Yoshlar uchun mazmunli ta’til – "Dolzarb 90 kun" loyihasi amaliyotda

23-Iyun 2025, 12:10
Universitet yangiliklari

Yurtboshimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi yoshlar uchun tom ma’noda hayot maktabiga aylanmoqda. Mazkur loyiha doirasida yozgi ta’til davrida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlariga keng jalb qilish orqali yuksak ma’naviyat va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsad qilingan. Qarshi davlat universitetida ushbu tashabbus amaliyotda samarali yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, kurash va voleybol sport to‘garaklarida yuzlab yoshlar tajribali murabbiylar rahbarligida mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Bu to‘garaklar nafaqat jismoniy qobiliyatni yuksaltirish, balki yoshlarni jamoaviylik, intizom, iroda va sabr-toqatga o‘rgatishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mashg‘ulotlarning ta’sirchanligini oshirish, ishtirokchilarning qiziqishini kuchaytirish maqsadida muntazam ravishda ichki musobaqalar tashkil etilmoqda. Bu esa yoshlarning sportga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirmoqda. Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur to‘garaklar faqatgina universitet talabalari uchun emas, balki oliygohga yaqin joylarda yashovchi mahalla yoshlari uchun ham ochiq. Bu esa universitetning jamoat bilan hamkorligini mustahkamlab, yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.