MUROJAATNOMANING STRATEGIK AHAMIYATI

27-Dekabr 2025, 12:55
Universitet yangiliklari

Davlat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamisha muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etib kelgan. Chunki ushbu hujjat mamlakatning o‘rta va uzoq muddatli taraqqiyoti ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergani bilan ahamiyatli sanalgan. Mamlakatimiz Prezidenti o‘z Murojaatnomasida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va ma’naviy-madaniy sohalardagi islohotlarning asosiy maqsad va vazifalarini ochiq-oydin ifodalab bergan. Hujjatda ilgari surilgan g‘oyalar va tamoyillar ijro hokimiyatining yaqin kelajakdagi faoliyatini muvofiqlashtirish, islohotlarning borishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish imkonini bergan. 

Davlat rahbari Oliy Majlisga va xalqqa murojaat qilarkan, hamisha jamiyatdagi mavjud muammolar, aholini tashvishlantirayotgan masalalar va ularni hal etish yo‘llarini ochiq bayon etgan. Shunga asoslanib aytish mumkinki, Prezidentning Oliy Majlis va mamlakat xalqiga har bir Murojaatnomasi davlat siyosatining konseptual asoslarini aniqlash, jamiyat hayotini strategik rejalashtirish, institutsional hamkorlik, jamoatchilik nazorati va fuqarolar faolligini rivojlantirish imkonini beruvchi dasturilamal bo‘lib kelgan.

Bu galgi Murojaatnoma ham mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichidagi davlat siyosati mazmuni va mohiyatini, amalga oshirilayotgan islohotlar-ning strategik yo‘nalishlarini hamda ularning tub maqsadlarini chuqur anglash imkonini taqdim etdi. Hujjatda bildirilgan g‘oyalar, kun tartibiga qo‘yilgan vazifalar davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy hayot va jamiyat taraqqiyotiga doir masalalarni tizimli va uzviy yondashuv asosida qamrab olgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Murojaatnomada mamlakatning jadal iqtisodiy ravnaqidan darak beruvchi fakt va raqamlar bayoni katta taassurot uyg‘otdi. Davlat rahbarining ta’kidga ko‘ra, bu yili birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan, islohotlarimiz uchun mustahkam moliyaviy baza bo‘ladigan oltin-valyuta zaxiralarimiz 60 milliard dollardan oshdi. Jahonda o‘ta murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan bir vaziyatda eksportimizning 33,4 milliard dollarga, yurt iqtisodiyotiga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmining 43,1 milliard dollarga, ya’ni yalpi ichki mahsulotning 31,9 foiziga teng ulushga yetgani ham g‘urur uyg‘otmay olmaydi.

Prezidentimiz tugab borayotgan yilda aholiga 8 million 100 ming kvadrat metrli, 135 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar topshirilganini, odamlarning o‘zi ham yashash sharoitini yaxshilashi uchun 19 million kvadrat metr maydonda qurilish qilgani, biznes vakillari tomonidan 24 million kvadrat metrlik noturar-joy obyektlari barpo etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, joriy yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushgani, qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqqani, kambag‘allik darajasi esa yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushgani alohida e’tirof etildi. Keltirilgan ma’lumotlar ona yurtimizda fuqarolar turmushi farovonligi-ni oshirish ishlari tendensiyaviy tus olayotganidan dalolat beradi.

Murojaatnomaning o‘qtomirini Prezidentimizning 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ustuvor yo‘nalishdan iborat dastur haqida mulohazalari va tashabbuslari tashkil etdi. Davlat rahbari kelgusi yilda mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi shakllantirish bilan bog‘liq masalalar diqqat markazida bo‘lishini e’tirof etdi. Belgilab berilgan mazkur olti ustuvor yo‘nalish mamlakatni barqaror rivojlantirish, inson qadrini ulug‘lash va fuqarolar farovonligini ta’minlashga qaratilgan yaxlit dastur sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Davlat rahbarining olti ustuvor yo‘nalishdagi vazifalarga doir mulohazalaridan ko‘rinadiki, mamlakat iqtisodiyoti mustahkam poydevorga ega bo‘lgan, jadal rivojlanishga qodir qudratli tizimga aylanib bormoqda. Jonajon Vatanimiz 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga, shu jumladan Navoiyda oltin konlarida ma’dan qazib olish bo‘yicha 320 million dollarlik loyihaga, “Muruntov” konini o‘zlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari bo‘yicha 2 milliard 300 million dollarlik loyihaga, Olmaliq kombinatida 2 milliard 700 million dollarlik loyihaga, “Samarqand kimyo” zavodida 381 million dollarlik investitsiya hisobidan o‘g‘itlar ishlab chiqarish loyihasiga, Qashqadaryoda 200 million dollarlik yangi kimyo zavodi qurilishi loyihasiga start berilishi arafasida turgani aynana shundan dalolat beradi. “Umuman,- deya qo‘shicha qildi davlat rahbari, - 2026-yilda kimyo sanoatida – 4,5 milliard dollarlik; tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida – 3 milliard dollardan; elektrotexnikada – 2 milliard dollarlik; farmatsevtikada – 800 million dollarlik yangi loyihalar boshlanadi”. 

