“Sudya va yoshlar” uchrashuvi: nikoh shartnomasi – oila mustahkamligining huquqiy kafolati
Qashqadaryo viloyat sudi tashabbusi bilan Qarshi davlat universitetida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi. Tadbirni Qarshi davlat universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Oybek Kuziyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. So‘ng Qashqadaryo viloyat sudi raisi Abduqayum Mahkamov ma’ruza qilib, joriy yil 14-oktyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ajrimlarning oldini olishda nikoh shartnomasining afzalliklarini yoshlarga keng targ'ib qilish zarurligi alohida urg‘u bilan qayd etilganini ta’kidladi. Abduqayum Mahkamov ushbu uchrashuv ham aynan shu maqsadga xizmat qilishini aytib, yoshlar va xotin-qizlarning ta’lim olishi, kasbiy rivoji hamda huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini yoritib berdi. Tadbirda Qashqadaryo viloyat sudi rais o‘rinbosari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Kamol Namazov, Qashqadaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalari Muzaffar Raupov, Begzod Ostonov hamda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi sudyasi Lato‘fat Muhammadieva so‘zga chiqib, “Fuqarolik sudlarida oilaviy nizolarni hal etish tartibi” va “Nikoh shartnomasi va uning huquqiy oqibatlari” mavzularida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ma’ruzachilar oilaviy nizolar bo‘yicha statistik ma’lumotlarni keltirib, nikoh shartnomasidan foydalanish ajrimlar sonini kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Oila kodeksining 29-moddasiga ko‘ra, nikoh shartnomasi er-xotinning nikoh davridagi va undan keyingi mol-mulk munosabatlarini tartibga soluvchi hujjat ekani tushuntirildi. Yakunda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, nikoh shartnomasining mazmuni va ahamiyatiga oid bukletlar bo‘lajak oila egalari bo‘lgan talabalarga tarqatildi.