
Yosh jamoaning muvaffaqiyatli parvozi: “Lochin” finalga yo‘l oldi!
Joriy yilning 22-30-aprel kunlari Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida joylashgan “Samo” sport majmuasida voleybol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur chempionatda Qarshi davlat universitetining “Lochin” voleybol jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, yakuniy — uchinchi tur final bosqichiga yo‘llanma qo‘lga kiritdi. Jamoamiz umumiy hisobda 7 ta uchrashuv o‘tkazib, shularning 5 tasida g‘alaba qozondi va 2 bor mag‘lubiyatga uchradi. Natijada, 16 ochko jamg‘argan “Lochin” jamoasi final bosqichiga yo‘l oldi. O‘zbekiston chempionatining yakuniy bosqichida mamlakatning 8 ta kuchli jamoasi g‘oliblik uchun kurash olib boradi. E’tiborlisi shundaki, Qarshi davlat universiteti jamoasi ushbu chempionatda ilk bor ishtirok etayotganiga qaramasdan, yosh va iqtidorli tarkibi bilan tajribali jamoalarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Eslatib o‘tamiz, chempionatning birinchi turi joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan edi. O‘sha bosqichda ham “Lochin” jamoasi munosib ishtirok etib, ikkinchi turga yo‘l olgandi.