Iste’dod va iqtidorga ehtirom: Qarshi davlat universitetida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi
Qarshi davlat universitetida “Iste’dod va iqtidorga ehtirom” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda ota-onalar ishtirok etgan mazkur uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Muloqot davomida iqtidorli talabalarning ilmiy izlanishlari, yangi loyihalari va oliygoh hayotini rivojlantirishga qaratilgan erkin fikr-mulohazalari tinglandi. Universitet rahbariyati yoshlarni zamonaviy bilimlarni puxta egallash, xorijiy tillarni o‘rganish hamda innovatsiyalarga intilishga da’vat etib, ular uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarni yana bir bor ta’kidlashdi. Tadbirning eng hayajonli qismida 2025–2026 o‘quv yili uchun Prezident va nomli davlat stipendiyalari sohiblari hamda sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionlari tantanali ravishda e’tirof etildi. G‘olib talabalar, ularning ustozlari va ota-onalari universitet rahbariyati tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bu kabi muloqotlar nafaqat yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, balki ularni yangi marralar sari ilhomlantirishga xizmat qiladi.