“TalabaExpo – 2026”: yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi
Qarshi davlat universitetida tashkil etilgan “TalabaExpo–2026” kasb koʻrgazmasi doirasida “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Tadbirda Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov, Maktab va maktabgacha taʼlim vazirining oʻrinbosari Farhod Boqiyev va “Oʻzmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot qildilar. Muloqot davomida mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlash, kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashishga qaratilgan tashabbuslar haqida soʻz bordi. Xususan, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish va ularning biznes gʻoyalarini moliyalashtirish tizimi talabalarga batafsil tushuntirildi. Rahbarlar talabalarning murojaatlari, takliflari va ilmiy-ijodiy mulohazalarini tinglab, koʻtarilgan har bir masala yuzasidan amaliy yechimlar belgilanishini taʼkidladilar. Uchrashuv yakunida oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan bitiruvchi yoshlarning loyihalari maʼqullanib, ularga imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish uchun vaucherlar topshirildi. Universitet hududida tartib-intizom va xavfsizlikni taʼminlashda oʻrnak boʻlayotgan oliygohning “Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzosi boʻlgan qizlarga esdalik sovgʻalari berildi.