Universitet tasarrufidagi texnikumlar faoliyati takomillashtiriladi
Bugun Qarshi davlat universiteti rektori, professor D.Nabiyev, professor-o‘qituvchilar ishtirokida oliygoh tasarrufidagi Koson agrotexnologiyalar texnikumi va G‘uzor sanoat texnikumida muloqot tashkil etildi. Unda joriy yilning 5-fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan qator ustuvor vazifalar xususida so‘z bordi.
Jumladan, yig‘ilishda qayd etilgan:
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab, texnikumlarning 1-2-kursidagi ta’lim dasturlari, darsliklari, o‘quvchilarning malakasini baholash mezonlari va pedagoglarning malakasiga qo‘yiladigan talablarni oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilariga qo‘yilgan malaka talablari bilan bir xil bo‘lishini ta’minlash;
Texnikumlarda ham “kredit modul tizimi” joriy qilinib, o‘quvchilarning fanni o‘zlashtirish bo‘yicha to‘plangan kreditlari oliy ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan tizimga mos bo‘lishiga erishish;
Kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” to‘plagan o‘quvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliy ta’lim muassasalarining ikkinchi yoki uchinchi kurslarida ta’limni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlash kabi takliflar muhokama qilindi.
Universitet rahbari D.Nabiyev texnikumlarda kredit-modul tizimida “2+2” yoki “2+3” dasturi asosida tashkil etiladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatini shakllantirish, kafedralar filiallarini tashkil etish, moddiy-texnik bazani yaxshilash, texnikumlarning universitet o‘quv reja va ta’lim dasturlariga muvofiqligini ishchi guruh tuzgan holda o‘rganish zarurligini ta’kidladi. Tadbirda mavzu yuzasidan qator mulohazalar bildirildi.