JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

 “O‘zini anglash dunyodagi eng qiyin ishdir”. (Fales)

 

Hayot go‘zal! Faqat unga chiroyli nigoh bilan boqishning o‘zi kifoya! Biroq bugun dunyoda mana shu go‘zallikni his qila olmay, o‘zini qabihlik, razolat ummoni hisoblangan diniy ekstremizm, terrorizm, odam savdosi kabi botqoqlikka botirayotgan “insonlar” safi ko‘paymoqda. Ular asli diniy ekstremizm nimaligining mohiyatiga tushunmay bunday to‘dalar safiga qo‘shilib bormoqdalar. Bu kabi to‘dalarning maqsad-muddaolarini tushunganlarida esa g‘isht qolipdan ko‘chgan bo‘ladi. Vatan esa xoinlarni kechirmaydi.

         Bugun dunyoda kechayotgan jarayonlar XX asrdagidan farqlidir. Dunyo bugun o‘z niqobini o‘zgartirdi. To‘g‘rirog‘i, dunyo emas, turli xil siyosiy kuchlar va ularning butun dunyoga o‘tkazmoqchi bo‘layotgan siyosiy ta’sir yo‘nalishi o‘zgardi, desak, xato bo‘lmaydi. Bir paytlardagi istagan davlatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilish hukmronlik da’vo qilayotganlarning “obro‘yi”ga putur yetkazadi. Chunki jahondagi yirik xalqaro tashkilotlar tomonidan inson huquqlari va manfaatlari to‘g‘risida, xalqlar, millatlar, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar masalasida ko‘plab gumanistik qonunlar qabul qilinganki, bu qonunlar da’vogarlarning “erkinlik”larini butkul cheklaydi. Biroq shunga qaramay dunyo talabgorlari o‘z “orzu”larini amalga oshirishning turli yo‘llarini ishlab chiqqanlar. Bir qarashda oliy maqomga ega bo‘lgan, havas qilsa arziydigan bunday davlatlar aslida yuzlariga niqob taqib olib dunyoni boshqarishga harakat qilmoqdalar. Ko‘plab xalqlarning yostig‘ining qurishiga sabab bo‘layotgan, davlatlar tinchligi-yu boyligiga putur yetkazayotganlar, aslida, jaholat egalaridir va ular butun dunyoga ham jaholat urug‘ini sepishni maqsad qilib olganlar.

         Kimdaki havas qilsa arziydigan xislatlar bo‘lsa, qobiliyati orqasidan katta yutuqlarga erishayotgan bo‘lsa, bir so‘z bilan aytganda, nimagadir yaroqli bo‘lsa, albatta, unga o‘z ta’sirini o‘tkazib yo‘ldan olib tashlamoqchi bo‘lgan hasadgo‘ylar topiladi. Shu jumladan, bizning yosh, navqiron bo‘lishiga qaramay yuqori darajada rivojlanib borayotgan O‘zbekistonimizga ham ola ko‘z bilan boquvchilar yo‘q emas. Ming afsuslar bo‘lsinki, tuban kimsalar qo‘liga tushib Vataniga xoinlik qilayotgan fuqarolarimiz ham topiladi.

         Dunyodagi hech qaysi davlatda “xalqaro aloqa tili” Internet, ommaviy axborot vositalaridan foydalanish cheklanmagan, mana bu esa ayrim gegemon davlatlarga ancha qo‘l keladi. Ular uchun dastlabki bosqich ongni zaharlash, ya’ni turli xil vositalar (vahimali kompyuter o‘yinlari, beparda tomoshalar, turli qo‘shiq va she’rlar va b.) bilan kishilar ongidagi bo‘shliqni zaharli informatsiya bilan boyitishdir. Yuqoridagi vositalarning ashaddiy muxlislarining ko‘pchiligi hech shubhasiz, yoshlardan iboratdir. Bu faoliyat, ayniqsa, aholining 60 % dan ko‘pini yoshlar tashkil etadigan mamlakatimiz uchun o‘ta xavfli jarayondir. Bunday dushman kuchlar keyingi bosqichda tafakkuri zaharlangan yoshlarga o‘zlarining yot g‘oyalarini singdirib, ulardan o‘z maqsadlarini amalga oshirishda foydalanadi. Birgina Suriya, Liviya, Iroqda bo‘layotgan to‘ntarishlar, Afg‘oniston, qo‘shni Tojikistondagi g‘alayonlar – bularning ortida boylik orttirishni ko‘zlagan g‘alamislar turgani hech birimizga sir bo‘lmasligi lozim.

