Qarshi davlat universitetida “GEE–2025” xalqaro anjumani: yashil energetika va iqtisodiyot yo‘nalishida ilmiy hamkorlik

6-May 2025, 11:02
Universitet yangiliklari

Joriy yilning 2–3-may kunlari Qarshi davlat universitetida “GEE–2025 — Yashil energetika va yashil iqtisodiyot” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli tadbirda Italiya, Rossiya, Belorusiya, Eron, Boshqirdiston, Qirg‘iziston kabi qator davlatlardan xorijlik olimlar, shuningdek, yurtimizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalarining akademiklari, professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar hamda iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etdi. Anjumanning asosiy maqsadi — global miqyosda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan “yashil iqtisodiyot”, “yashil energetika” va “yashil rivojlanish” konsepsiyalariga ilmiy yondashuvni chuqurlashtirish, xalqaro tajriba va zamonaviy innovatsiyalarni o‘zaro almashish orqali O‘zbekiston hamda mintaqaviy iqtisodiyotni ekologik barqaror rivojlantirishga hissa qo‘shishdan iborat bo‘ldi. Konferensiya doirasida yetakchi olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislar “yashil iqtisodiyot”ni shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha o‘z ilmiy qarashlari, innovatsion loyihalari va amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Anjuman sho‘ba yig‘ilishlari shaklida davom etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar ilmiy maqolalar orqali iqtisodiy va energetik resurslardan samarali foydalanish, raqamli texnologiyalarni tatbiq etish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yangi materiallar yaratish bo‘yicha istiqbolli imkoniyatlarni ko‘rib chiqdilar.