Mamlakatning jadal ravnaqiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar ham davlat rahbarining e’tiboridan chetda qolmadi. Prezidentimiz ana shunday muammolardan biri sifatida korrupsiyani tilga oldi. “Korrupsiya,- deya ta’kidladi u,- davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid”. Murojaatnomada ushbu tahdidni bartaraf etish maqsadida yangi yildan barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etilishi, Hisob palatasi-ning tizimlardagi nopok shaxslarni aniqlashga, budjet mablag‘i talon-taroj bo‘lishining oldini olishga, mansabni suiiste’mol qilinishiga qarshi faoliyatiga yangicha ruhiyat berilishi qayd etildi. 

Yurtimiz Prezidenti korrupsiya kabi ijtimoiy-huquqiy muammolarning bartaraf etilishi sud-huquq tizimining xalqqa yaqinlashtirilishi bilan bog‘liqligiga urg‘u berdi. Shu boisdan yangi yilda odil sudlov jarayoni “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etila boshlanadi, tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari beriladi, odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshiriladi.

Davlat rahbari zamonning o‘zi kasbiy ta’limni rivojlantirish masalasini kun tartibiga qo‘yayotganini uqdirdi. Bu vazifani hal qilish maqsadida yangi yildan boshlab 9-sinf bitiruvchilarini fanlarni o‘zlashtirishi va kasbiy qiziqishiga qarab saralab olish tizimi joriy etilishini, texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangicha muhit olib kirilishini ma’lum qildi. Prezidentimizning ta’kidiga ko‘ra, 2026-yildan boshlab, har yili kamida 100 tadan texnikum to‘liq ta’mirlab boriladi, texnikumlarda Germaniya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilinadi. Ayniqsa, 2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi e’tirofga sazovor. Murojaatnoma oliy ta’lim tizimini zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish, innovatsion tafakkurga ega, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash zaruratini yana bir bor yaqqol ko‘rsatib berdi.

Mamlakat Prezidenti Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oyalar nafaqat davlat idoralari, balki ta’lim muassasalari, ilmiy jamoatchilik oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Xususan, davlat rahbari kun tartibiga qo‘ygan vazifalar universitetlardagi ta’lim mazmunini yangilashni, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishni va xalqaro tajribalarni keng joriy etishni talab qilmoqda. Shuningdek, Murojaatnomada kun tartibiga qo‘yilgan ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar ta’lim muassasalari zimmasiga ma’naviy-ma’rifiy tarbiyani kuchaytirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida kamol toptirish, ularda fuqarolik mas’uliyati, huquqiy madaniyat va ijtimoiy faollikni shakllantirish kabi muhim missiyalarni yuklamoqda. 

Oliy ta’lim nafaqat yigit va qizlarni kasbiy bilimlar bilan qurol-lantiruvchi, balki jamiyatning ma’naviy tayanchi bo‘lgan shaxsni voyaga yetkazuvchi institut sifatida faoliyat yuritishi lozimligi Murojaatnomadagi asosiy g‘oyalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Umuman olganda, mazkur Murojaatnoma nafaqat davlat va jamiyat rivojining ustuvor maqsadlarini aniq belgilab beruvchi dasturiy hujjat, balki oliy ta’lim maskanlari uchun ham strategik yo‘l xaritasi vazifasini o‘taydi. Shu boisdan unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish ta’lim maskanlari jamoalarining diqqat markazida turmog‘i lozim.

 Dilmurod NABIYEV, 
 Qarshi davlat universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor