0 (375) 225 - 34 - 13               

 

01 / 06

QARSHI DU

QDU

QARSHI DU
02 / 06
03 / 06
04 / 06
05 / 06
06 / 06

MEHR-OQIBAT, SAXOVAT VA MURUVVAT AYYOMI

Ovozlar reytingi:  / 0
SayozZo'r 

Muhtaram professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar, qadrli ishchi-xizmatchilar!

Yurtimizga barchamiz orziqib kutgan, go‘zal va dilbar Navro‘zi olam kirib kelmoqda. Ana shu ulug‘ ayyom – sharqona yangi yil bilan universitet jamoasini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Har yili Ona diyorimizda bahor o‘zgacha shukuh, o‘zgacha fayz bilan qarshi olinadi. Negaki,fasllar kelinchagi bo‘lmish ushbu faslda ikki go‘zal bayram borki, ular o‘z fayzu tarovati bilan ko‘ngillarimizga surur bag‘ishlab, hayotimizdan mamnunlik hissini oshiradi. Shu qutlug‘ lahzalarda qadrli jamoamizni farahli ayyomlar bilan qutlash menga olam-olam g‘urur va iftixor baxsh etadi.

Munis onalarimiz, muhtaram ayollarimiz, opa-singillarimiz, aziz qizlarimizni xalqimiz azal-azaldan qadrlab, ularga ehtirom va mehribonlik nazari bilan qarab keladi. Buni Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ayollarimizga yo‘llagan tabriklarida ham alohida qayd etib o‘tdilar: - Bu qutlug‘ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz. Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Darhaqiqat, bugungi kunda ayollarimiz oila bekaligi bilan birgalikda o‘z salohiyati, ilmu tafakkuri, iste’dodi, mehnatsevarligi va shijoatini jamiyatning turli sohalari rivojiga – davlat va jamiyat boshqaruvi, ta’lim-tarbiya sohasi, madaniyat, ilm-fan taraqqiyoti yo‘lidagi murakkab vazifalarni sidqidildan ado etib kelayotganlari quvonarli holdir.

Universitetimizda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar timsolida yurtimiz kelajagining yaratuvchilari, jonkuyarlari va fidoyilarini ko‘rish mumkin. O‘qiyotgan, murabbiylik qilayotgan, ilm bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarda, chindan ham, o‘zbek ayolining go‘zallik va nafosat, ezgulik va fidoyilik kabi olijanob insoniy fazilatlari mujassam ekaniga amin bo‘lamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 fevraldagi “2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi  PQ-3564-sonli qaroriga ko‘ra, yurtimizning barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarida umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazishga qaratilgan, “Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda.  O‘tkazilayotgan tantana va marosimlarda Navro‘z ayyomining qadriyatlari, uning teran falsafalari chuqur aks etishiga alohida e’tibor qaratilayotgani barcha yurtdoshlarimiz qalbiga behad minnatdorlik, shukronalik va mamnuniyat baxsh etayotganini e’tirof etishimiz lozim.

Bugun yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, bayramona ruh, bayramona kayfiyat hukm surmoqda. Mehnatsevarlik, tinchlikparvarlik, bunyodkorlik hissi bilan yashayotgan xalqimiz aziz va mo‘tabar bayramlardan biri hisoblangan Navro‘z ayyomini ko‘tarinki ruh bilan nishonlamoqda.El-yurtimizdagi aziz insonlar bir-birlarini qutlab, dala va qirlar, bog‘ va maydonlarda Navro‘z bayramini shodu xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayil-tomoshalar qilmoqdalar.

Navro‘z tabiat va insoniyatning o‘zaro uyg‘un hayoti, el-ulus qalbida yaratish, bunyodkorlik hislarini o‘zida mujassam etgan eng qadimiy va sevimli, haqiqatan, umumxalq bayrami sifatida qadrli, har bir xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan aziz va suyuklidir.

Navro‘zni minglab yillar davomida o‘zining chuqur mazmun-mohiyati va falsafasi bilan hayotimizda alohida o‘rin olgan, yasharish va yangilanish pallasi, sharqona yilboshi sifatida ardoqlaymiz. Bu go‘zal pallada tabiat uyg‘onishi, olamning rangin tusga kirishidan qalbimiz pok niyatlarga to‘lib, butun vujudimizda ezgu sa’y-harakatlar jo‘sh uradi.

Navro‘z insonlarning ko‘ngil rishtalarini bir-biriga mustahkam bog‘lovchi, dillarni dillarga payvand etuvchi, birodarlik hissini junbishga keltiruvchi ulug‘ ayyomdir. Ta’kidlash joizki,o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda.

Navro‘z shodiyonalari ona yurtimizda asrlar davomida shakllangan saxovatpeshalik, ona tuproqqa mehr tuyg‘ularining tantanasi, bir yillik bunyodkorlik ishlarining debochasidir. Ulug‘ ayyom arafasida yurtimizda, jumladan, universitetimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari ko‘zni quvontiradi. Professor-o‘qituvchilarimiz va talabalarimiz ham ana shunday xayrli ishlarga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.

Xalqimizda shunday gap bor: Yil boshi – Navro‘z oldidan qilingan yaxshi niyat, albatta ijobat bo‘ladi. Ishonamanki, joriy yilda ham astoydil, sidqidildan mehnat qilib, oldimizga qo‘ygan barcha ezgu niyatlarimiz hamda eng oliy maqsadlarimizga, albatta, erishamiz.

            Qadrli universitet jamoasi! Barchangizni Navro‘z ayyomi bilan yana bir bor tabriklab, qalbimdagi eng samimiy tilaklarimni izhor etaman. Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin! Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin! Barchamizning ezgu orzu-niyatlarimiz ushalsin! Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Navro‘zi olam, barchamizga muborak bo‘lsin!

B.A.SHOIMQULOV,

 universitet rektori

________________________________________________________________

© Qarshi davlat universiteti  www.qarshidu.uz 

________________________________________________________________