“Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchilar bilan uchrashuvlar davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qarshi davlat universitetida “Kelajakka qadam” dasturi asosida bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Dastur universitet bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va mehnat bozoriga mos malaka hamda ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan. QarDU Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi huzuridagi “Kelajakka qadam” markazi tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyati O‘zmilliybank AJ mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvlarda bitiruvchilarga dastur imkoniyatlari, imtiyozli kreditlar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda davlat-xususiy sektor hamkorligi yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ochiq muloqotlar davomida bank vakillari talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berib, dasturdan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdilar.