“Ilmli qizlar – jamiyat ko‘zgusi” forumi bo‘lib o‘tdi

14-Aprel 2025, 05:19
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universitetida “Ilmli qizlar – jamiyat ko‘zgusi” shiori ostida forum o‘tkazildi. Tadbirda bitiruvchi sinf qizlari va ularning onalari, Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ishchi guruhi vakillari G.Mardonova, F.Xudoyqulova, shuningdek, viloyat hokimining o‘rinbosari Z.Aminova ishtirok etdi. Tadbirda Kosonlik iqtidorli yosh Gulasal Bo‘tayeva IELTS imtihonidan 9 ball to‘plab, yuksak natija qayd etgani alohida e’tirof etildi. Uning onasiga minnatdorlik bildirilib, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, tadbir davomida xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirgan, turli tanlovlar g‘oliblari bo‘lgan yoshlar o‘z chiqishlari bilan ishtirokchilarni ilhomlantirdi. Ularning muvaffaqiyati ortida turgan buyuk kuch – onalar alohida e’zozlandi. Shuningdek, forumda “Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashining hududlardagi rasmiy vakillari e’lon qilindi. Bu — yangi ismlar, yangi ilhom va yangi mas’uliyat, eng muhimi, ayol kuchining birlashgan ifodasi bo‘ldi. Endilikda har bir hududda ayollarning ovozi yanada baland eshitilishi, fikri inobatga olinishi va tashabbuslari amalda qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi. Forum doirasida “Ma’rifatli ayol – nurli jamiyat!” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etishda kengash vakillari fidoyilik bilan xizmat qilishga tayyor ekani ma’lum qilindi.