1-OKTABR – O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN REKTOR TABRIGI

30-Sentabr 2024, 11:15
Universitet yangiliklari

Muhtaram professor-o‘qituvchilar, ustoz va murabbiylar!

Dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan allomalar borki, ularning barchasi inson komilligining omilini ilmu ma’rifat deb bildilar va shunday uqtirdilar. Bu borada ulug‘ ajdodimiz Ahmad Yugnakiy shunday o‘git berganlar: 

Bilim bilan saodat yo‘li ochiladi, shunga ko‘ra,
ilmli bo‘l, baxt yo‘lini izla. 

Haqiqatan, saodat manziliga ilmdan o‘zga yo‘l yo‘q. Ilm sababidan siyratimiz yuksaladi, ruhimiz quvvat oladi, tafakkurimiz kengayadi. 

Albatta, ilm yo‘lidan yolg‘iz yurib bo‘lmaydi. Ulug‘lar aytganidek, har kimning ilm yo‘lida maqsadga erishmog‘i uchun ma’naviy yo‘lboshchi zarur. Ilm ustozning qo‘llab-quvvatlashi, sa’y-harakati, mashshaqqatli mehnati, g‘ayrati, metindek irodasi va matonati bilan egallanadi. Bir so‘z bilan aytganda, ustozlar ma’rifat osmonidagi yulduzdir. Ularning ziyosi bilan jaholat zulmatida adashganlarning yo‘llari yorishib, to‘g‘ri yo‘l topiladi. Shu nuqtai nazardan qaralsa, uztozning inson hayotida naqadar katta ahamiyat kasb etishi ravshanlashadi. Buni har qancha so‘z bilan ta’riflasak ham adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Ustozlik maqomi, uning ulug‘vorligi haqida muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimda, hadisi shariflarda va o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz asarlarida benazir so‘zlar bitilgan. Xususan, turkiy xalqlarning faxri bo‘lgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning ustoz sharafiga bitilgan quyidagi misralari barchamizning qalblarimizga jo bo‘lib ulgurgan: 

Shogird  agar shayxu-l-islom, agar qozidur, agar andin ustod rozidur – Tangri rozidur. 

Darhaqiqat, sharqona axloq, qolaversa, milliy qadriyat nuqtai nazaridan ham shogirdlar uchun ustozlari rizoligaga erishish, haqlarini ado etish juda muhimdir. Albatta, ustozining roziligi va duosini olgan shogirdlargina ilm fazlidan bahramand bo‘ladi. Ularning ilmi ziyosidan esa millat, jamiyat, vatan, ta’bir joiz bo‘lsa, butun dunyo bahramand bo‘ladi. Ulardan xalq va vatan manfaati uchun foydasi tegadigan yetuk shaxslar, fidoyi insonlar yetishib chiqadi. Davlatimizning bugungi siyosati ham ana shu sharqona an’anaga muvofiqligi e’tirofga sazovor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu borada quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz “O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak” degan g‘oyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, barchasini safarbar etamiz”.

Albatta, yuksak sharaf va maqomning o‘ziga yarasha ulkan mas’uliyati ham bo‘ladi. Bu mas’uliyat ona Vatanimizning buguni va ertasi hisoblangan avlodlarni har jihatdan kamol toptirish yo‘lida fidokorona xizmat qilishdir. Muhtaram prezidentimizning ustoz-murabbiylar oldiga qo‘yayotgan muhim vazifalardan biri ham shu: “Ta’lim sohasining yana bir muhim vazifasi – faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, Vatan va xalq manfaatlarini qat’iy himoya qila oladigan, zamonaviy, keng fikrlaydigan yoshlar avlodini shakllantirishdan iborat”.

Bugungi kunda ta’limga, bu sohada faoliyat olib borayotgan kadrlarga qaratilayotgan e’tibordan maqsad ham aslida vatan taraqqiyoti, yurt farovonligi bilan bog‘liqligini yodda tutish zarur. 

Qayd etish lozimki, bugun har bir soha tubdan isloh qilinmoqda. Jumladan, oliy ta’lim sohasida ham katta o‘zgarishlar, yangilanishlar olib borilmoqda. O‘z o‘rnida, ushbu sa’y-harakatlar yuqori samaradorlikni ham ta’minlayotganini e’tirof qilish joiz. Albatta, jadal sur’atda bo‘layotgan bunday o‘zgarish va yangilanishlar sohada faoliyat yuritayotgan har bir pedagog, professor-o‘qituvchining ishga, hayotga munosabati va mas’uliyatini tubdan o‘zgartirib, ularning doimiy izlanib, yangilikka intilib yashashi, ilg‘or ta’lim texnologiyalari hamda metodikalarini puxta o‘zlashtirib borishini talab qiladi. Yuksak faxr bilan aytishim mumkinki, dargohimizda ta’lim berayotgan professor-o‘qituvchilarimiz bugungi qo‘yilayotgan talab-vazifalarni chuqur his qilgan holda faoliyat olib bormoqdalar. Buni universitetimizning jahon miqyosida e’tirof qilinyotganidan, olimlarimizning ilmiy faoliyatda erishayotgan qator yutuqlaridan, talabalarimizning esa har sohada iqtidorlarini namoyish qilayotganlaridan ham bilish mumkin. Hech shubhasiz, jamoamiz bilan kelgusida ham yurtimizni ijtimoiy-siyosiy hayotga faol ishtirok etadigan kadrlar bilan boyitishda yuksak natijalar ko‘rsata olamiz. 

Muhtaram Ustozlar! Sizlarni ilmu ma’rifat fidoyilarning qutlug‘ ayyomi – Ustoz va murabbiylar bayrami bilan tabriklashdan baxtiyorman. Siz azizlarga sihat-salomatlik, baxtu saodat, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman. Xonadonlaringizdan fayzu baraka arimasin. Qalbingizni shijoat va matonat hech qachon tark etmasin. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti, jamiyat va xalq farovonligi yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!

Dilmurod NABIYEV

Qarshi davlat universiteti rektori, professor