01 / 07
02 / 07
03 / 07
04 / 07
05 / 07
06 / 07
07 / 07

Maqsad va ishonch bilan yashash inson kelajagini ta’minlaydi

Mamlakatimizda ta’lim sohasi oldidagi asosiy vazifa – komil insonni tarbiyalashdan iborat. Komil inson deganda, eng avvalo, ongi yuksak, mustaqil fikrlay oladigan,

xulq-atvori bilan о‘zgalarga ibrat bо‘ladigan, bilimli, madaniyatli, ma’naviyatli shaxs tushuniladi. Komil inson  har narsani aql, mantiq tarozisiga solib kо‘rib о‘z о‘y-fikrini, xulosasini mantiq asosida quradi, о‘z kamolotiga belgilangan maqsad, о‘z faoliyatiga ishonch orqali erishadi.

2018-yil 23-iyun kuni Qarshi davlat universiteti Fizika-matematika fakultetida  fakultet xotin-qizlar qо‘mitasi va Kasbiy ta’lim kafedrasi  hamkorligida  “Maqsad va ishonch bilan yashash inson kelajagini ta’minlaydi” mavzusidagi tadbir tashkil etildi.

Tadbirni fakultet xotin-qizlar qо‘mitasi raisi Sh.Azimova kirish sо‘zi bilan ochdi va tadbir ishtirokchilariga  maqsad, ishonch tushunchalarining mohiyati, maqsadni tо‘g‘ri tanlashning inson hayotidagi о‘rni va  unga erishish yо‘llari haqida о‘z fikr- mulohazalarini bildirib, 2015-yilda Kasb ta’limi    ”Yengil sanoat buyumlari konstruksiyasini ishlash va texnalogiyasi” ta’lim yо‘nalishini imtiyozli diplom bilan tugatgan, 2014-yilda  Navoiy nomli   Davlat stipendiyasi sovrindori  bо‘lgan, Toshkent tо‘qimachilik va yengil sanoat institutining magistratura yо‘nalishini ham imtiyozli tugatgan va hozirgi vaqtda moda industriyasida о‘z faoliyatini yuritayotgan yosh dizayner M.Saydullayevani tadbirga taklif etgani, uning faoliyati va erishgan yutuqlari talaba-yoshlarni о‘z maqsadlarini tо‘g‘ri belgilab olishlari va unga ishonch bilan yondashlariga turtki bо‘lishiga ishonch bildirdi.

Tadbirda sо‘zga chiqqan M.Saydullayeva yoshligidan о‘z oldiga dizayner bо‘lish maqsadini qо‘ygani va unga erishish uchun tinmay izlangani,  2012 yilda О‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi qoshida tashkil etilgan “Yurt kelajagi” Respublika yoshlar tanlovining “Libos dizayni” yо‘nalishi bо‘yicha respublika bosqichida g‘oliblikni qо‘lga kiritgani, bahor va kuz mavsumiga mо‘ljallangan “Orzular rо‘yobi” va  “Nur ostida” nomli liboslar kolleksiyalarini yaratgani haqida sо‘zlab berdi. “Insonlar ko’pincha o’zlari istagan insonga aylanish uchun zarur bo’lgan barcha narsa ularda bor ekanligiga ishonishni istamaydilar. Shuning uchun ular o’zlari munosib bo’lmagan narsaga ko’nib qo’ya qoladilar.  Insonga uning maqsadlariga erishishiga о‘zidan boshqa hech kim qarshilik qila olmaydi. Maqsadni tо‘g‘ri belgilash, о‘z g‘alabasiga tо‘liq ishonish va faqat oldinga intilish - yо‘lda uchraydigan barcha tо‘siqlarga barham beradi,” - deydi  M.Saydullayeva.

Muhayyo Saydullayeva  bakalavrlik  davrida “Ayollar liboslarida milliy amaliy san’at bezak turlarini qо‘llashning  о‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida ilmiy izlanishlar olib borib, ilmiy-tadqiqot ishlarining debochasi sifatida ilmiy rahbari Sh.Azimova rahbarligida “Quroq turlari va ularni ayollar kiyimlarida qо‘llash” mavzusida elektron uslubiy qо‘llanma yaratgani haqida gapirib berdi.

Shuningdek, u magistratura talabasi bо‘lganidayoq respublika moda indusrtiyasida о‘z kolleksiyalari  bilan tanilishdek maqsadlaridan biri ro’yobga chiqqani, 2015-2016-yillarda Respublika miqyosida о‘tkaziladigan Moda festivallarida quroq turlaridan foydalanib yaratgan modellari faxrli 1-о‘ringa loyiq deb topilgani haqida aytib, hozirgi vaqtda о‘z maqsadlariga erishish yо‘lida tinmay izlanayotgani, viloyat Yoshlar ittifoqining qо‘llab-quvvatlashi orqali “Semurg‘” atelyesini ochib, о‘z shaxsiy brendini yaratgani, ushbu atelyeda xotin-qizlarning zamonaviy kiyimlarini tayyorlashdan tashqari, 2 oy о‘qishga mо‘ljallangan о‘quv kursi ham faoliyat yuritayotgani haqida ma’lumot berdi.

Tadbirda ishtirok etgan talabalar о‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan о‘rtoqlashdilar, о‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

О‘tkazilgan tadbir  ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.