0 (375) 225 - 34 - 13               

 

01 / 06

QARSHI DU

QDU

QARSHI DU
02 / 06
03 / 06
04 / 06
05 / 06
06 / 06

Universitet haqida

Ovozlar reytingi:  / 4
SayozZo'r 

1945-yil 1-sentabrda Buxoro birlashgan pedagogika va o‘qituvchilar institutining Qarshi filiali sifatida faoliyat boshlagan mazkur filial 1949-yil 27-oktabrda ikki-yillik o‘qituvchilar tayyorlash institutiga, 1956-yil avgustidan Qarshi davlat pedagogika institutiga aylantirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 11-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 28 fevraldagi “Yangi oliy o‘quv yurtlari tuzilishi haqida”gi Farmonining bajarilishi choralari haqida”gi 125-sonli Qarori bilan Qarshi davlat universiteti maqomi berildi va ta’lim muassasasida shu davr mobaynida mamlakatimiz iqtisodiyoti soha va tarmoqlari uchun 70 ming nafardan ortiq, shundan 30 ming nafarga yaqin malakali kadrlar mustaqillik-yillarida tayyorlandi.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning qabul qilinishi bilan uzluksiz ta’lim tizimi orqali zamonaviy kadrlar tayyorlashning asosi yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi demokratik, huquqiy va fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lidan borayotgan bir paytda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi va harakatga keltiruvchi kuchi har tomonlama rivojlangan barkamol insonni tarbiyalashdan iboratdir.

Universitetda moddiy-texnik bazaning rivojlanishi, Davlat ta’lim standartlarining takomillashtirilishi, reyting tizimining o‘quv jarayoni asosini tashkil etishi, o‘quv adabiyotlari va elektron axborot ta’lim resurslari bilan ta’minlanishning talab darajasida bo‘lishi orqali - yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun mustahkam baza yaratilgan. Mustaqillik ruhini talabalar ongiga singdirish, ozodlik, vatanparvarlik kayfiyatini qaror toptirish o‘tilayotgan har bir darsning asosiy maqsadiga aylantirilgan va o‘quv jarayoni ilg‘or pedagogik texnologiyalar va  axborot  texnologiyalari asosida tashkil etilmoqda.

Universitetda 8 ta: Ijtimoiy fanlar, Filologiya, Xorijiy tillar, Pedagogika, Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim, Fizika-matematika, Tabiiy fanlar,  Jismoniy madaniyat fakultetlari hamda 34 ta kafedrada 590 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatadi. Ilmiy salohiyat 35,5 % tashkil etadi.

Joriy o‘quv-yilida 10134 nafar, shundan: bakalavriaturaning 31 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha – 10000 nafar, magistraturaning 16 ta mutaxassisligi bo‘yicha - 134 nafar hamda 20 nafar tayanch doktorant va 13 nafar mustaqil izlanuvchi tahsil olmoqda.

Universitet qoshida 1 ta akademik litsey faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda "Axborot resurs markazi", "Axborot texnologiyalari markazi", "Noshirlik", "Qatag‘on qurbonlari xotirasi" muzeyi, "Viloyat mintaqaviy til o‘rganish", "Kurash", "Sog‘lomlashtirish", "Tikuvchilik" markazlari mavjud.

O‘quv jarayonini Davlat ta’lim standartlari talab darajasida olib borish maqsadida 17ta o‘quv laboratoriyalari, 6ta lingafon sinflari, ustaxonalar, tajriba ishlab chiqarish maydonchalari tashkil  etilgan.

Universitetda iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. O‘quv-yili davomida mutaxassislik, kompyuter savodxonligi va xorijiy tillardan qo‘shimcha darslar tashkil qilinib jadval asosida muntazam mashg‘ulotlar olib boriladi.

ARMda bepul Internet xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ARMda videokonferensiya qurilmalari mavjud bo‘lib, o‘quv jarayonlarida foydalanilmoqda. ARMda 220 o‘rinli o‘quv zallari mavjud.

Axborot-resurs markazining umumiy kitob fondi 321983tani tashkil etadi. Shundan 70149tasi darslik va 73577tasi o‘quv qo‘llanmalardir. Fond 2018-yilda 4675 dona yangi kitoblar bilan to‘ldirildi.

Ta’limning sifat va samaradorligini oshirish uchun axborot resurs markazida 239 ta fandan elektron o‘quv-uslubiy majmualari jamlangan.

