"Rektor kubogi" musobaqasi universitet bosqichi boshlandi

22-sentabr 2023
Universitet yangiliklari

Xabar berilganidek, Qarshi davlat universitetida 11-sentyabr kunidan e’tiboran “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi” doirasida sportning futbol, voleybol, mini-futbol, basketbol, stol tennisi va shaxmat turlari bo‘yicha “Rektori kubogi” musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda. Dastlab belgilangan muddat davomida musobaqaning fakultet bosqichlari o‘tkazilib, jamoalar shakllantirildi. Bugun “Rektor kubogi” musobaqasining universitet bosqichiga start berildi.

Ochilish marosimida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O‘.Abdullayev, rektor maslahatchisi A.Jo‘rayev davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, bu borada universitetda yaratilgan sharoitlar va “Rektor kubogi” musobaqasining ahamiyati haqida so‘zlashdi. “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi” doirasida o‘tkazilayotgan “Rektor kubogi” musobaqasi 30-oktyabr kuniga qadar davom etadi. Yakunda muvaffaqiyat qozongan g‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari, qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.  

“Rektor kubogi” musobaqasi universitet bosqichi futbol bo‘yicha shiddatli bellashuv bilan boshlandi. Tarix va Roman-german filologiyasi fakultetlari jamoalari o‘rtasida kechgan qizg‘in uchrashuv 2-1 hisobida tarixchilarning g‘alabasi bilan yakunlandi.