
Muloqot va muomala madaniyati
Muomala madaniyati ko‘pchilik hollarda o‘zaro salom-alik qilish, ahvol so‘rash, oiladagi ahvol bo‘yicha axborotlarga qiziqish ko‘rsatish kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Ammo aslida muomala madaniyati – o‘zga insonga bo‘lgan munosabat madaniyati bilan belgilanadi. Faqat salom-alik qilgandagina emas, balki hayot tartibida, har kunlik hayot tarzida insonga ko‘rsatiladigan hurmatli va e’zozli, samimiy va to‘g‘ri munosabatni anglatadi. Ichki madaniyatga ega bo‘lgan odamgina har turli vaziyatlarda har qanday boshqa insonga nisbatan doimiy to‘g‘ri, samimiy va aniq munosabat ko‘rsata oladi.
Joriy yilning 14-noyabr kuni “Qalqon” guruhi a’zolari bilan tashkil etilgan uchrashuvda muomala madaniyati, odob-axloq qoidalari haqida so‘z bordi. Ta’kidlanidek, shaxs ma’naviyatining uzviy bir bo‘lagi muomala madaniyati bo‘lsa, xulq-atvor, odob-axloq, nutqiy faoliyat tushunchalari uning zamiriga kiradi. Asrlar osha har bir xalqqa xos bo‘lgan, milliy-ma’naviy qadriyatlar yuksak madaniyat ramziga aylangan urf-odatlar, yurish-turish, yashash tarzi barchasi kishi shaxsiyatida aks etishi tabiiy. Tadbirda universitet profilaktika inspektori, kapitan M.Jabbarov, Filologiya fakultetining Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Sh.Akromov ishtirok etdi.