Zamonaviy axborot texnologiyasi va yangi pedogogik texnologiyalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish uchun 18 ta elektron doska, 54 ta videoproektor o‘rnatildi. O‘quv jarayoniga 511 dona kompyuter, dekanat, kafedralar hamda bo‘limlarda 312 ta kompyuterlar foydalanilmoqda. Universitetda 686 dona kompyuter korporativ tarmoq hamda Internet tarmog‘iga ulangan. Hozirgi paytda universitetda foydalaniladigan internet tezligi 122 Mb/s, TASIX zonasidagi internet tezligi 160 Mb/s ni tashkil etmoqda.

Xalqaro hamkorliklar doirasida quyidagi loyihalar amalga oshirilmoqda:

Qarshi davlat universiteti chet el grantlari bo‘yicha 2018-yildagi xalqaro loyihalar doirasida faoliyati Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturining “MAGNET”, “RENES”, “UzDOC 2.0”, loyihalari asosida tashkil etildi.

1. 574253–EPP-1-2016-DE-EPPKA2-CBHE-JP «MAGNET: O‘zbekistonda o‘rta yoshdagilarni kasbiy ta’lim va o‘qitish markazlari tarmog‘ida universitet tayanch hamkor sifatida» loyihasi. Loyiha grantxolderi – Germaniyaning Leypsig Universiteti, loyiha granti – 646,471,00 yevro, QarDU uchun 80 662,00 yevro. Loyiha muddati 15.10.2016-14.10.2018-yilgacha.

Loyihaning maqsadi: Ishsiz o‘rta yosh aholini kasbga yo‘naltirish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish orqali davlatning ijtimoiy siyosatiga ko‘maklashish.

Loyihaning vazifalari: 1.Karyer markazini tashkil etish;

2.Ishsiz o‘rta yosh aholi uchun treninglar o‘tkazish;

3. Karyer markazlari NETWORK faoliyatini tashkil etish.

2. 574055–EPP-1-2016-1-IT-EPPKA2-CBHE-JP «RENES: Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit sohasida magistrlik dasturini ishlab chiqish» loyihasi. Loyiha grantxolderi: Italiya L`Akuila Universiteti, loyiha granti – 850,975,00 yevro, QarDU uchun 83.480,00 yevro, Loyiha muddati 15.10.2016-14.10.2019-yilgacha.

Loyihaning maqsadi: O‘zbekistonda davlat muassasalari/jamiyati, sanoati ekologik va energiya muammolarini mahalliy va mintaqaviy darajada hal qilishga ega bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit sohasidagi muhandisning yangi profilini yaratish.

Loyihaning vazifalari: 1.O‘zbekiston hamkor OTMlarida (QarDU, UrGU, ADU, GulDU, TAYI, TUPU) qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit sohasida mavjud bo‘lgan magistrlik dasturlarini yangilash/qayta ishlab chiqish va yevropaning ECTS tizimidagi yangi magistrlik dasturini kiritish;

2. Barqaror atrof-muhit va qayta tiklanuvchi energiya holatini baholash uchun laboratoriyalar tashkil etish;

3. O‘zbekiston hamkor OTMlari professor-o‘qituvchilarini qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit sohasida salohiyatini oshirish;

4. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit bo‘yicha axborotlarni yetkazishni takomillashtirish bo‘yicha davlat tashkilotlari, korxona, ta’lim muassasalarida o‘quv seminarlarni tashkil etish, ta’lim-innovatsiya-ishlab chiqarish ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish.

573703–EPP-1-2016-1-BE-EPPKA2-CBHE-SP «UzDOC 2.0: O‘zbekiston oliy ta’lim muaassasalarida doktorlik ta’limini sifatini yaxshilash» loyihasi. Loyiha grantxolderi – Belgiyaning UNICAtashkiloti, loyiha granti – 651,017,00 yevro, QarDU uchun 38.185,00 yevro loyiha muddati - 15.10.2016-14.10.2019-yilgacha.

Loyihaning maqsadi: O‘zbekistonda doktorlik ta’limi sifatini modernizatsiyalash va rivojlantirish.

Loyihaning vazifalari: 1.O‘zbekiston hamkor OTMlarda tashkil etilgan doktorantura markazlarini modernizatsiyalashtirish va integratsiyalashtirish;

2. O‘zbekiston hamkor OTMlarning doktorlik ta’limi sifatini oshirish orqali ilmiy salohiyatini yaxshilash va rivojlantirish.

