QarDU o'qituvchisi xalqaro Gran-pri musobaqasida sovrindor bo'ldi
Joriy yilning 23–25-aprel kunlari Marokashning Rabot shahrida para yengil atletika bo‘yicha xalqaro Gran-pri musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 57 ta davlatidan 500 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan nufuzli bellashuvda O‘zbekiston terma jamoasi jami 12 ta medalni qo‘lga kiritdi. Quvonarlisi, Qarshi davlat universiteti Sport faoliyati kafedrasi o‘qituvchisi Sevinchbek Husanov (T12 klassda) uzunlikka sakrash bahslarida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu uning ilk xalqaro musobaqasi bo‘lishiga qaramay, muhim reyting ochkolarini jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur natija sportchimizga 2026-yilda Yaponiyaning Nagoya shahrida o‘tkaziladigan V-Osiyo paralimpiya o‘yinlari hamda 2027-yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatini taqdim etdi. Sportchimizga kelgusi musobaqalarda ulkan zafar va yuksak natijalar tilaymiz!