“Eng yaxshi insho” ko‘rik tanlovi

Qarshi DU O‘zbek filologiyasi fakulteti 1-bosqich 015-11 guruh talabasi Abatov Doston Ro‘zimurod o‘g‘li

 

 

 

 

 

 

 

“Men diniy ekstremizm va terrorizm tahdidini qanday tushunaman”

Reja:

  1. Diniy ekstremizm va terrorizm insoniyat dushmanidir.
  2. Har qanday jaholatni ma’rifat mag‘lub etadi.
  3. Ne’matlar ichida eng ulug‘i – tinchlikdir. 

Baqo ayvoni ko‘p oliy emastur,

Havodisdin jahon xoli emastur.

(A.Navoiy.) 

         Dunyo yaralibdiki, insoniyat go‘zallikka intilib yashaydi, bir siqim tuproqdan ham butun bir go‘zallikni yarata oladi, ariq qazib suv chiqaradi, nihol ekib hosil oladi, mehnat qilib rohatda yashashga harakat qiladi. Inson butun bir koinot sirlarini o‘rganishga kirishdi va qaysidir ma’noda o‘rgana oldi ham. O‘zining ong-u tafakkuri bilan yaratiqlar ichidagi eng oliy mahluqot ekanligini isbotlashga intildi. Mamlakatimiz mustaqillik bayrog‘ini qo‘liga olgach, qisqa muddat ichida quloch yozib, rivojlana boshladi. Mamlakatimiz yigirma besh yil davomida har tomonlama yuksaldi. O‘zining azal-azaldan mavjud bo‘lgan qadriyatlarini, o‘lmas an’analarini, millat sifatidagi nomini hamda ilm-u tafakkuri bilan dunyoga nom taratgan buyuk ajdodlarining nomini tikladi va abadiyatga muhrladi. Mustaqillik sharofati bilan muqaddas dinimizga alohida e’tibor berildi. Dindorlarimizga shart-sharoitlar yaratildi. Yoshlarimiz ilm-u hunarni ixtiyoriy tanlab Vatan taraqqiyoti, uning ravnaqi va baxt-u iqboli uchun xizmat qilishga bel bog‘ladi. Biroq oramizda shunday insonlar paydo bo‘ldiki, ular na iymonni, na vijdonni, na onani va na Vatanni biladi. Ular so‘zsiz gumrohlardir. Shukrona aytib yashaydigan bu zamonda ochiq ko‘zlari bilan ko‘rib turib o‘z yaqinlari hamda vatandoshlari hayotiga bolta uradigan bunday nokaslar borligi, shubhasiz, insonda nafrat uyg‘otadi. Barcha inson ham onadan yalang‘och tug‘ilib, yalang‘och bo‘lib bu dunyoni tark etishi isbot talab qilmaydigan haqiqat-ku! Dinni niqob qilib, o‘zini-o‘zi portlatish, oq sut bergan munis onaning siynasiga hanjar urish, o‘zini shaytonning manfaati uchun qurbon qilish terrorizm emasmi?!

        Joynamoz ustiga oyoq bilan chiqib bosh urib namoz o‘qish, aroqqa to‘yib olib Qur’onni tilovat qilish, birovlarning qonini to‘kib lazzatlanish, yoshlarga dinni o‘rgatish vajida o‘zlarini jihodchilar deb, Islom uchun jang qilish kerak deya onasidan bolasigacha, qarisidan yoshigacha qilichdan o‘tkazish, qilmishlari qon to‘kish va zo‘ravonlik bo‘lgan bu kimsalarning qilmishlari diniy ekstremizm va terrorizm bo‘lmay nima?!

         Urushlar barcha zamonlarda bo‘lgani kabi bugungi kunda ham davom etmoqda, faqat bu urushlarning shakli va mohiyati o‘zgargan xolos. Bugungi kunda muqaddas dinimizga qiziqish ortib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan biri dinimizning haqqoniyligi va ezgulikka yo‘g‘rilganligidir. Ammo dinimizni niqob qilgan “al-Qoida”, “Musulmon birodarlar”, “Hizbut-tahrir” singari tashkilotlar borki, ularning vakillari Islomdan yiroq, Alloh la’natlagan “mo‘min”lardir. Yurtboshimiz aytganidek, jamiyatning qayeridadir bo‘shliq bo‘lsa, uni to‘ldirishga harakat qiladigan kuchlarning paydo bo‘lishi hech kimga sir emas. Hazrat Ali o‘z bashoratlaridan birida shunday deydi: “Qachon qora bayroqlarni ko‘rsangiz, uyingizdan jilmang. Qo‘llaringiz va oyoqlaringizni qimirlatmang. So‘ng zaif bir qavm chiqadi. Ular e’tiborga sazovor emaslar. Ularning qalblari temirning zangiga o‘xshaydi. Ular mol-mulk sohiblaridir. Ahdga ham, va’daga ham vafo qilmaslar. Haqqa chaqirurlar, lekin o‘zlari haq ahlidin emaslar. Ismlari laqablardan iborat. Nisbatlari esa qishloq va shaharlargadir. Sochlari ayollarning sochiga o‘xshab osilib turadi. Ular oxiri borib o‘zaro ixtilof qiladilar va haqiqat qaror topadi”. Ushbu bashorat xuddi bugungi terrorchi guruhlardan biri ISHID ga nisbatan aytilgandek. To‘g‘ri, bu terrorchi guruhlar qachondir tugashi aniq. Biroq oramizdan ketgan qanchadan qancha begunoh insonlarni endi qaytarishning iloji yo‘q. Vayronakor g‘oyalarni o‘zida mujassamlashtirgan bu kuchlarni o‘zimizdan uzoqlashtirmog‘imiz uchun ma’naviyatimizni shakllantirmog‘imiz shartdir. Ma’naviyat shunday kuchga egaki, u insonni ruhan poklanish, qalban uyg‘onishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining me’zonidir. Muqaddas dinimizning har bir farzini bajarish har bir muslum va muslimaning burchidir. Ammo unutmaslik kerakki, Alloh qalbimizda, yuragimizdadir. Har qanday jaholat zulmatini, ma’rifat chirog‘i yorita oladi. Zero, har qanday jinoyat jazoga mahkumdir. Axir hech qaysi muqaddas dinda qon to‘kish degan tushuncha bo‘lmasa kerak, albatta. Lekin inson bo‘la turib, insonning qiylu-qonini elaydigan insonlar ham yo‘q emas. Chunki ular qalb Allooh mulki ekanligini bilishmaydi. Dunyoni go‘zallik va ma’rifat qutqaradi. Bular esa qayerda tinchlik bo‘lsa, o‘sha joyda mavjuddir. Alisher Navoiy o‘z hikmatlaridan birida shunday deydi: “Inson shunchalik sharafliki, agar u o‘zining yomon odatlaridan qutilib, Fir’avn kabi zulm-u sitamga berilmasa, Muso Allayhissalom kabi ezgu sifatlarga oshno bo‘ladi”. Yurtboshimiz o‘z ma’ruzalaridan birida shunday deydi: “Agar bizning xalqimizdan sizlarga nima kerak deb so‘rashsa, shubhasiz, tinchlik deb javob berishiga ishonaman”. Dinning otashi yuzini kuydirishidan qo‘rqmaydigan, insof haqida gapirsa Allohni tilidan qo‘ymaydigan, so‘zi yaltiroq, ichi qaltiroq qo‘shtirnoq ichidagi imomlar jismi bor-u joni yo‘q yog‘och kabidir. Shu narsaga ishonchim komilki, suvga suyangan bu kimsalar, albatta, cho‘kadi. Diniy ekstremizm va terrorizm deb atalmish insoniyat ajalini ilm-u tafakkurimiz, ma’rifatimiz, sabr-u qanoatimiz bilan mag‘lub etamiz. Ey Vatan farzandi, mo‘min yurtdoshim, aslo yurgan yo‘lingdan adashma. Ko‘nglingga va yo‘lingga Alloh nuri yog‘ilsin, zulm-u zalolatdan tamoman yiroq bo‘l. Agar sen o‘zingni musulmonman, mo‘minman desang, o‘zingni faqat ezgu ishlarga chog‘la. 

 

 Qarshi DU Xorijiy tillar fakulteti Ingliz tili va adabiyoti yo'nalishi talabasi Saidova Sadoqat

 

 

 

 

 

 

 

“BIZ YOSHLAR TERRORIZMGA QARSHIMIZ”

REJA: 

1) Terrorizm – asr illati.

2) Yuksak ma’naviyat - terrorizmning kushandasi.

3) Biz terrorizmga qarshimiz.

Inson hamisha ozodlikka, tenglikka , xurriyatga intilib yashaydi va bunga barcha zamonlarga ehtiyoj sezadi. Har bir inson o‘zini erkin his qilishga, shod-u xurram umr kechirishga , o‘z orzu umidlarini ro‘yobi yo‘lida tinimsiz mehnat qilishga o‘z taqdirini bexavotir, o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona yurti qo‘ynida kamol topishga intiladi.

Binobarin , tinchlik, erkinlik, ozodlik ─ bu oliy ne’mat , yuksak qadriyat bo‘lishi barobarida har bir Vatan mehrini tafti va nuri ila yashagan inson tabiatning gultojidir.

Demak , tinch va osuda yurtlar , mamlakatlar qo‘ynida to‘ylar, bayramlar yarashadi, go‘daklar kulgisidan olam charaqlaydi. Ota-onalarimiz bobo-buvilarimiz qalblaridan bizni dunyo balolaridan asraguvchi duolar o‘qiladi, saodatga eltuvchi kuch milliy ma’naviyatga ega bo‘lgan yoshlarimiz hayot zavq ,shavqi ila yashaydilar, dunyo yuzini ko‘rmoqchi bo‘lgan ulug‘ , ajoyib kashfiyotlar , ixtirolar yuzaga keladi, ilm - ma’rifat yuksak maqsadlar ezgu niyatlar ro‘yobida mehnat qiladilar, izlanadilar. Tinch, ozod va osuda mamlakatlarda yashash va sururi ana shunday o‘zgacha.

Bugungi kunda qalbimizni vayron etuvchi, asriy qadriyatlarimizga, ma’naviy-ruhiy dunyomizga ta’sir etuvchi yovuz kuchlar paydo bo‘ldi-yu, tinchligimizga, ozodligimizga xavf solib turgan terrorizm ─ asr illati tahdidlari, ularning shakl- ko‘rinishlari qalbimizga nafrat urug‘ini qaday boshladi. Eng xavotirlisi, yoshlarimiz ongidagi bo‘shliqni topib, “ guruch ichidagi kurmak ” singari o‘z kindik qoni to‘kilgan yurti , xalqi, oilasini, bir suz bilan aytganda, o‘zligini, boy va qadimiy ma’naviyatidan tonadiganlar ham bor oramizda. Kuni kecha televideniyedan namoyish etilgan ko‘rsatuvda bolasi Suriyada vafot etgan o‘zbek onasining so‘zlarini eshitib qoldim. Ona gapirayapti, ekranda butunlay kuyib ketgan, iyagi bog‘lab qo‘yilgan o‘g‘lining jasadini ko‘rsatib qo‘yibdi. Qanchalar ayanchli holat. Hech bir onani farzand dog‘i qiynamasin. Xo‘sh, bunday holatga nima sabab bo‘ldi? Albatta, asr illati hisoblanmish terrorizm. Ongida bo‘shliq bo‘lgan yigitlar o‘zini qurbon qilish orqali Suriyaga jihodga chaqirayotgan, o‘sha yerda na tirigi va na o‘ligi qaytib kelmagan holatlarni bot-bot bo‘lsa-da, eshitayapmiz.

Terrorizm qayerda bosh ko‘tarmasin, uning oqibatida insoniyat boshiga turli kulfat-u musibatlar tushmoqda. Bu balo insoniyat taraqqiyotiga xavf solayotgan ekan, hamma yerda unga qarshi jiddiy va uzluksiz kurash olib borish, amaliy ishga o‘tishni talab qiladi. Bu kurashda esa faqat qurol kuchiga ishonishning o‘zi yetarli emas, balki inson omiliga, ayniqsa yoshlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmog‘i, ularning ongi hamda qalbini asrash uchun harakat qilmog‘imiz zarur.

