Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari bir vaqtning o‘zida davlat organi va tashkiloti rahbarining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘ladi hamda mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra davlat organi va tashkiloti rahbarining o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Shuningdek, qarorda qayd etilishicha, davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatlaridagi axborot xizmatlari xodimlarining soni tegishli idora faoliyatining o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda uning rahbari tomonidan belgilanadi.

Davlat organlari va tashkilotlarining idoraviy va hududiy bo‘linmalari axborot xizmatlari faoliyatini tashkil etish tegishli idoralarning ehtiyojidan kelib chiqib belgilanishi mumkin.

Quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:

davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlariga ularning xizmat majburiyatiga kirmaydigan qo‘shimcha majburiyatlarni yuklashga;

axborot xizmatlarining funksiyalari va vazifalarini davlat organlari va tashkilotlarining boshqa bo‘linmalari zimmasiga yuklashga.

Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari:

axborot xizmatlarining zamonaviy moddiy-texnika vositalari, shu jumladan, televizor, foto- va video yozib olish vositalari, yuqori tezlikdagi Internetdan foydalanish imkoniyati, zarur dasturiy mahsulotlar bilan ta’minlanganligi, shuningdek, malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;

axborot xizmatlari xodimlariga, boshqa to‘lovlardan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda davlat organlari va tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda oylik ustama to‘lashga haqlidir.

Axborotlar davlat organlari va tashkilotlarining veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, mobil messenjerlardagi sahifalarida kuniga kamida bir marta joylashtirilishi va yangilanishi lozim.

Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishish mumkin.