01 / 06

QARSHI DU

QDU

QARSHI DU
02 / 06
03 / 06
04 / 06
05 / 06
06 / 06

AZIZ VA YAGONAMSAN, JONAJON O‘ZBEKISTONIM!

Ovozlar reytingi:  / 4
SayozZo'r 

Qadrli hamkasblar, aziz talabalar!

Biz bugun eng oliy ne’mat, o‘zbek xalqi tarixida zarhal sahifa ochgan, o‘z taqdirini o‘zi hal eta olish imkonini bergan, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashdek sharafli tuhfani in’om etgan, milliy davlatchiligimizni, azaliy qadriyat va urf-odatlarimizni,

muqaddas dinimizni, inson huquq va erkinliklarini qayta tiklashdek baxtni tortiq qilgan, ota-bobolarimizning asriy orzusi bo‘lgan – Vatanimiz istiqlolining 27 yilligi bayrami – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklash baxtiga muyassar bo‘lganimdan qalbimda yuksak faxr-iftixor tuyaman.

Ta’kidlash joizki, har yili ushbu muqaddas bayramni o‘zgacha gasht, o‘zgacha shukuh bilan qarshi olishga intilamiz. “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tayotgan bu yilgi bayram tantanalari barcha yurtdoshlarimiz qatori universitet jamoasini ham behad quvontiradi.

Bugun xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlab olgan, istiqlol yillarida bosib o‘tgan og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, g‘oyat sharafli yo‘limizni sarhisob qilar ekanmiz, tarixan qisqa bir davrda mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritganimiz dillarmizga faxr-iftixor, hayotimizdan mamnunlik hissini olib keladi.

Shubhasiz, o‘tgan o‘quv yili universitetimiz jamoasi tomonidan e’tirof etishga arzirli yutuqlar, muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Hozirgi vaqtda universitetimiz jahon standartlari talablariga to‘la javob beradigan moddiy-texnikaviy bazaga ega. Universitetning qiyofasiga hamohang bu yerda tahsil olayotgan talabalarning nufuzi ham, nufusi ham ortib bormoqda. Professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan o‘nlab monografiya, risola, darslik va o‘quv qo‘llanmalarining nashr ettirilishi, mamlakatimiz hamda xorijning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etilayotgan maqolalar ilmiy sohadagi yutuqlarimiz, pedagogik faoliyatimizning samarasi ekani barchamizni quvontiradi. Ishonchim komilki, joriy yilda ham astoydil, sidqidildan mehnat qilib, yetuk kadrlar tayyorlashdek mas’uliyatli vazifani ado etamiz va yanada ulkan yutuqlarga erishamiz.

Universitetda tahsil olayotgan iqtidorli, bilimli va zukko talaba-yoshlarni aniqlash, tarbiyalash, ularning fan olimpiadalarida munosib o‘rinlarni egallashini ta’minlash, Davlat stipendiyalari va mukofotlariga tavsiya qilish hamda yuksak natijalarga erishishlarida universitet rahbariyati sizning sharafli mehnatingizga ishonch bildiradi.

O‘rni kelganda shuni ham qayd etish lozimki, 2018-2019 o‘quv yili uchun qabul jarayonida universitetimizda o‘qish istagida hujjat topshirgan abituriyentlar soni respublikada birinchi o‘rinda turgani bu yerdagi ta’lim-tarbiya ishlariga ishonch nechog‘li yuqori ekanini ko‘rsatib turibdi. Bu Qarshi davlat universitetining obro‘-e’tibori yuksalib borayotganining yorqin dalilidir.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning shaxsiy tashabbuslari va ulkan sa’y-harakatlari bilan bugun ta’lim tizimi butunlay yangilanish bosqichiga ko‘tarildi. Yangi o‘quv yilidagi OTMlarga qabul qilishning yangicha tartib-qoidalari so‘zimizning yaqqol isbotidir. Bu yilgi imtihonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrda “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-3389-sonli qaroriga muvofiq butunlay o‘zgacha tartibda o‘tkazildi. Imtihonlar avvalgi yillardagiga nisbatan tubdan o‘zgarib, testni o‘tkazish jarayoni, savollarni tuzib chiqish va boshqa jihatlar to‘liq isloh qilindi. YA’ni kirish imtihonlarida adolat va shaffoflik asosiy mezon etib belgilandi. Imtihonlarning adolatli, xolis va shaffof tarzda o‘tishi, ayniqsa, ijodkorlik va individual mahoratni talab etadigan ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan iqtidorli yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

Tan olish kerakki, sohada erishilgan yutuqlar bilan birga hal qilishi zarur bo‘lgan muammolar ham talaygina. Yurtboshimiz tomonidan joriy yilning 5 iyunidagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Mazkur qarorda Oliy ta’lim tizimidagi eng og‘riqli nuqtalarga e’tibor qaratildi. Xususan, talabalar bilimini baholashning bugungi kun talablariga javob bermasligi, professor-o‘qituvchilar faoliyati, bilimi va pedagogik ko‘nikmasiga baho berishning zamonaviy tizimi mavjud emasligi, ta’lim jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatilmagani, olimlarimizning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli o‘zgarishlardagi ishtiroki sezilmasligi, tashabbuskorlikning yetishmasligi shular jumlasidandir. Albatta, jamoamiz yangi o‘quv yilida hamjihatlik bilan ushbu kamchilik va muammolarni bartaraf etishda bor kuch-g‘ayratini ayamaydi. Chunki universitetimizda mazkur muammolarni hal etishga qodir malakali professor-o‘qituvchilar, salohiyatli olimlar, iste’dodli ijodkorlar va o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lgan xodimlar faoliyat yuritadilar. Biz birinchi navbvtda, aynan ularning tashabbuskorligi hamda samarali mehnatlariga tayanamiz. Ishonamanki, yaqin kelajakda universitetimiz nafaqat Respublika, balki xalqaro reytingda ham o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ladi!

Qadrli hamkasblar!

Yana bir bor Sizlarni go‘zal va betakror Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi hamda 2 sentabr – Bilimlar kuni munosabati bilan muborakbod etaman. Sizlarga oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik, sixat-salomatlik, farovon hayot, ilmiy va murabbiylik faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman!

 

B.A.SHOIMQULOV, 

universitet rektori