 Istiqlol bizga barcha imkoniyatlarni qaytarib berdi. Hurriyatimiz, milliy qadriyatlarimiz, iqtisodiy–ijtimoiy va siyosiy islohotlar tufayli yurtimizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar, san’at va sportdagi barqaror ravishda o‘sish, dunyo sahnidagi obro‘–e’tibor barcha-barchasi ko‘ksimizni g‘ururga to‘ldiradi. Bu Yurtboshimiz rahnomaligida xalqimiz sabot va birdamlik bilan egallab borayotgan marralar samarasidir.

2. Qaysi mintaqada yashashdan qat’iy nazar, har qanday inson terror nima, terrorchi kim ekanligini yaxshi biladi. Terrorizimning tub ildiziga razm solsak, u o‘zligini yo‘qotgan johillar kurashi ekanligini yaxshi anglaymiz. Insonparvar dinimiz zo‘ravonlikni qurol qilib olgan diniy – ekstremizmning har qanday ko‘rinishini inkor etish, bu hodisalarning diniy asosga ega emasligini isbotlaydi. Aslida mamlakatimizda «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» ning ishlab chiqilganligi, unga ko‘ra kasb–hunar kollejlari va akademik litseylarga alohida e’tibor berilayotganligi, Islom universiteti tashkil etilib, yoshlarimizga diniy va dunyoviy ilmlar o‘rgatilayotganligi ham jaholatparastlarga xush kelmayapti. Chunki yoshlar qanchalar ma’rifatli bo‘lib borsalar, chinakam islomiy qadriyatlar bilan buzg‘unchi g‘oyalar orasidagi farqni anglab yetsalar, ularning ongiga eksteremistik g‘oyalarni singdirish shunchalik qiyinlashishini aqidaparastlar yaxshi bilishadi.

Jahon ahli butun bashariyatga xavf solayotgan bu mudhish baloga qarshi kurashmoqda, barcha kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, uning oldini olish choralarini izlamoqda. Mamlakatimiz rahbari xalqaro terrorchilik, eksterizm va diniy aqidaparastlikning namoyon bo‘lish sabablarini chuqur va batafsil tahlil qilar ekan, ular O‘zbekistonning bugungi kun va kelajagi uchun xavfli ekanligini qayd etadi. Yurtboshimiz xavfsizlik, barqarorlikni ta’minlash har bir fuqaroning zimmasidagi ma’suliyatli burch ekanligini ta’kidlab, xalqimizni bunday tahdidlarga qarshi kurashga, yon – atrofimizda bo‘layotgan voqealardan ogoh bo‘lishga chaqirmoqda. 

O‘zbekiston erkin va ozod diyor. Unga fuqarolarning barcha turdagi huquq va manfaatlari qatori vijdon va diniy e’tiqod erkinligi ham kafolatlangan. Shunday ekan, istiqboli porloq yurtni, yuksalib borayotgan jamiyatimizni ko‘z qorachig‘idek asrash bugungi kun yoshlariga, qolaversa, qalbida ota–onasiga, farzandiga, eliga, Vataniga nisbatan zarracha muhabbati bor insonlarga mas’uliyat yuklaydi. Bu borada viloyatimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Har yili hokimlik vakillari, din peshvolari, qishloq va mahalla ma’sullari hamkorligida o‘quv muassasalarida, shahar va qishloqlarda hamda turli tashkilotlarda tadbirlar tashkil etilmoqda. Suhbatlar davomida kishilarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, hushyorlik, yurtni asrash, terrorizm va ekstremizmning jirkanch maqsadlari hamda yakunida uning qanaqa oqibatlarga olib kelishi haqidagi fikrlar keng jamoatchilikka, yoshlarga bayon qilinmoqda.

Osoyishtalikning o‘zi katta ne’matdir. Emin – erkin yashash sharofati, farovon turmush va samarali odimlarimizning barchasi tinchlik tufayli ekanligini barchamiz anglab yetmoqdamiz. Ba’zi bir kishilarning «Menga nima?» «Sen menga tegma, men senga» qabilida ish tutishi, loqaydlik kabi illatlardan butkul xalos bo‘lishni bugun har bir inson, har bir yosh ta’kidlamoqda. Hatto, bu borada xalqimizning buyuk sarkardasi, mard va jasur qahramoni bo‘lmish bobokalonimiz Amir Temur ham loqaydlik illatiga shunday ta’rif bergan: “... Birgina tadbirli va mas’uliyatli askar ming-minglab tadbirsiz va beparvo sarkardalardan afzaldir!”

 Elga, yurtga naf keltirishdek ezgu niyat bilan yashash ozod va obod Vatan qurish yo‘lidagi intilishlarimizga rahna solish niyatida chekka–chekkalarda o‘zlarining g‘alamis rejalarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan bir hovuch gazandalarga oramizda o‘rin yo‘q. Bugungi yoshlarimiz ongi va shuurida mujassamlashgan istiqlol quyoshi oldida bu kabi badkirdorlar ishi bir nuqtachalik kuch va ahamiyatga ega emas. Biroq vaqtida anglanmagan bir xato, o‘z navbatida ikkinchi bir xatoni oxir–oqibat esa katta bir fojeani keltirib chiqarishi mumkin. Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlagan, “...O‘z yurtimizni, o‘z uyimizni o‘zimiz asrashimiz kerak!” so‘zlari qalb shiorimizga aylonmog‘i darkor. Zero, Vatan ozodligi va istiqboli barcha narsadan ustun. 

Qarshi DU Tabiiy fanlar fakulteti Biologiya ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabasi Cho‘liyeva Muhayyo A’zam qizi 

 

 

 

 

 

 

"Jaholatga qarshi ma’rifat"

Reja:

1.Jaholat - insoniyatning azaliy dushmani.

2.Mukammal tarbiya – shaxs kamoloti.

3.Ma’rifat – qalb quyoshi. 

      

Vatanimizning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon  hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori, avvalambor, farzandlarimizning unib – o‘sib, ulg‘ayib, qanday inson bo‘lib hayotga kirib borishiga bog‘liqdir. Biz bunday o‘tkir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak.

                                                                                                                                 I.Karimov 

Jaholat. Bu so‘zni eshitgan zahotiyoq ko‘zimiz qorong‘ulikni ko‘rgandek, yuragimiz esa ovchi qo‘ygan tuzoqqa tushgan qush kabi xavotir bilan pitirlab qoladi. Bilasizmi, bu titroq qo‘rquvdan emas, balki jaholat insoniyat yovuzligining naqadar tuban ifodasini anglatishidan dahshatga tushasan kishi! Mana shunday jaholatning qurbonlari, taassufki, bugungi porloq zamonning ertasi bo‘lgan kelajak avlodning ildiziga bolta urmoqchi bo‘layotgan manqurt kimsalardir.

Mening nazarimda inson uchun birinchi baxt, bu hayotga hazrati inson bo‘lib kelish baxti bo‘lsa, ikkinchi baxt mustaqil Vatanning ertasi bo‘lib yashash baxtidir. Mustaqil Vatan! Qalbida g‘urur, iftixor va ona vatanga muhabbati bo‘lgan har bir insonni to‘lqinlantirib yuboradigan ulug‘ va jarangli so‘z! Bir vaqtlar mustaqillik nimaligini bilmay, sahroda suv izlagan yo‘lovchi kabi o‘tib ketgan ota-bobolarimiz orzusidagi kun, bugun emasmi?! Vatanim, sening qadding tog‘lar kabi baland, mehring quyosh yang‘lig‘ issiq, jannatmakonim, men uchun xuddi onam yopgan nondek azizsan! Allohga ming bora shukrlar bo‘lsinki, Vatanim bugun mustaqil, uning har bir qarichida tinchlik deb atalmish ulug‘ ne’matning isi kelib turibdi. Otam doim bir gapni ko‘p bora aytadilar: ”Bolam, har doim sen uchun berilayotgan ne’matni vaqtida qadriga yeta bilgin”. Bu so‘zlar zamirida katta ma’nolarni kashf etasan kishi. Tinchlik ham ulug‘ ne’matki, uni doimo qadriga yetish, asrash har bir insonning burchidir. Afsuski, bugungi globallashuv zamonida vatan uchun xizmat qilish oliy sharaf ekanligini tushunish u yoqda tursin, o‘z vatanini sotib ketayotgan vatanfurushlarning oramizda borligi achinarli holdir. Vatanfurushlik bu eng katta gunoh, jaholatning daxshatli ko‘rinishidir. Uni hech bir vaj bilan oqlab bo‘lmaydi. Jaholatning mana shunday qorong‘u ko‘chasiga navqiron yoshlarning kirib ketishini nima bilan izohlash mumkin? Xo‘sh, bunda kim aybdor? Dunyoga keltirib, o‘zi yemay yedirgan, o‘zi kiymay kiydirgan sho‘rlik ota-onami? Yoki, ularga ertangi kunimizning zabardastlari deb ishonch bildirib turgan, O‘zbek degan millatni jahonga tanitishini intizorlik bilan kutib turgan Vatanmi? Bunday og‘riqli savolga javob topishda o‘ylanib qolasan kishi? Inson tug‘ilgan vaqtda, murg‘akkina go‘dakligida farishta kabi bo‘ladi. U hech qachon yovuz va yomon bo‘lib tug‘ilmaydi. Ulg‘ayib, unib - o‘sishi natijasida unda fe’l-atvor shakllanadi. Bunda tarbiyaning ahamiyati beqiyosdir. Dono xalqimiz “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” deyishi bejiz emas, albatta. Farzand bamisoli ota-onaning ko‘zgudagi aksidir. Agar farzand noqobil bo‘lsa, demak shu farzand tarbiyasida nuqson bor. Bu esa ota-onaning farzandning aytgan narsasini muhayyo qilishi, yo uning tarbiyasida beparvolik illatiga yo‘l qo‘yganligidir. Keling, shu o‘rinda atoqli yozuvchi O‘.Hoshimovning qalamiga mansub bir ibratli hikoyaga to‘xtalsak: ”Maktabdosh do‘stim anchayin nozik masalada maslahat so‘rab keldi. – To‘rt qiz orasida Xudodan tilab-tilab olganim bir o‘g‘lim bor. Shu…keyingi paytda sal g‘alatiroq bo‘pqoldi… Nima bo‘layotganini tushunmayapman… Shuni bi-i-ir yo‘lga solsang, xursand bo‘lardim, o‘rtoq…

Birovning oilaviy ishiga aralashishdan noxush narsa yo‘q. Bahona izladim: - O‘g‘ling yoshlik qilib noboproq davraga qo‘shilib qolgan bo‘lishi mumkin. Yoshlikda nimalar bo‘lmaydi. Yaxshisi, o‘g‘ling bilan o‘zing chin dildan gaplashib olganing ma’qulmikin?

Nobop davramas,- dedi do‘stim xo‘rsinib. – Aksincha… Men uni iymon-e’tiqodli bo‘lsin, desam…Yolg‘izgina o‘g‘lim bilan bir suhbatlashgin, o‘rtoq…

…Bir haftalardan keyin “yolg‘izgina o‘g‘il” bilan suhbatlashdik. Yoshi yigirmaning uyoq-buyog‘ida. Ko‘rinishi el qatori yigit…Siyrakkina soqoli ham bor. Nima qipti, soqol qo‘yish har kimning ixtiyori… Faqat…ko‘zlari g‘alati. Yuzingizga qarab turadi-yu, allaqanday bo‘shliqqa tikilayotganga o‘xshaydi. Go‘yo siz yo‘qsiz…

Gapni otasining ”ming yillik qadrdoni” ekanimdan boshlab, sekin maqsadga ko‘chdim:

Yaxshi yigit ko‘rinasiz, o‘g‘lim… Otangiz sizdan jindek ranjigan ko‘rinadilar. Menga qolsa, o‘g‘lim, ota-onangizning duosini olib qolganingiz ma’qulmikin? Ularni ham bog‘lab berganmas. Shular sizni dunyoga keltirgan, boqib, voyaga…

Meni ota-onam emas, Xudo yaratgan taqsir!-dedi yigitcha kutilmagan bepisandlik bilan. – Ota-onam vositachi xolos! Agar bu ota-ona bo‘lmasa, boshqa ota-ona vositasida dunyoga kelgan bo‘lardim!

