Moskva davlat lingvistika universitetida o‘zbek tili mavzusida xalqaro davra suhbati
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi munosabati bilan Moskva davlat lingvistika universitetida “Raqamlashtirish davrida o‘zbek tilini o‘qitish: muammolar va istiqbollar” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi, Moskva davlat lingvistik universiteti va Qarshi davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi tilshunos olimlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi, uni xorijda o‘qitish masalalari va istiqbollari haqida fikr bildirdilar. Davra suhbatida Qarshi davlat universiteti va Moskva davlat lingvistika universiteti qo‘shma ta’lim dasturi talabalari ham faol qatnashib, o‘zbek shoirlarining she’rlarini o'qidilar va milliy madaniyatimizni targ‘ib qildilar. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zbek tilini raqamli ta’limda rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladilar.