01 / 07
02 / 07
03 / 07
04 / 07
05 / 07
06 / 07
07 / 07

Mehnat insonni baxt sari yetaklaydi

Mehnat – inson hayotining ko‘rki, mazmuni, unga baxt - saodat, farovonlik baxsh etuvchi barcha boyliklarning manbai  hisoblanadi. Inson nima bilan faxrlansa va u nima bilan e’zozlansa, ularning hammasi mehnatning natijasidir.

2018-yil 21-iyul kuni Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag’ishlab, Qarshi shahridagi “Sanam” MCHJ da ishlab chiqarish amaliyotini o’tayotgan Qarshi davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti  “Yengil sanoat buyumlari konstruksiyasini ishlash va texnologiyasi” yo’nalishi 2 kurs 016-52- guruh  talabalari bilan korxonaning ilg’or, tajribali xodimlari va ishchilari hamkorligida “Mehnat insonni baxt sari yetaklaydi” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Tadbirni  amaliyot rahbari, Kasbiy ta’lim kafedrasi katta o’qituvchisi Sh.Azimova kirish so‘zi bilan ochdi va tadbir ishtirokchilariga  mehnatning inson hayotidagi o’rni, u kishining va jamiyatning eng zarur yashash sharti ekanligi haqida gapirib, “Sanam” tikuvchilik korxonasida o’zining ko’p yillik mehnati bilan obru topgan, elga tanilgan insonlar bilan uchrashish -  bugungi tadbirning maqsadi ekanligini aytdi.

Tadbirda 25 yil  “Sanam”  tikuvchilik korxonasida turli lavozimlarda  mehnat qilgan, 2018 yilda  7-mart kuni  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra, «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan  Lola Navruzova ham ishtirok etdi.

“Bugun yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli bunyodkorlik ishlari Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, eng ulug‘, eng aziz ne’mat — mustaqillik tufaylidir. Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat institutini muvaffaqiyatli tugatib, shu korxonaga ishga keldim. Avval tikuvchilik sexida master, keyinchalik sifat bo’limi boshlig’i va bosh muhandis lavozimlarida ishladim. Erishgan barcha muvaffaqiyatlarim faqat bilim hamda halol mehnatimning mahsulidir. Berilgan yuksak mukofot zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun yashab, mehnat qilish har birimiz uchun oliy baxtdir”-deydi L.Navruzova.

Shuningdek, tadbirda 40 yildan ortiq bichuv sexida bichuvchi bo’lib ishlayotgan Yarash Eshniyozov ham so’zga chiqib, o’zining ko’p yillik mehnati natijasida erishgan muvaffaqiyatlari, bir necha bor respublika, viloyat va shahar hokimligining mukofotlari bilan taqdirlangani,  bunday baxtga erishish uchun inson o’z kasbini chin dildan sevishi, halol mehnat qilishi va har bir ishga mas’uliyat bilan yondashishi zarurligini ta’kidladi.

Tadbirda ishtirok etgan amaliyotchi-talabalar Sh.Axatova, F.Sevarqulova hamda D.Nodirovalar bugungi tadbirdan so’ng, tanlagan yo’nalishlariga qiziqishlari yanada ortgani, ular ham yaxshi o’qib, kelajakda Vatanimiz va Prezidentimiz ishonch bildirgan kelajak poydevori hisoblangan yoshlar qatoridan o’rin olishga intilishlarini ilhomlanib aytdilar.

Tadbir barchaga bayram kayfiyatini taqdim etib, katta taassurot qoldirdi.