Rostini aytsam, esankirab qoldim. Yigitchaning ko‘zlariga sinchiklab qarasam, tag‘in o‘sha bo‘shliqqa tikilgan “soqqa”ga aylanib qopti.

-To‘g‘ri,- dedim murosaga chaqirib. – Sizni Xudo yaratgan. Ota-onangiz vositachi bo‘lgan. Qur’oni karimda ham shunday deyilgan. Ammo bu – ota-ona hech narsa emas, degan ma’noni anglatmaydi, shekilli…

-Meni Xudo yaratgan!- dedi yigitcha pinagini buzmay.

 G‘ashim kela boshladi.

-Menga qarang, mulla! – dedim ensam qotib. –Bundan chiqdi, otangiz elektr toki, onangiz inkubator ekan-da! Unda siz tuxum bo‘lasizmi? Albatta, hammaniyam Xudo yaratgan. Gulniyam, tikanniyam. Odamniyam, eshakniyam… Olloh sizni eshak emas, odam qilib yaratganiga shukrona qilmaysizmi? Tangri sizga aql-zakovat, til-zabon berganiga xursand bo‘lmaysizmi?

 Ajab! Yigitchaning biron tuki qilt etmadi.

-O‘sha sizga ustozlik qilgan mullaga aytib qo‘ying!- dedim kuyinib. –Muqaddas Qur’oni karimni, Hadisi sharifni o‘qisin, savodi bo‘lsa! Ollohning kalomida ham, Hadislarda ham ota-onani e’zozlashga da’vat etilgan-ku! “Jannat onalarning oyog‘i ostidadur!” – degan dono gapni payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar-ku!.

-Ota-onam vositachi!- dedi yigitcha pashsha qo‘rgandik qo‘l siltab…

 Rostini aytsam, shu turishda yigitcha bitta gapni takrorlashdan boshqasiga aqli yetmaydigan to‘tiqushga o‘xshar edi.

 Ko‘nglimga g‘alati ishtiboh tushdi. Kim, kim shunchalik zaharlab tashladi bu begunoh vujudni? Qog‘ozdek oppoq qalbiga bunday johillikni kim yozdi?”.

 Haqiqatan, inson qalbi oppoq qog‘ozga o‘xshaydi. Unga qanday bitiklar bitilishi insonning o‘ziga bog‘liq. Albatta, hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan farzandning to‘g‘ri yo‘l topishida ota-onaning roli beqiyosdir. Farzandning qobil va namunali bo‘lishiga ota-ona tarbiya orqali erishadi. Yuqorida keltirilgan hikoyadagi misol ota-onalar farzandlarini noto‘g‘ri yo‘lga kirib borayotganligini beparvolik tufayli sezmay ham qoladilar. Anglab yetganlarida esa kech bo‘lishi mumkin. Zero, zabardast ijodkor Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat- yo falokat masalasidir” degan teran so‘zlari fikrimizning yaqqol isbotidir.

 Keling, shu o‘rinda yana bir savolga javob izlaylik. Bunday jaholat botqog‘i domidan yoshlarimizni qanday qutqarishimiz mumkin? Bunga erishishimiz yechimini Prezidentimiz I.Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida keltirilgan quyidagi jumlalardan topamiz. “ Hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning geopolitik, iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasida chuqur o‘zgarishlar ro‘y berayotgan, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”.