QarDU va BelDU o‘rtasida 2018-yil 20-noyabrda № 249518 sonli hamkorlik shartnomasi imzolanib, 2019-2020 o‘quv-yilida 5110800 - Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi va 44.03.01 – Pedagogik ta’lim. “tasviriy san’at” doirasida ikkitomonlama diplom asosida bakalavrlar tayyorlanadi.

Koreya elchixonasiga qarashli KOICA tashkiloti bilan 2010-yilda shartnoma tuzilgan bo‘lib, universitetda 9 nafar koreys tili bo‘yicha volontyor, 2 nafar, kompyuter texnologiyalari bo‘yicha, 1 nafar tibbiyot bo‘yicha volontyorlar faoliyat yuritib keldilar. 2017-yilnng 19 iyundan 2019-yilning 25-maygacha koreys tili Kim Yong Nam va tibbiyot bo‘yicha Kim Woo Tea, 2018-yil 25 maydan 2020-yilning 27-maygacha tasviriy san’at bo‘yicha volontyor Won Yei Ji universitetda faoliyat yuritmoqdalar. QarDU 2011-yildan Turkmaniston fuqarolariga ta’lim xizmati eksporti bo‘yicha o‘z ishlarini amalga oshirmoqda. 2017-2018 o‘quv-yili holati bo‘yicha jami 48 nafar xorijiy talaba va ulardan 15 nafari muvaffaqiyatli tugatib ketdilar. 2018-2019 o‘quv-yilida 31 bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga va 1 nafar magistraturaga qabul qilindi. Hozirgi kunda 64 nafar xorijiy talabalar tahsil olmoqdalar.

Qarshi davlat universitetida so‘nggi 3-yilda iqtidorli talabalarning 11 nafari Davlat stipendiyalari sovrindorlari, 8 nafari Talabalar Respublika Fan olimpiadalari g‘oliblari, 2 nafari “O‘zbekiston kasaba uyushmalari stipendiyasi” g‘olibi bo‘lishdi. 2018-yil 11-noyabrda talabalarimizdan 2 nafari Novosibirsk davlat universitetida o‘tkazilgan Matematika fanidan Xalqaro onlayn olimpiadasida ishtirok etib, 2 va 3-darajali diplom bilan taqdirlanishdi. Bundan tashqari universitetimiz iqtidorli talabalaridan 17 nafari 30 ga yaqin Xalqaro miqyosidagi va 21 nafari 38 ga yaqin Respublika miqyosidagi tanlov hamda sport musobaqalarida faol ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelishmoqda.

2018-yil Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkazilgan III Paraosiyo o‘yinlarida Jismoniy madaniyat fakulteti sportchi-talabalaridan Toshpo‘latova Shohsanamxon 3 ta oltin, 4 ta kumush medallarini qo‘lga kiritib, 400 metrga erkin suzish bo‘yicha Osiyo rekordi, 100 metrga baterfley usulida suzishda Osiyo rekordi, 100 metrga chalqancha suzish bo‘yicha Osiyo rekordini, Amilova Fotimaxon 4 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 100 metrga brass usulida suzishda Jahon rekordi, 200 metrga kompleks suzish bo‘yicha Jahon rekordini, 100 metrga erkin suzish bo‘yicha Osiyo rekordini, 50 metrga erkin suzish bo‘yicha Osiyo rekordini o‘rnatdi.

Qarshi davlat universitetining “Ziyo” talabalar teatr studiyasi har-yili o‘tkaziladigan respublika ko‘rik-tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Universitet kafedralarining aksariyati akademik litsey, kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik qiladi va kafedralarning filiallari tashkil etilgan.

Hozirgi kunda universitet dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va mamlakatimizning 70ga yaqin oliy ta’lim muassasalari bilan videokonferensiya o‘tkazish imkoniyatiga ega. Jumladan: O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent yuridik instituti, Guliston davlat universiteti, Andijon xalq xo‘jaligi instituti, Farg‘ona davlat universiteti, Nukus davlat universiteti va Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutlari bilan hamda xalqaro miqyosda Angliyaning Shimoliy London universiteti va Fillandiyaning Oulu universitetlari bilan videokonferensiyalar o‘tkazilib kelinmoqda.

________________________________________________________________

© Qarshi davlat universiteti  www.qarshidu.uz 

________________________________________________________________