Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas
BMT tashkiloti tomonidan 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni, deb eʼlon qilingan. Ushbu sana butun dunyo boʻylab keng nishonlanadi va bundan asosiy maqsad aqlan va jismonan nuqsoni bor zamondoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir.Ayni kunlarda Qarshi davlat universiteti Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutorlari va talaba-yoshlari tomonidan keksalar, yolg‘izlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy jihatdan ko‘mak berish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, bugun Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutori H.Ibodullayev, amaliy matematika ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabalari Qarshi shahar Mahallot MFY Qumqishloq ko‘chasi 1-uyda yashovchi 1-guruh nogironi N.Kenjayev va Yakkabog‘ ko‘chasi 2-uyda yashovchi 1-guruh nogironi D.Haydarovni yo‘qlab bordilar. Ular bilan samimiy suhbat qurib, sovg‘alar ulashishdi. Salomatligida muammo yoki nuqson bor kishilar, asosan, nogiron yoshlar mehr-muruvvat, e’tiborga muhtoj. Ularni muntazam ravishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash har birimizning chin insoniylik burchimizdir.