
Qarshi davlat universiteti va harbiy qism o‘rtasida psixologik hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
14-aprel kuni Qarshi davlat universiteti Psixologiya kafedrasi va Talabalar amaliyoti bo‘limi tashabbusi bilan Mudofaa vazirligiga qarashli 15473-sonli harbiy qism bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Tadbirda Psixologiya kafedrasi mudiri B. Jo‘rayev, Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i B. Primqulov hamda psixologiya yo‘nalishining 2-bosqich talabalari ishtirok etdi. Ushbu hamkorlik harbiy xizmatchilarni xizmat sharoitlariga moslashtirish, ularning ruhiy holatini mustahkamlash va stressga chidamliligini oshirishga qaratilgan. Psixotrening va psixoprofilaktik mashg‘ulotlar aynan shu maqsadda rejalashtirilgan. Tadbir davomida talabalar amaliy bilimlarini sinovdan o‘tkazib, harbiylar bilan jonli muloqotda bo‘lishdi. Mazkur hamkorlik nafaqat talabalar uchun amaliy tajriba maktabi, balki harbiylar uchun ruhiy barqarorlikni ta’minlovchi muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.