         Bugungi kun bizdan ogohlikni talab qilmoqda. Dunyoda muammolar bor ekan, albatta, ularning yechimi bor. Agar yechimi bo‘lmasa, u holda muammo ham bo‘lmas edi. Bugun tez-tez ko‘zga tashlanib turayotgan Vatanga xoinlik, millatiga qarshi harakatlarning oldini olish choralari yuragida shu yurtga nisbatan muhabbat hissi bo‘lgan har qanday kishini o‘ylantirmasdan qolmaydi. Bunday muammolarni bartaraf etish uchun, bizningcha, quyidagilarga alohida e’tibor bermoq lozim:

- avvalo, yoshlarda vatanparvarlik hissini shakllantirish kerak. Bu maqsadni amalga oshirish uchun turli targ‘ibot-tashviqot ishlaridan tashqari, milliy telekanallarimiz orqali vatanparvarlik tuyg‘usi bilan sug‘orilgan filmlar namoyish etilishi lozim. Bunday xulosaga kelishimga bir voqea sabab bo‘ldi. Aprel oyida universitet talabalariga bir necha bor yoshlar markazida film namoyish etildi. Shunda zalning oxirgi qatorida o‘tirib filmni ko‘rish jarayonida yoshlarni  kuzatdim. Bosh g‘oyasi ijtimoiy-maishiy muammolar bo‘lgan filmni kimdir telefon o‘ynab, kimdir yonidagi o‘rtog‘i bilan suhbatlashib, yana kimdir esa shunchaki qiziqib tomosha qildi. Biroq keyingi safar “Sotqin” nomli vatanparvarlik tuyg‘usi ufurib turgan film namoyish etildi. Mendan bir qator oldinda o‘tirgan yoshlar film boshida rosa gaplashib, telefon o‘ynab, Internetga kirib turgan edi. Biroq film voqealari rivojlanib borgan sari zalda shovqin kamayib bordi. Film hatto “10 minutdan so‘ng ketmoqchi bo‘lganlar”ni ham ekran qarshisiga qayta o‘tqizdi. Old qatordagi eng beparvo bola ham telefonni bir chekkaga qo‘yib, filmni zo‘r qiziqish bilan oxirigacha tomosha qildi. Men esa shunday xulosaga keldim: demak, biz yoshlarga his-tuyg‘ularimizga ta’sir eta oladigan darajadagi real hayotni tasvirlagan haqiqiy filmlar kerak;

- ta’limning tarbiyalovchilik xususiyatini yanada oshirish lozim;

- mahallalarda turli xil tashviqot ishlari olib borish bilan birga, mahallalarning o‘z fuqarolariga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish lozim. Sababiki, har qanday yovuz kuchlar qaysidir makonda “in quradi”.

Demak, biz birlashsak, tinchlik uchun jam bo‘lib kurashsak, hech qanday kuch bizni yenga olmaydi.

Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda biz yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilgan. Ayniqsa, ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar ko‘lami shu qadar kengki, buni butun dunyo e’tirof etmoqda. Bu sohada dunyoda eng oldingi o‘rinlarda turamiz. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishlari uchun turli xil sport to‘garaklari faoliyat olib bormoqda. Ta’lim maskanlarining eng so‘nggi modelda jihozlanishi, iqtidorli yoshlarni topib ularni davlat tomonidan taqdirlanishi – barchasida ertaning egalari hisoblangan yoshlar tarbiyasi masalasi yotadi. Maqsad ularda e’tiqodni kuchaytirish, mafkurasini mustahkamlash, yurt fidoyisi qilib tarbiyalashdir. Yuksak bilim va salohiyatga ega bo‘lgan irodasi mustahkam ma’naviyatli shaxsni hech qanday mafkura bilan ham yo‘ldan urib bo‘lmaydi. Shu boisdan, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bunday tezkor zamonda tinchlikni saqlash uchun ham g‘oyaga qarshi g‘oya, fikrga qarshi fikr, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashmoq davr talabiga aylanmog‘i lozim.

Savol tug‘iladi: “Nega Afg‘onistonda bolalar qurol otishga usta? Tojikistonda siyosiy jarayonlar o‘zgacha?” Bu savollarga javob bitta: Ma’rifatdan yiroq ko‘ngilda jaholat in quradi. Isbot sifatida Tojikistonning 60 % dan ortiq aholisi savodsiz ekanligi-yu, Afg‘onistonda ta’lim jarayoni o‘ta darajada pastligini misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin.

Xulosa qilib aytganda, bizning endigi burchimiz yaxshi o‘qib malakali mutaxassis bo‘lish bilan bir qatorda, atrofimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga diqqat bilan nazar tashlash, qo‘ni-qo‘shni, do‘st-u birodarlarimizni ham ogohlikka da’vat etishdir. Biz kimlarnidir bu kabi jinoyat ko‘chasiga qadam tashlamaslaridan bu yo‘ldan qaytara olsak, nafaqat insoniy burchimizni, balki davlatimiz rahbarining bizga bildirgan yuksak ishonchlarini ham oqlay olgan bo‘lamiz.  

 

 

Mamanova Adolat,

Qarshi davlat universiteti

O‘zbek filologiyasi fakulteti

                               2-kurs 21-guruh talabasi

 

JoomShaper