01 / 07
02 / 07
03 / 07
04 / 07
05 / 07
06 / 07
07 / 07

ISHQ MULKINING SULTONI

Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev: “Buyuk Alisher Navoiy bobomizning “Odami ersang demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amiddin g‘ami” degan satrlarida qanchalik chuqur hayotiy hikmat, falsafa bor.

YA’ni, bu dunyoda insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir, xalqning g‘amidan uzoq bo‘lgan insonning odam qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi, deb ta’kidlamoqda ulug‘ bobomiz”,- deya ulug‘ so‘z sultoniga ehtirom ko‘rsatadi. Haqiqatan ham, asrlar silsilasidan bugunga qadar u zot yaratgan asarlar dunyo adabiyoti xazinasining bebaho durdonalari hisoblanadi.

Insoniy muhabbat va ilohiy ishq olamining tojdori hazrat Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. 2018 yil 9 fevral kuni Qarshi davlat universitetida ham ulug‘ shoir tavalludi munosabati bilan adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy va musiqiy tadbir o‘tkazildi. Adabiyotshunoslik hamda musiqa ta’limi kafedralari hamkorligida “Ishq mulkining sultoni” mavzusida o‘tkazilgan ushbu tadbirni universitetning prorektori, filologiya fanlari nomzodi Sh. Nuriddinov kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng adabiyotshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi Shohida Karomova “Navoiy g‘azallarida oshiq timsoli”, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari O‘roz Haydar “Shoir siymosi e’tiroflari” mavzularida ma’ruza qildilar. Filologiya fanlari doktorlari Damin To‘rayev, Nafas Shodmonovlar so‘z olib, buyuk shoir hayoti va ijodi haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Oygul Xalilova hamda universitet musiqa ta’limi kafedrasi professor-o‘qituvchi va talabalari tomonidan Navoiy g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, o‘zbek filologiyasi talabalari Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qib eshittirdilar. Tadbirda faol qatnashgan ishtirokchilar universitet rahbariyatining “Tashakkurnoma”lari bilan taqdirlandi.