 “Jaholatga qarshi ma’rifat”. O‘ylanib qolasan kishi. Nega endi, senga birov jabr-sitam bilan johillik qilsa-yu, sen unga ma’rifat bilan kurasha ololsang. Demak, ma’rifat shunchalik qudratli qurol ekanda? Ha, albatta, ma’rifat shunchalar o‘tkirki, dunyodagi eng keskir qurol ham uni yengolmaydi. U shunchalar mo‘ljalni aniq oladiki, bu mo‘ljal faqat yovuzlikni yo‘q qilishni ko‘zlaydi. Bunday o‘tkir va mo‘ljalni aniq oladigan qurol bor joyda johillikka bir soniya ham o‘rin yo‘q. Yoshlarni ham ma’rifat bilan qurollantirish globallashuv zamonida ular ongida mafkuraviy immunitetni shakllantiradi. Darhaqiqat, mafkuraviy immuniteti mavjud bo‘lgan har qanday inson hayotga teranroq nigoh bilan boqa oladi. Oqni qoradan farqlaydigan ma’rifatli inson bo‘lib yetishadi. Ma’rifatli inson haqiqatni bilguvchidir. Haqiqatni ko‘ra olgan inson esa, aldovlar qurboniga aylanmaydi. Bugun yoshlarga berilayotgan ulkan imkoniyatlar zamirida ma’rifatni sevuvchi, uning tuganmas bulog‘idan qoniqib ichish hissini-da tuya oladigan komil insonni tarbiyalash g‘oyasi turganligi fikrimizning yaqqol isbotidir. Muhtaram Prezidentimiz I.Karimov ta’kidlaganlaridek: “…ko‘p asrlik tariximiz shuni ko‘rsatadiki, inson dunyoqarashi shakllanishida ma’rifatning o‘rni beqiyosdir”.

 Ma’rifatni men quyoshga mengzagan bo‘lardim. Undan uzoqlashdingmi, demak, sen qorong‘ulik domiga g‘arq bo‘lyapsan. Yurgan yo‘lingda qoqilib, hatto turolmasliging ham mumkin. Alal-oqibat qalb ko‘zing ko‘r bo‘lib qoladi. Dunyo go‘zalligini his eta olmaysan. Hayot ham qora tasvirlardan iborat bo‘lib qoladi. Bunday insonning yashashida ma’no bo‘lmaydi. Natijada esa u bora-bora jamiyatning kushandasiga aylanadi. Uni har qanday kimsa yetaklab ketishi, o‘zi xohlagan kuyga yo‘rg‘alatishi mumkin.

 Ma’rifat quyoshiga yaqinlashgan sari, yo‘ling yanada yorisha boradi. Taning, yuraging issiq bo‘lib, qalbing yayraydi. Nurlarning har bir jilosi yetti xil kamalak ranggida tovlanadi. Hayoting bezaklari yanada boyib, seni o‘ziga yanada mahliyo etadi. Qalbing ijod qilishga, yaratuvchanlikka intiladi. Seni Vatan kutib turganligini his etasan. Vujudingda g‘ayritabiiy bir kuch seni g‘urur va ishonch bilan qadam tashlashingga undayveradi. Bu yo‘l shunday ravonki, sen uni oxirini qanday tugashini qalban his eta olasan. Hayotning mazmuni ham shu emasmi!

 Darhaqiqat, bu kabi ma’rifatparvar kishilar o‘zligini anglay oladi. Tarixini, ming yillik an’analarini, ota-bobolari, qolaversa, o‘zi, qo‘yingki, kelajakda farzandlari unib- o‘sadigan muqaddas tuproqni qadrlay oladi. Shu o‘rinda el suygan shoir M.Yusufning quyidagi satrlari ko‘ngilga malhamdek xush yoqadi:

                                 Ko‘hna tol beshikdan boshlangan olam,

                                Senga iddaolar qilmay sevaman.

                                Bir kuni singlim deb, bir kuni onam―

                                Vatan, kimligingni bilmay sevaman.

                    Menga yering suyuk, osmoning suyuk,

                    Boqsam teng to‘rttala tomoning suyuk,

                    Tovonimga kirgan tikoning suyuk―

                    Kaftdan zirapchang ham olmay sevaman.

                               Vatan ― yuragimning olampanohi,

                               Bu dunyo bukri bir jiydangning shoxi!

                               Ko‘zim yoshi bilan sug‘orib gohi,

                               Ko‘ksimda o‘stirgan gulday sevaman…

Ushbu satrlarni o‘qir ekansiz agarki, sizning vujudingizda ajib bir titroq turgan bo‘lsa, qalbingizda ajib bir shuurni tuygandek bo‘lsangiz, mana shu tuproq, shu vatan xizmati uchun “labbay” deb javob bera oladigan ma’rifatli insonsiz!  Demak, siz shu vatan uchun kerak bo‘lgan  aziz insonsiz! Unutmang, “tenglar ichra teng bo‘lgan” tengdoshim, sizni Ona Vatan kutadi!

 

JoomShaper