01 / 07
02 / 07
03 / 07
04 / 07
05 / 07
06 / 07
07 / 07

Ayolga muhabbat — hayotga muhabbat!

Tabarruk zot olamda ayol,

Yorim-da, qizim-da, onam-da ayol,

Serbaxtli ayol, bu baxtli ayol.

Menga alifboni o‘rgatgan ayol,

Qalbimga mehrni o‘rnatgan ayol.

Farzand qalbin sher qilgan ayol,

Mo‘min so‘zin she’r qilgan ayol,

Ko‘rmagay zavol bu ahli ayol.

Ayol! Unda butun olam quvonchi, do‘stga xos fidoyilik, ona jasorati mujassam. Muqaddas ayol bir qo‘li bilan beshik, bir qo‘li bilan dunyoni tebratadi.

Buloq sarchashmasidek tiniq va beg‘ubor bo‘lgan ayol muhabbatini hech narsa bilan qiyos etib bo‘lmaydi.

2018 yil 6 mart kuni Qarshi davlat universiteti faollar zalida “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan “Ayolga ehtirom!” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi. Bayram tadbirida universitetda mehnat qilayotgan ayollar: professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar hamda talaba-qizlar taklif etildi.

Tadbirni universitet rektori, professor B.A.Shoimqulov ochib berib, universitet jamoasida faoliyat yuritayotgan barcha xotin-qizlarni bayram bilan tabriklab, ularni kelgusidagi ish faoliyatlariga ulkan muvafaqqiyatlar, oilaviy tinchlik, sog‘lik va baxt doimo hamroh bo‘lishini tiladi.

Shundan so‘ng, universitetning faol olima ayollari, ishchi-xodimlari va yutuqlarga erishgan, iqtidorli talaba-qizlarga universitet ma’muriyati, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Kasaba uyushma qo‘mitasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist O.Xalilova, “Shuhrat” medali sohibi, xonanda U.Quvvatov tomonidan ijro etilgan diltortar qo‘shiqlar, Kasbiy ta’lim kafedrasi dotsenti Y.Bobojonov tomonidan xotin-qizlarga atab o‘qilgan hazil she’rlar, universitetning iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan “Ayol kulganda olam yorishar” nomli bayram konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.

Universitetning Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’limi yo‘nalishi talabalari tomonidan xotin-qizlarning qalam tasvirda tadbir davomida chizilgan rasmlari bayram sovg‘asi sifatida topshirildi.

Bayram tadbiri o‘tkazilgan universitet faollar zalini milliy qadriyatlar va an’analar ruhida bezatgan Mehnat ta’limi kafedrasi o‘qituvchisi, dizayner M.Suvonovaga universitet rahbariyati o‘z minnatdorchiligini bildiradi.