Ayol — muhabbat va hayot timsoli

17-Mart 2026, 08:45
Universitet yangiliklari

Azal-azaldan ayol siymosi ezgulik, sadoqat va mehr-muhabbat ramzi sifatida ulug‘lanib kelinadi. Shoiru adiblar, san’atkorlar ona va ayol obrazini yuksak pardalarda tarannum etib, uni hayotning ilhom manbai sifatida madh etganlar. Zero, ayol — oila tayanchi, jamiyat ko‘rki va kelajak tarbiyachisidir. Bugun yurtimizda ayol zotiga bo‘lgan e’tibor va ehtirom yanada mustahkamlanib, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzi tobora yuksalmoqda. Viloyat musiqali drama teatrida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayol — muhabbat va hayot timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Qarshi davlat universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir avvalida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Kuziyev oliygoh rektorining xotin-qizlarga yo‘llagan samimiy tabriknomasini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng teatr ijodkorlari tomonidan mazmunli sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, dilbar kuy-qo‘shiqlar ijro qilindi. Bayram shukuhi bilan o‘tgan mazkur tadbir barchaga quvonch va iliq taassurotlar ulashdi.