Hamkorlik aloqalari yangi sifat bosqichiga ko‘tarilmoqda

Joriy yilning 29-aprel — 1-may kunlari Belarus Respublikasining Minsk shahrida  o‘tkazilgan Birinchi O‘zbekiston-Belarus professional ta’lim forumining mazmunli davomi sifatida Qarshi davlat universiteti rektori D.X.Nabiyev hamda O‘quv ishlari prorektori A.E.Xolmurodovning Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti rektori I.F.Kiturko tomonidan taklif etilishi -  forumda qo‘yilgan maqsad va vazifalarining amaldagi samarali natijasi bo‘ldi.

2024-yil 2-may kuni Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti  rahbariyati bilan kengaytirilgan muzokaralarda ikki oliy ta’lim muassasalari  o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash xususida so‘z bordi. Muloqot yakunida ilmiy tadqiqotlar va akademik faoliyatga oid ilmiy tajriba va ilmiy ma’lumotlar almashish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari va dasturlarini amalga oshirish, talabalar, magistrlar, professor-o‘qituvchilarining o‘zaro almashinuvini, stajirovkalarni tashkil etish, hamkorlikda darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar nashr etish, sport va madaniy tadbirlarni tashkil etish kabi bir qator muhim masalalar aks etgan hamkorlik shartnomasi yangilangan formatda imzolandi.