BITIRUVCHILAR BANDLIGI – YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHIDIR

28-Fevral 2026, 05:12
Universitet yangiliklari

QARSHI DAVLAT UNIVERSITETI BITIRUVCHILARIGA REKTOR MUROJAATI

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan ochiq muloqotida “mehnat bozorini 2030-yilga qadar raqobatbardosh kadrlar bilan to‘ldirish, yoshlarga o‘ziga mos ish topishi uchun sharoit yaratish, bitiruvchilarning bandligiga ko‘maklashish, ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash va yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, hududlarning imkoniyatlarini inobatga olgan holda kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish” masalalari ustuvor vazifalar sifatida belgilab berildi.

Yuqoridagi topshiriq va vazifalar ijrosidan kelib chiqib, bitiruvchilarning ish bilan bandligini ta’minlash uchun universitetda barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Joriy o‘quv yilida universitetni jami 3529 nafar talaba bitirishi kutilmoqda. Shundan 1859 nafari kunduzgi, 1399 nafari sirtqi ta’lim shakli va 271 nafari magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilari hisoblanadi.
Kelajakda Sizlarning ish bilan bandligingizni ta’minlash bo‘yicha universitetda aniq va ustuvor vazifalar belgilab olingan.

Sizlar uchun birinchi imkoniyat: “Kelajakka qadam” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar olishingiz uchun Qarshi davlat universiteti va “O‘zmilliybank” AJ hamkorligida hududlarning drayver sohalari, shahar infratuzilmasi hamda iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, oilaviy mehmon uylarini tashkil etish, maishiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, ijara xizmatlarini tashkil etish, asalarichilik, chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik sohalarida bizneslarni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qadoqlash, ko‘chat yetishtirish, tikuvchilik sexlarini tashkil etish, issiqxona biznesini yo‘lga qo‘yish, qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shahobchalarini ochish, oziq-ovqat va kiyim-kechak do‘konlarini tashkil etish, kompyuter xizmatlari markazlarini yo‘lga qo‘yish, go‘zallik salonlari, qahvaxona va ovqatlanish shahobchalarini ochish, mini-futbol maydonlarini qurish va boshqa biznes loyihalar ishlab chiqilib, iqtisodchi mutaxassislar tomonidan tayyor holatga keltirildi hamda Sizlar uchun tadbirkorlik imkoniyatlari yaratildi.

Sizlar uchun ikkinchi imkoniyat: viloyat hokimiyati va universitet tomonidan bitiruvchilarni Germaniya davlatida qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, servis, marketing xizmatlari va boshqa sohalarda kafolatlangan bo‘sh ish o‘rinlariga yuborish bo‘yicha barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Bu borada universitetning “Nemis tili” markazida nemis tili bo‘yicha bepul intensiv (tasdiqlangan dastur asosida) til o‘rgatish kurslari yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, Germaniya davlatining “Motiba” MCHJ bilan tuzilgan shartnomaga asosan bitiruvchilarni bo‘sh ish o‘rinlariga yuborish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Sizlar uchun uchinchi imkoniyat: “Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirokingizni ta’minlash maqsadida universitet va xorijiy bandlik agentliklari o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Hozirda bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxati aniqlanib, Sizlar uchun taqdim etishga tayyorlandi.

Sizlar uchun to‘rtinchi imkoniyat: universitetda mavjud 40 dan ortiq vakant ish o‘rinlariga, xususan, universitet qoshida tashkil etilgan (240 o‘rinli) maktabgacha ta’lim tashkilotiga, shuningdek, universitetga biriktirilgan 10 ta texnikumdagi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish orqali Sizning bandligingizni ta’minlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlariga Sizlarni ishga joylashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olingan.

Amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar Sizlarning mehnat bozoriga raqobatbardosh kadr sifatida kirishingiz va o‘z o‘rningizga ega bo‘lishingizni ta’minlashga qaratilgan.

Universitet rahbariyati, fakultet dekanlari va mutaxassislik kafedra mudirlari Sizlarni yuqorida ko‘rsatilgan imkoniyatlardan foydalanishga chaqiradi hamda Sizlarga har tomonlama yordam berishga tayyor. Men ishonamanki, har biringiz o‘z kelajagingizga befarq emassiz. Sizning intellektual salohiyatingiz Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini yanada jadallashtiradi.

Qarshi davlat universiteti 
rektori D.Nabiyev