
Amsterdamda O‘zbekiston madaniyati namoyish etildi
Qarshi davlat universiteti delegatsiyasining Niderlandiyaning Amsterdam shahriga tashrifi doirasida World Horti Center – xalqaro ko‘rgazma va savdo markazida O‘zbekiston milliy madaniyati va san’atiga bag‘ishlangan madaniy tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston 2024-yilda YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan rubob yasash va chalish san’ati haqida ma’lumot taqdim etildi. Mehmonlar e’tiboriga rubob va doira cholg‘ulari jo‘rligida ijro etilgan o‘zbek xalq kuylaridan "Qoʻshchinor", "Norim-norim", "Xorazm lazgisi", "Andijon polkasi" hamda boshqa xalq ohanglariga asoslangan kuy-qo‘shiqlar namoyish etildi. Ishtirokchilar kuy-qo‘shiqlarni zavq bilan tinglab, o‘zbekcha raqslarga jo‘shqinlik bilan qo‘shildilar. Mehmonlar adras matosidan tikilgan milliy liboslar va do‘ppilarimizga katta qiziqish bildirdilar. Tadbir yakunida mehmonlarga o‘zbek xalqining mashhur milliy taomi — osh tortildi.