Pedagogika fakultetida ota-onalar bilan uchrashuv o‘tkazildi

21-Noyabr 2025, 11:27
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universiteti Pedagogika fakultetida I-bosqich talabalari ota-onalari bilan “Yoshlar tarbiyasida barchamiz mas’ulmiz” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirni fakultet dekani o'rinbosari S.Yuldashev kirish so‘zi bilan ochib, uchrashuvning maqsadi va ahamiyati haqida to‘xtaldi. Tadbirda universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O.Kuziyev so‘zga chiqib, universitet odob-axloq hamda ichki tartib qoidalari, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ijara xonadonlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi haqida ma’lumot berdi. Rektor maslahatchisi A.Jo‘rayev yoshlar tarbiyasida ota-ona va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati yuzasidan fikr bildirdi. Fakultetdagi ta’lim-tarbiya jarayoni haqida dekan I.Yuldoshev, talabalarning davomati, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hamda odob-axloq qoidalari haqida esa o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini N.Usmonov axborot berdi. Xotin-qizlar masalalari bo'yicha rektor maslahatchisi Sh.Karamova xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalasida ma’ruza qildi. Shuningdek, universitet inspektori M.Jabbarov jinoyatchilik va uning oldini olishga doir masalalar yuzasidan so‘z yuritdi. Tadbir yakunida ota-onalar o‘z fikr va takliflarini bildirib, farzandlarining ta’lim-tarbiyasi borasida universitet ma’muriyati bilan yaqin hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.