Universitet haqida

1945 yil 1 sentyabrda Buxoro birlashgan pedagogika va o`qituvchilar institutining Qarshi filiali sifatida faoliyat boshlagan mazkur filial 1949 yil 27 oktyabrda ikki yillik o`qituvchilar tayyorlash institutiga, 1956 yil avgustidan Qarshi davlat pedagogika institutiga aylantirilgan. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 11 martdagi“O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 28 fevraldagi “Yangi oliy o`quv yurtlari tuzilishi haqida”gi Farmonining bajarilishi choralari haqida”gi 125 -sonli Qarori bilan Qarshi davlat universiteti maqomi berildi va ta‘lim muassasasida shu davr mobaynida mamlakatimiz iqtisodiyoti soha va tarmoqlari uchun 61567 nafar, shundan 27626 nafar malakali kadrlar mustaqillik yillarida tayyorlandi.

“Ta‘lim to`g`risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning qabul qilinishi bilan uzluksiz ta‘lim tizimi orqali zamonaviy kadrlar tayyorlashning asosi yaratildi. O`zbekiston Respublikasi demokratik, huquqiy va fuqarolik jamiyatini qurish yo`lidan borayotgan bir paytda ta‘lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi va harakatga keltiruvchi kuchi har tomonlama rivojlangan barkamol insonni tarbiyalashdan iboratdir.

Universitetda moddiy-texnik bazaning rivojlanishi, Davlat ta‘lim standartlarining takomillashtirilishi, reyting tizimining o`quv jarayoni asosini tashkil etishi, o`quv adabiyotlari va elektron axborot ta‘lim resurslari bilan ta‘minlanishning talab darajasida bo`lishi orqali - yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun mustahkam baza yaratilgan. Mustaqillik ruhini talabalar ongiga singdirish, ozodlik, vatanparvarlik kayfiyatini qaror toptirish o‘tilayotgan har bir darsning asosiy maqsadiga aylantirilgan va o‘quv jarayoni ilg‘or pedagogik texnologiyalar va  axborot  texnologiyalari asosida tashkil etilmoqda.

Universitetda 7 ta: Tarix va ijtimoiy fanlar, O’zbek filologiyasi, Xorijiy tillar, Pedagogika, Fizika - matematika, Tabiiy fanlar, Jismoniy madaniyat fakultetlari hamda 28 ta kafedrada 566 nafar professor-o`qituvchilar faoliyat ko`rsatadi. Ilmiy salohiyat 35,5 % tashkil etadi.

2015-2016 o`quv yilida 5819 nafar, shundan: bakalavriaturaning 32 ta ta‘lim yo`nalishlari bo`yicha – 5712 nafar, magistraturaning 13 ta mutaxassisligi bo`yicha - 102 nafar hamda 5 nafar KIXL tahsil olmoqda.

 Universitet qoshida 4 ta akademik litsey faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda "Axborot resurs markazi", "Axborot texnologiyalari markazi", "Noshirlik", "Viloyat mintaqaviy til o`rganish", "Nasaf va Kesh", "Kurash", "Sog`lomlashtirish", "Tikuvchilik" markazlari mavjud.

O‘quv jarayonini Davlat ta‘lim standartlari talab darajasida olib borish maqsadida 46 ta o`quv laboratoriyalari, ustaxonalar, tajriba ishlab chiqarish maydonchalari tashkil  etilgan.

Universitetda iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. O‘quv yili davomida mutaxassislik, kompyuter savodxonligi va xorijiy tillardan qo‘shimcha darslar tashkil qilinib jadval asosida muntazam mashg‘ulotlar olib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta‘lim vazirligi Hay‘atining 2010 yil 17 apreldagi “Oliy ta‘lim tizimida o`quv jarayoni va o‘quv-uslubiy faoliyatni modernizatsiyalash hamda innovatsion ta‘lim texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi 3/1-sonli qarori ijrosi bo‘yicha har o‘quv yili boshida “Birinchi kurs maktabi” seminar-treninglari o‘tkazilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi "Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta‘minlashni tashkil etish to`g`risida" gi PQ — 381 sonli qarori bilan Qarshi davlat universiteti axborot-resurs markazi (ARM) faoliyati yo`lga qo`yilgan: 1-ARM (universitet tasarrufidagi kutubxona asosida) universitet hududida; 2-ARM (Koson tumani Markaziy kutubxonasi va 3 ta tarmoq kutubxonalari asosida) Koson shahrida faoliyat olib boradi. ARMlar qoshida elektron kutubxona tashkil etilgan bo`lib, 29 ta kompyuter, 3 ta skaner, 2 ta printer va nusxa ko`chirish apparati hamda boshqa orgtexnikalar bilan jihozlangan. ARMda bepul Internet xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ARMda videokonferensiya qurilmalari mavjud bo`lib, o‘quv jarayonlarida foydalanilmoqda. ARMda 220 o‘rinli o‘quv zallari mavjud. 

Axborot-resurs markazining umumiy kitob fondi 553950 tani tashkil etadi. Shundan 243920 tasi darslik va o`quv qo`llanmalardir. Fond 2015 yili 3279 dona yangi kitoblar bilan to`ldirildi.

Ta‘limning sifat va samaradorligini oshirish uchun axborot resurs markazida 618 ta fandan elektron o‘quv-uslubiy majmualari jamlangan.

Zamonaviy axborot texnologiyasi va yangi pedogogik texnologiyalarini o`quv jarayoniga tatbiq etish uchun 30 ta elektron doska, 54 ta videoproektor talaba bilimini nazorat qilish uchun 2 ta “O`qituvchi-60” majmuasi, 45 dona oxirgi rusumdagi kompyuterlar va Xorijiy tillar fakultetida til o`rganish uchun 2 ta lingofon sinflar o`rnatildi. O`quv jarayoniga 303 dona kompyuter, dekanat, kafedralar hamda bo‘limlarda 100 dan ortiq kompyuterlar foydalanilmoqda. Universitetda 352 dona kompyuter korporativ tarmoq hamda Internet tarmog‘iga ulangan. Hozirgi paytda universitetda foydalaniladigan internet tezligi 6 Mb/s, TASIX zonasidagi internet tezligi 30 Mb/s ni tashkil etmoqda.

 Qarshi davlat universitetining xalqaro hamkorliklari O‘zbekistonda faolyait yuritadigan elchixonalarga qarashli quyidagi xalqaro tashkilotlar va Tempus dasturi loyihalari asosida amalga oshirildi:

  • Koreyaning KOICA tashkilotining “Volontyorlar dasturi”,
  • Buyuk Britaniyaning (British Council)  “PRESETT dasturi”,
  • Germaniya elchixonasiga qarashli DAAD tashkiloti va 
  • Toshkentdagi Gyote instituti filiali 
  • Fransiya elchixonasiga qarashli Fransiya alyansi
  • 1996 yil 10 yanvardagi Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikalari o‘rtasida ilm, fan, madaniyat sohasidagi hukumatlararo bitimga muvofiq xorijiy (Turkmaniston) fuqarolariga ta’lim xizmatini ko‘rsatish;
  • TEMPUS dasturining 516996-TEMPUS-1-2011-1-GB-TEMPUS SMGR “QAPD” Yetakchi akademik liderlarning kasbiy malakasini oshirish orqali ta’limda sifat tizimini takomillashtirish»;
  • 544134-TEMPUS-1-2013-1-BE-TEMPUS-SMGR «UzDOC: O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida doktorlik ta’limining sifatini oshirish» loyihalari orqali amalga oshirilmoqda.

        Qarshi DUning KOICA tashkiloti bilan  hamkorligi O‘zbekiston hamda Koreya respublikalari o‘rtasida 1992 yil 17 iyundagi ilmiy-texnik hamkorliklar haqidagi hukumatlararo Bitimga muvofiq 2010 yil 21 yanvardan boshlangan.

  • Volontyorlar dasturi bo‘yicha hozirga qadar universitetda 8 ta volontyor faoliyat ko‘rsatdi, ya’ni 6 ta koreys tili bo‘yicha - Park Jungeun, Li Jeongyun, Park Yonsuk, Cho Gyongxva, Xvan Dukran, Kim Myong Ji va kompyuter texnologiyalari bo‘yicha  2 ta volontyorlar -Kim Xyonjin, Chu A Ran.
  • Ushbu tashkilot bilan hamkorlikda 2011 yil yanvar-may oylarida “Koreys tili markazi”ni tashkil etish bo‘yicha 10 000 AQSH dollari mablag‘ida loyiha amalga oshirildi.
  • Kompyuter texnologiyalari bo‘yicha volontyor Kim Xyon Djin tomonidan  20 000 AQSH dollar hajmida “Kompyuter texnologiyalar kabineti jihozlash” bo‘yicha loyiha ishlari amalga oshirildi.

         Tempus dasturi loyihalari bo‘yicha 2ta loyiha ishlarini amalga oshirdi.

1. TEMPUS dasturining 516996-TEMPUS-1-2011-1-GB-TEMPUS SMGR «QAPD: Yetakchi akademik liderlarning kasbiy malakasini oshirish orqali ta’limda sifat tizimini takomillashtirish» loyihasi. (Loyiha koordinatori: London Metropolitan Universiteti (Buyukbritaniya) Loyiha budjeti 869.611 yevro (shundan 50,700 yevro QarshiDU) Loyihaning muddati 3 yil (15.10.2011- 15.10.2014 yy).

      Loyiha bo‘yicha universitetda  quyidagi ishlar amalga oshirildi:

  • Ta’lim sifati markazi tashkil etildi.(Rasmiy ochilishi 2013 yil 14 noyabrda o‘tkazildi).
  • Ta’lim sifati markazida o‘quv seminarlari tashkil etish maqsadida 10dan ortiq  mavzular bo‘yicha seminar-treninglar modullari ishlab chiqildi.
  •  TSM faoliyati uchun  kompyuterlar Internet tarmog‘iga ulandi;
  •  Universitetning TSM  faoliyati haqida viloyat “Qashqadaryo” televideniyesida loyiha a’zolari tomonidan muntazam intervyular berildi.

2. 544134-TEMPUS-1-2013-1-BE-TEMPUS-SMGR  UzDOC: O‘zbekiston oliy ta’lim muassalarida doktorlik ta’limining sifatini oshirish loyihasi. (Loyiha koordinatori: UNICA Yevropa Poytaxt universitetlar assotsiatsiyasi  (Brusell) Loyiha budjeti 683.632,63 yevro; (49476,8 yevro Qarshi DU uchun)  Loyihaning muddati 3 yil (1.12.2013- 30.11.2016 yy).

 Loyiha bo‘yicha universitetda  quyidagi ishlar amalga oshirildi:

  • 2015 yil 9-15 aprelda Ispaniyaning Granada universitetida loyiha bo‘yicha tashkil etilgan seminarda  universitetdan Fiziologiya kafedrasi dotsenti A.Qurbonov, Xalqaro bo‘limi boshlig‘i N.Azizova, Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi N.Jumayevalar ishtirok etdilar.
  • 2015 yil 3 iyun kuni Yevropa Poytaxt universitetlar assotsiatsiyasi (UNICA) raisi Kris  Dejonskeri hamda Yevropa doktorlik dissertatsiyasi eksperti raisi Melita Kovachevich universitet rahbariyati, doktorantlari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

   Universitetda Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikalari o‘rtasida ilm, fan, madaniyat sohasidagi hukumatlararo bitimga (10.01.1996 y.) muvofiq xorijiy (Turkmaniston) fuqarolariga ta’lim xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha ishlar amalga oshirmoqda.

2011 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan muddatda universitetda qabul qilingan xorijiy (Turkmaniston) talabalar soni 55 nafarni tashkil etdi. 2015-2016 o‘quv yilida 12 nafar talaba qabul qilindi. Turkmaniston fuqarolari universitetning 6 ta fakultetida (Tabiiy fanlar-14 ta, Fizika-matematika-4 ta, Tarix va ijtimoiy fanlar -3 ta, Xorijiy tillar -9 ta, Jismoniy madaniyat -19 ta, Pedagogika -6 ta) tahsil olmoqda. 

So‘nggi 3 yilda iqtidorli talabalardan 1 nafari Zulfiya mukofoti, 9 nafari Davlat stipendiyasi(Ulug‘bek, Navoiy) va 6 nafar talaba Respublika Fan olimpiadalarining g‘olibi bo‘lishgan. Oxirgi 2 yilda “Qarshi davlat universiteti stipendiyasi” ta’sis etilib, unda 20 nafar iqtidorli talabalar ushbu stipendiyaga loyiq deb topildilar. 

Universitet kafedralarining aksariyati akademik litsey, kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik qiladi va kafedralarning filiallari tashkil etilgan.

 

Hozirgi kunda universitet dunyoning nufuzli oliy ta‘lim muassasalari va mamlakatimizning 70 ga yaqin oliy ta‘lim muassasalari bilan videokonferensiya o‘tkazish imkoniyatiga ega. Jumladan: O`zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent yuridik instituti, Guliston davlat universiteti, Andijon xalq xo`jaligi instituti, Farg`ona davlat universiteti, Nukus davlat universiteti va Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutlari bilan hamda xalqaro miqyosda Angliyaning Shimoliy London universiteti va Fillandiyaning Oulu universitetlari bilan videokonferensiyalar o‘tkazilib kelinmoqda.

JoomShaper