QarDU vakili “Kazan Digital Week” forumida ishtirok etdi

23-Sentabr 2025, 04:28
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universitetining xalqaro reytinglar bo‘yicha mutaxassisi Ramis Karimov 17–19 sentyabr kunlari Qozon shahrida o‘tayotgan “Kazan Digital Week” xalqaro forumida ishtirok etmoqda. Tadbirda 76 mamlakatdan 20 mingdan ortiq ishtirokchilar qatnashmoqda. Forum doirasida u Tatariston Fanlar akademiyasi rahbariyati va xodimlari bilan uchrashib, turkiy tillarni asrab-avaylash va ommalashtirish hamda QarDU qoshida Turkiy tillar markazini tashkil etish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, “Tatarica” elektron ensiklopediyasi, “TurkTel” ontolingvistik portali va “TatSoft” tarjima platformasining yaratilish tajribasi bilan tanishdi. Bundan tashqari, Karimov “CoolDash”, “VibeTel” va “Madaniy tarjima” startaplari ishlab chiquvchilari bilan uchrashib, zamonaviy til o‘rganish mobil ilovalarini yaratish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Gumanitar sohalardan tashqari, u forumda ishtirok etayotgan Rossiyaning yirik IT-kompaniyalari faoliyati bilan ham tanishib, QarDU bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.