Ilmiy kengash

 Qarshi davlat universiteti Ilmiy kengashi to‘g‘risida

NIZOM

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi (1997 yil), “Kadrlar tayyorlash milliy Dasturi to‘g‘risida”gi (1997 yil) Qonunlariga hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2011 yil 3 dekabrdagi 487-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasasining Ilmiy kengashi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, universitet Ilmiy kengashi faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

 

I. Umumiy qoidalar

1. Nizom bo‘yicha Ilmiy kengash tarkibiga quyidagilar kiradi: rektor (rais), prorektorlar, fakultet dekanlari, universitetga biriktirilgan akademik litseylar rahbarlari, mutaxassis chiqaruvchi kafedralar mudirlari, shuningdek, talabalar va xodimlar kasaba uyushmalarining vakillari. Ilmiy kengashning boshqa a’zolari fakultetning umumiy majlisi yoki Ilmiy kengashda  yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadilar. Professor-o‘qituvchilar tarkibidan Ilmiy kengashga saylanuvchi a’zolarning soni rektorning buyrug‘i bilan belgilanadi. Ilmiy kengash tarkibiga oliy ta’lim muassasasining muayyan yo‘nalishi muammolari bo‘yicha ishlovchi, yirik olim va mutaxassislar, viloyat xalq ta’limi, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmalari rahbarlari kiritilishi mumkin. Vakolat muddati 5 yil.

2. Ilmiy kengash tarkibi oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Har o‘quv yilining boshida, har xil sabablarga ko‘ra Ilmiy kengash tarkibidan chiqqanlar o‘rniga yangi a’zolar saylanadi va Nizom bo‘yicha kiritiladi.

II. Ilmiy kengashning maqsad va vazifalari

3.  Ilmiy kengashning maqsadi – oliy ta’lim muassasasi jamoasining sa’y-harakatlarini quyidagi masalalarni bajarishga qaratilgan faoliyatini birlashtirish hisoblanadi. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturini amalga oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiya va kompyuterlashtirish asosida yuqori sifatli bakalavr va magistrlar tayyorlashni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, oliy ta’limning davlat ta’lim standarti talablari darajasida mukammal bilim, malaka va ko‘nikmalariga ega bo‘lgan professional mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirishdan iborat. Yoshlarda vatanparvarlik, fuqarolik, o‘z vatani bilan faxrlanish, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy xususiyatlarni shakllantirish.

4. Universitet Ilmiy kengashi:

- “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”ga muvofiq davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarining bajarilishini ko‘rib chiqadi hamda ustuvor masalalar bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar belgilaydi.

- fakultetlarning o‘quv, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini, shuningdek, universitetga biriktirilgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitib boradi, qabul natijalari to‘g‘risida qabul komissiyasining, xalq xo‘jaligining bitiruvchi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji, buyurtmalar bilan aloqalar to‘g‘risida marketing xizmatlaridan hisobotlarni eshitiladi;

- ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejalari ijrosi, professor-o‘qituvchilar tarkibini malaka oshirish  va qayta tayyorlash masalalarini muhokama qiladi;

- xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;

- fakultet va kafedralarni ochish, tugatish, o‘zgartirish, shuningdek, marketing xizmati takliflarini hisobga olgan holda yangi bakalavriat yo‘nalishlar va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish yoki to‘xtatish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qaror qabul qiladi;

- darslik, o‘quv qo‘llanma va ilmiy, o‘quv-uslubiy adabiyotlarni tayyorlash va nashr etish masalarini ko‘rib chiqadi;

- “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risi”gi Nizomga muvofiq, professor-o‘qituvchilar lavozimlarini egallash uchun tanlovlar o‘tkazadi;

- professor, dotsent ilmiy unvonini olishga intilayotgan izlanuvchilarning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va belgilangan tartibda ilmiy unvonga tasdiqlashga taqdim etadi;

- ta’lim muassasasi bitiruvchilari hamda professor-o‘qituvchilarining ingliz tilini bilishlarini ta’minlash va kompyuter texnologiyalari, internetdan foydalana olishlari bo‘yicha tayanch ko‘nikmalarni shakllantirish masalalarini muhokama qiladi va chora-tadbirlar belgilaydi;

- ta’lim jarayonining o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganligi, yangi avlod darslik va o‘quv qo‘llanmalari, shuningdek, innovatsion ta’lim texnologiyalarini qo‘llashga asoslangan o‘quv-uslubiy majmualarini tayyorlash masalalarini muhokama qiladi;

- stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchi va katta ilmiy xodim-izlanuvchi institutlariga nomzodlarni tavsiya etadi, ularning shaxsiy rejalari va dissertatsiya mavzularini tasdiqlaydi;

- iqtidorli talabalar safidan va professor-o‘qituvchilar tarkibidan nomzodlarni “Iste’dod” jamg‘armasi orqali xorijiy oliy ta’lim muassasalarida stajirovka o‘tishga tavsiya etadi;

- oliy ta’lim muassasasi iqtidorli talabalari va magistrantlari safidan o‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi va nomli Davlat stipendiyalari tanlovida ishtirok etadigan nomzodlarni tavsiya etadi;

- ta’lim xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi kichik korxonalar, firma va kurslar faoliyati haqida rahbarlarning hisobotlarini eshitadi;

- “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi bilan hamkorlikda talabalar jismoniy tarbiyasi va ularning sog‘liklarini yanada yaxshilash bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqadi;

- asosiy buyurmachi tashkilot, korxona va muassasalar bilan korporativ hamkorlikni rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda talabalarning malakaviy amaliyoti samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qiladi vaularni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;

- oliy ta’lik muassasasi talabalari va xodimlarining texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasini takomillashtirish bo‘yicha tadbirlarni belgilaydi;

- oliy ta’lim muassasasi rivojlanishining yillik va istiqbolli rejalarini tasdiqlaydi, moddiy-texnik ta’minot moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalarini muhokama qiladi.

III. Ilmiy kengash faoliyatini tashkil etish

5. Ilmiy kengash o‘z faoliyatini har o‘quv yili uchun ishlab chiqiladigan rejaga muvofiq amalga oshiradi. Ilmiy kengash rejasi Ilmiy kengash tomonidan ko‘rib chiqilgandan so‘ng universitet rektori tomonidan tasdiqlanadi.

6. Oliy ta’lim muassasasining o‘quv, ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy va tashkiliy ishlarga doir barcha masalalari bo‘yicha Ilmiy kengash qarorlari ochiq ovoz berish tartibida ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ilmiy kengash majlisi uning tarkibidagi a’zolarning 2/3 qismi ishtirok etgandagina haqiqiy hisoblanadi.

Professor-o‘qituvchilar tarkibi lavozimlarini egallash hamda dotsent ilmiy unvonlarini berish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovlar va taqdimnomalar yuzasidan qarorlar yopiq ovoz berish yo‘li bilan belgilangan tartibda qabul qilinadi.

7. Ilmiy kengash qarorlari oliy ta’lim muassasasining rektori tasdiqlagandan so‘ng kuchga kiradi.

8. Ilmiy kengashning majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomalar Ilmiy kengash raisi va Ilmiy kengash kotibi tomonidan imzolanadi.

9. Ilmiy kengash raisi muntazam ravishda Ilmiy kengash qarorlarining bajarilishi bo‘yicha tekshiruvlar tashkil etadi va Ilmiy kengash a’zolariga ularning natijalari haqida axborot beradi.

 

Ushbu Nizom Qarshi davlat universiteti Ilmiy kengashining

 2012 yil 2 martdagi 8-sonli yig‘ilish qarori bilan ma’qullangan

JoomShaper