Universitet o‘qituvchilari Turkiyaning Ege universitetida stajirovka o‘tashdi

29-Aprel 2024, 10:39
Universitet yangiliklari

Joriy yilning 8-22-aprel kunlari Qarshi davlat universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri N.Ochilov va dotsent X.Fayzullayev Turkiyaning Ege universiteti Adabiyot fakultetida stajirovka o‘tashdi. Stajirovkaning dastlabki kunida Ege universiteti Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Pinar Fedakar qabulida bo‘lib, ikki oliygoh o‘rtasida tuzilgan memorandum bo‘yicha mulohazalar olib borildi.
Shuningdek, Adabiyot fakulteti dekani, professor Yusuf Ayonu hamda Turk tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, professor Selami Fedakar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot davomida Selami Fedakar kafedraning professor-o‘qituvchilari, umumiy tuzilmasi, ilmiy tadqiqot ishlari, hamkorlik aloqalari borasida ma’lumotlar berib o‘tdi.  Qarshi davlat universitetining tashkiliy tuzilmasi, Filologiya fakulteti kafedralari, ularning istiqbolli rejalari, jumladan, O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasining o‘quv- uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlari borasida ham ma’lumotlar almashildi. Hamkorlik masalalari borasida bir qator kelishuvlarga erishildi. Proffessor Selami Fedakar va kafedra professori Fatih Ulken bilan “Janubiy O‘zbekiston va turkiy xalqlar folklori va shevashunosligi” ilmiy laboratoriyasi bilan ilmiy sohada hamkorlik aloqalarini davom ettirish borasida ham so‘z bordi.
Shuningdek, stajirovka mobaynida professorlar Gullu Arach, Fatih Ulken, Yilmaz Ozkaya, Selami Fidakar va boshqa professor-o‘qituvchilarning turk mumtoz adabiyoti, turk modern adabiyoti va turk folklori fanlari bo‘yicha olib borgan ma’ruza mashg‘ulotlarini kuzatib, tahliliy xulosalar qilindi. Stajirovka davomida N.Ochilov Adabiyot fakultetining Turk tili va adabiyoti yo‘nalishi 2-bosqich talabalariga “Turkiy xalqlar folklori va uning o‘rganilishining hozirgi holati” mavzusida, X.Fayzullayev 1-bosqich talabalariga “O‘zbek va turk modern adabiyotining nazariy masalalari” ma’ruza mashg‘ulotlarini o‘tishdi. Mashg‘ulotlardan bo‘sh vaqtda mavzuga doir adabiyotlar, ilmiy tadqiqot ishlari bilan tanishildi. 
Stajirovka yakunlari va faoliyati bo‘yicha Adabiyot fakulteti jamoasi va professor-o‘qituvchilari tomonidan QarDU o’qituvchilariga sertifikatlar topshirildi. Stajirovka natijasiga ko‘ra, Ege universiteti Adabiyot fakulteti va Qarshi davlat universiteti Filologiya fakulteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘rtasida o‘quv, ilmiy tadqiqot sohalarida hamkorlik shartnomasi imzolandi. “Janubiy O‘zbekiston va turkiy xalqlar folklori va shevashunosligi” ilmiy   labaratoriyasida  Professor Selami Fidakar bilan “Erik kuychi repertuari va uning saqlanish holati” mavzusida hamkorlik loyihasi ustida ishlash rejalashtirildi. 
Ege universitetining Skopos bazasida mavjud “Milliy folklor” jurnaliga  “Dostonchilik an’analari va uning bugungi saqlanish holati” mavzusidagi ilmiy maqola topshirildi. Shartnomaga muvofiq, Ege universiteti professori Selami Fedakar “Folklorshunoslik va shevashunoslik”  ta’lim yo‘nalishi  talabalariga mashg‘ulotlar o‘tishi rejalashtirildi. 2025-yil  aprel oyida Qarshi davlat universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi va Ege universiteti Adabiyot fakulteti Turk tili va adabiyoti kafedralari o‘rtasida “Turkiy xalqlar folklori va shevashunosligi masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirildi.