Universitet olimlari yaratgan yangi nav tajriba-sinovda yuqori natija ko‘rsatmoqda

21-Dekabr 2024, 17:04
Universitet yangiliklari

Noan’anaviy ekin-batat (shirin kartoshka) lar tropik va subtropik mintaqadagi mamlakatlarda - Xitoy, Malavi, Tanzaniya, Nigeriya, Indoneziya, Hindiston, Yaponiya, Koreya, AQSH, Meksika, Kongo, Uganda kabi davlatlarda asosiy oziq-ovqat ekini hisoblanib, jami 8,7 million gektar maydonda ekiladi, 113 mln.tonna yalpi hosil yetishtiriladi. Shuning 64 foizi Xitoy davlatiga to‘g‘ri keladi. U asosan kraxmal va shakarga boy tuganakmevasi uchun yetishtiriladi hamda pishirish, qovurish, va qaynatish istemol qilinadi, sanoatda esa kraxmal olish uchun ishlatiladi. 

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor T.Ostonaqulov va boshqalarning tahlillariga ko‘ra, batat tuganagi tarkibida 21,9-23,4 foiz quruq modda, 13,2-14,3 foiz kraxmal, 5,1-6,0 foiz shakar, 1,6-2,0 foiz oqsil va 6,4-13,3 mg foiz “C” vitaminini saqlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat reyestriga 2021-yildan boshlab hududlarda ekish uchun batatning mahalliy sharoitda yaratilgan Sochakinur, Toyloqi, Filial, Yangi (NEW) Samarqand navlari tavsiya etildi. 

Qarshi davlat universiteti Agrokimyo va ekologiya kafedrasi olimlari tomonidan yaratilgan Sochakinur, Toyloqi, Filial va Yangi (NEW) Samarqand navlari Qarshi tumani sharoitida ertagi kartoshka va bug‘doydan bo‘shagan yerlarda takroriy ekin sifatida tajriba-sinovi o‘tkazildi. Yer tayyorlash, jo‘yak olish, sug‘orish odatdagidek bo‘ldi. Ekish 10-20-aprelda, bug‘doydan so‘ng 5-10-iyulda  70x25 sm tartibda bitta ko‘chatdan uyaga ekildi. Olingan natijalarga ko‘ra, qayd etilgan batat navlarini asosiy va takroriy ekinlar sifatida o‘stirib, har bir tupdan 800-1000 gr va undan ziyod hosil olish mumkinligini ko‘rsatdi. Asosiy ekin sifatida 50-60 t/ga, takroriy ekin sifatida 42-45 t/ga hosildorlikni ta’minladi.

Batat ekinining  afzalligi, odatdagi sharoitda, hatto yozda ko‘chatlarni, nihollarni tayyorlash mumkinligi, yuqori tutuvchanlik qobiliyatiga egaligi, kasallik va zararkunandalardan kam zararlanishi hisoblanadi. Tadqiqotlar davom etmoqda.