Yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi

14-Aprel 2025, 04:53
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universiteti 1000 o‘rinli ko‘rkam Xorijiy tillar fakulteti o‘quv binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyat hokimi M.Azimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi, universitet professor-o‘qituvchilari, keng jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari va OAV xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda viloyat hokimi M.Azimov keyingi yillarda mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, moslashtirilgan binolar qurish, mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, Qarshi davlat universitetida yangi o‘quv binosining barpo etilishi ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri ekanligini qayd etdi. Shuningdek, tadbir davomida universitet professori Sh.Qurbonov, Kimyo-biologiya biologiya fakulteti 4-bosqichi talabasi S.Nuriddinova ham so‘z olib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi. Zamonaviy arxitekturaga ega, 5 qavatli yangi o‘quv binoda “Institut Français de Karshi” fransuz tili, Ingliz tili dasturlari, Koica, Nemis tili, Rus tili va Xitoy tili markazlari, Erasmus+ dasturlari ofisi, Media studiya, Sinxron tarjima auditoriyasi, keng va qulay ma’ruzalar zallari, Tibbiy muolaja xonasi, Lingafon xonalari, kutubxona, eng so‘nggi axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan kompyuter xonalari mavjud. O‘quv, laboratoriya xonalari interaktiv doskalar, zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Tadbir ishtirokchilari o‘quv binosining imkoniyatlari va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi, ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan, shinam va qulay ta’lim muhitiga ega yangi o‘quv binosi universitetning ilm-fan sohasida yanada yuqori marralarga erishishida muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etdilar. Tadbir davomida viloyat hokimi Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazida ham bo‘lib, davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Kelajakka qadam” markazi hududiy bo‘linmasi bilan tanishdi. Universitetning 3 nafar bitiruvchi talabalariga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun “O‘zmilliybank” AJ  tomonidan berilgan imtiyozli 50 mln so‘mlik kredit sertifikatlarini topshirdi. Ochilish marosimiga tashrif buyurgan sevimli xonanda, estrada yulduzi Shohruhxon va viloyat san’ati vakillari o‘zlarining dilbar kuy-navolari bilan barchaga quvonch ulashdi.