Ilm va muvaffaqiyat sari ilhom baxsh etgan uchrashuv
Matematika va kompyuter ilmlari fakultetida “Yil ayoli – 2025” milliy tanlovi g‘olibi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori Dildora Muhamediyeva ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda Amaliy matematika kafedrasi professor-oʻqituvchilari hamda amaliy matematika va dasturiy injiniring ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talaba-qizlar qatnashdilar. Suhbat davomida professor tomonidan sun’iy intellekt asosida ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashga mo‘ljallangan innovatsion dasturiy loyiha haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, mazkur ishlanma bugungi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, yuqori samaradorlikni namoyon etmoqda. Shuningdek, loyiha xalqaro miqyosda ham e’tirof etilib, GovInsider platformasining “Meet the Women in GovTech 2025” loyihasida alohida taqdim etilgan. Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Uchrashuv samimiy va mazmunli ruhda o‘tdi.