Birinchi dars mustaqillik darsi bo‘ldi

10-sentabr 2024
Universitet yangiliklari

Bugun yurtimizning barcha oliy ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi Qarshi davlat universitetida ham “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostida mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi hamda yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari, keng jamoatchilik vakillari, talaba-yoshlar va ularning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlarni samimiy qutladi. Oliy ta’lim muassasasida yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida gapirib, barqaror taraqqiyot rivoji bilimli kadrlar qo‘lida ekanligini ta’kidlashdi. Tantanali tadbirdan so‘ng, barcha talabalar uchun “Mustaqillik darslari” auditoriyalarda davom ettirildi.

Ma’lumot o‘rnida: hozirgi kunda universitetda 14 ta fakultet, 45 kafedra, 70 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi, 29 ta magistratura mutaxassisliklari mavjud bo‘lib, 13 ming nafardan ortiq talabaga 700 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi saboq berib kelmoqda.