Til-millat ko‘zgusi

Ovozlar reytingi:  / 0
SayozZo'r 
Ko'rishlar soni: 162

Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning so‘zlari bilan aytganda, 

“Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”. Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir. Prezidentimizning joriy yil 4 oktabrdagi  O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng ishonlash  to‘g‘risida”gi  qarori esa nafaqat  tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashga, balki har bir o‘z tilini jondan sevuvchi  fuqaroning  21 oktabr kunini  bayram sifatida keng miqyosda nishonlashiga xizmat qiladi. Bayram munosabati bilan Qarshi davlat universitetida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Joriy yilning 18 oktabr kuni Tabiiy fanlar fakultetida bo‘lib o‘tgan tadbirda fakultet rahbariyati, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar hamda fakultet talaba-yoshlari qatnashdi. “Tillat-millat ko‘zgusi” deb nomlangan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirni Tabiiy fanlar fakulteti dekani B.Boysunov kirish so‘zi bilan boshlab berdi. Dekanning e’tirof etishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligini keng nishonlashga, shu munosabat bilan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishga qaratilgan respublika miqyosidagi amaliy harakat yuqoridagi jihatlarni to‘la qamrab olgani bilan dolzarb ahamiyatga egadir.

Tadbir davomida so‘z olganlar davlat tilini rivojlantirish har bir xalq mustaqilligining, millat ma’naviy o‘zligining eng muhim shartlaridan biri ekanligini ta’kidladilar. Ona tilimiz sofligini ta’minlash va yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va ahamiyatini kuchaytirish lozimligiga urg‘u qaratdilar. Bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, oldimizda turgan muhim vazifalar xususida fikr-mulohazalarini bildirishdi. Talaba-yoshlar tomonidan ona tilimizni tarannum etguvchi she’rlar o‘qilib, nafis raqslar ijro etildi. Tadbir so‘ngida faol talabalar fakultet rahbariyati tomonidan  faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

   

Fizika-matematika fakulteti Informatika o‘qitish metodikasi yo‘nalishi 018-56 guruhi talabalari guruh rahbari N.Begmatova boshchiligida 3-talabalar turar joyida “Ona tilim-jonu dilim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etishdi. Tadbirda Fizika-matematika fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini A.Jo‘rayev, Informatika o‘qitish metodikasi kafedrasining professor o‘qituvchilari L.Safarov, F.Shodiyev, B.Daminova, D.Saidovalar ishtirok etishdi.

Tadbirni fakultet Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini Asror Jo‘rayev kirish so‘zi bilan ochdi va “Til-millat ko‘zgusi” mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z so‘zida ona tilimizning naqadar sermazmunligi, millatimiz boyligi, bebaho mulki ekanligini, O‘zbekiston ko‘p millatli davlat ekanligini ta’kidladi. Kafedra katta o‘qituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi N.Begmatova o‘zbek tili rivojiga munosib hissa qo‘shgan siymolar Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Haydar Xorazmiy, Alisher Navoiy, Mashrab, Zahiriddin Muhammad Boburlarning xizmatlari beqiyos ekanligini, o‘zbek tilining sofligini, bor go‘zalligini, betakror jozibasini aytib o‘tdi. Tadbir dasturida belgilangan talabalarning ona tilimiz mazmun-mohiyati xususida mushoirasi mahorat bilan namoyish etildi. “Til-millat ko‘zgusi” mavzusida tashkil etilgan viktorina tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Tadbir so‘ngida faol talabalarga “Faxriy yorliq” va esdalik sovg‘alari topshirildi.