QarDU vakillari Universiti Sains Malaysia tajribasini o‘rganmoqda

23-Iyun 2025, 11:59
Universitet yangiliklari

Ayni kunlarda Qarshi davlat universiteti Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Zulqaynar Nazirov hamda Xalqaro reytinglar va akkreditatsiya bo‘limi mutaxassisi Farrux Aminov Malayziyaning nufuzli Universiti Sains Malaysia (USM) oliygohida qisqa muddatli stajirovka o‘tamoqda. QS xalqaro reytingida TOP–146 va barqarorlik reytingida TOP–251-o‘rinni egallagan mazkur universitetda ta’lim sifati, xalqaro reytinglar hamda barqarorlik sohalaridagi ilg‘or tajribalar o‘rganilmoqda. Stajirovka doirasida USM Rejalashtirish va strategik markazi direktori professor Saidatulakmal Mohd, bo‘lim boshliqlari Mohamed Azlan, Puan Norlela, Siti Anurra va Eliza Mohd ishtirokida universitetning xalqaro reytinglarda qo‘llayotgan strategiyalari bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Global barqarorlik tadqiqotlari markazi vakillari – direktor o‘rinbosari professor NG Theam Foo, koordinator professor Japareng Lalung hamda markaz xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazilib, USM tomonidan barqaror rivojlanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti tinglandi. Tashrif doirasida universitetning Hamzah Sendut kutubxonasiga ham borildi. Kutubxonaning xizmatlari, boshqaruv tizimi va faoliyati bo‘yicha Korporativ va mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi rahbari Nur Afiqah tomonidan ma’lumot berildi.