli muammosining spektri” mavzusida yozilgan magistrlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. U o‘zining ilmiy salohiyati va bilimga chanqoqligi bilan bir qator yirik olimpiada va tanlovlarda g‘olib chiqqan. Xususan, u Rossiya Federatsiyasining “Open Doors” xalqaro olimpiadasi g‘olibi bo‘lib, hozirda NGU aspiranturasiga imtiyozli asosda o‘qishga tavsiya etilgan. Bugungi kunda Asrorbek yosh tadqiqotchilar, talabalar va iqtidorli o‘quvchilarni birlashtirish maqsadida tashkil etilgan "Bolshaya matematicheskaya masterskaya" (BMM) — 2025-yilgi yozgi maktabida ishtirok etmoqda. Mazkur ikki haftalik ilmiy maktabda ishtirokchilar real hayotdagi murakkab ilmiy va texnologik muammolarni jamoalarda ishlash orqali yechishga harakat qilishadi. Asrorbekning bu kabi yutuqlari nafaqat universitetimiz, balki mamlakatimiz yosh avlodiga ham katta ilhom va namuna bo‘lib xizmat qiladi.