O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING 936-SON QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI QATAG‘ON QURBONLARI XOTIRASI DAVLAT MUZEYI VA HUDUDLARDAGI OLIY TA’LIM MUASSASALARI TUZILMASIDA QATAG‘ON QURBONLARI XOTIRASI MUZEYLARINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

El-yurtimiz ozodligi, erkinligi va mustaqilligi uchun olib borilgan ko‘p yillik mashaqqatli kurashlarni haqqoniy va to‘laqonli aks ettirish, mustabid tuzum davridagi ommaviy qatag‘onlar tufayli qurbon bo‘lgan, insoniylik sha’ni, qadr-qimmati toptalgan vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining:

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyini (keyingi o‘rinlarda Muzey deb ataladi);

hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini (keyingi o‘rinlarda hududiy muzeylar deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar:

a) Muzeyning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

mustabid tuzum davridagi qatag‘on siyosatining sabablari va fojiali oqibatlarini chuqur o‘rganish hamda ularni haqqoniy yoritish maqsadida muzey ekzpozitsiyasini tashkil etish;

muzey fondlari va eksponatlarini mamlakatimiz va xorijdagi qatag‘on siyosati bilan bog‘liq turli hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam boyitib borish;

qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularni yod etish bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish;

qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatini o‘rganish, ijodiy merosini to‘plash, nashrga tayyorlash va chop etish;

respublika ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda muzeyda ochiq darslar, ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini ta’minlash, Muzeyning ilmiy bazasidan foydalangan holda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashish;

hududiy muzeylarga uslubiy yordam ko‘rsatish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;

b) hududiy muzeylarning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

hududlarda mustamlakachilik va mustabid tuzum davrida vatanimiz ozodligi va mustaqilligi yo‘lida o‘z jonini fido qilgan, qatog‘on etilgan ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini atroflicha o‘rganish va muzey ekspozitsiyalari orqali keng jamoatchilikka targ‘ib etish;

muzey fondini boyitish maqsadida hududlarda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va talabalari ishtirokida muntazam ravishda ekspeditsiyalar tashkil etish;

hududlardagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida mavzuli ekskursiyalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar va ko‘rgazmalar o‘tkazish;

muzey ekspozitsiyalarini tashkil etishda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish.

3. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etiladigan hududlardagi oliy ta’lim muassasalarining ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;

Hududlardagi oliy ta’lim muassasalarining tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining ustavi 4-ilovaga muvofiq;

Hududlardagi oliy ta’lim muassasalarining tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarining namunaviy nizomi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Muzey direktoriga, zarur bo‘lganda, Muzey tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Quyidagilar Muzey va hududiy muzeylar faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

a) Muzey bo‘yicha:

Muzeyni saqlash uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan davlat ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

faoliyat ixtisosligi bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlardan olingan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) hududiy muzeylar bo‘yicha:

oliy ta’lim muassasalarining hududiy muzeylarni saqlash uchun ajratiladigan budjetdan tashqari mablag‘lari (to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish uchun tushumlarning faqat to‘lov-kontrakt miqdorining oshirilgan qismi);

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan davlat ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

faoliyat ixtisosligi bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlardan olingan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda hududiy muzeylarga ularning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlariga mos binolar ajratilishini va ularga hududiy muzeylar belgilangan tartibda joylashtirilishini ta’minlasinlar.

Belgilab qo‘yilsinki, zarur hollarda hududiy muzeylar uchun ajratilgan binolarni ta’mirlash hamda ularni mebel va zamonaviy texnik vositalar, shu jumladan interaktiv infokiosk va monitorlar, stend va podiumlar bilan jihozlash Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi va tegishli oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

6. Muzey O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «O‘zarxiv» agentligi, «O‘zbekkino» Milliy agentligi, Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2018 yil 1 martga qadar hududiy muzeylar ekspozitsiyalarini yaratish, mustamlakachilik va qatag‘on davriga oid hujjatlar, kino, fono, fotomateriallar va ashyolar bilan to‘ldirishni ta’minlasin.

7. Belgilab qo‘yilsinki:

Muzey O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Muzey direktori va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Muzey yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, bank hisob raqamlariga va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;

hududiy muzeylar faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha alohida g‘aznachilik shaxsiy hisobvaraqlari ochiladi, belgilangan tartibda daromadlar va xarajatlar smetasi tasdiqlanadi;

Muzey va hududiy muzeylar xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi;

hududiy muzeylar idoraviy mansublik jihatidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, uslubiy jihatdan Muzeyga bo‘ysunadi;

hududiy muzeylar direktorlari tegishli oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan Muzey direktori va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Muzey bilan birgalikda bir oy muddatda hududiy muzeylarni malakali kadrlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi hududidagi bino Muzeyga operativ boshqarish huquqi asosida berilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Madaniyat vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha 2018-2019 yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda Muzeyni rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va uni rekonstruksiya qilish uchun zarur markazlashgan kapital qo‘yilmalar limitlarini nazarda tutsin.

11. Belgilab qo‘yilsinki, Muzeyni zamonaviy texnik vositalar, shu jumladan interaktiv infokiosk va monitorlar, stend va podiumlar bilan jihozlash uchun zarur mablag‘lar Muzeyni asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Muzeyni zamonaviy texnik vositalar, shu jumladan, interaktiv infokiosk va monitorlar, stend va podiumlar bilan jihozlash va 1 ta avtotransport vositasini xarid qilish uchun zarur mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2018 yilgi parametrlarida nazarda tutsin.

13. Muzeyga 2 ta, jumladan, 1 ta shaxsiy biriktirilgan va 1 ta maxsus avtotransport vositalari uchun limit ajratsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

bir oy muddatda Muzeyni zarur aloqa turlari va vositalari, jumladan, Hukumat telefon aloqasi bilan belgilangan tartibda ta’minlasin, shuningdek, keng qamrovli internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyatini yaratsin;

ikki oy muddatda Muzey va hududiy muzeylarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda mavzuga oid virtual ekskursiyalar tashkil etish, Muzey va hududiy muzeylar ekspozitsiyalarida sensorli axborot kiosklarini o‘rnatish hamda Qatag‘on qurbonlari xotirasi virtual muzeyini tashkil etish choralarini ko‘rsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Muzey va hududiy muzeylarning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, ekspozitsiyalarni doimiy to‘ldirib borish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Majidov, Madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2017 yil 22 noyabr,

936-son

 

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi 936-son qaroriga
1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining

 TUZILMASI

Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 20 nafar.

Ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirish uchun mutaxassislar shartnoma asosida qo‘shimcha jalb etilishi mumkin.

* Xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni qonun hujjatlariga muvofiq normativlar bo‘yicha belgilanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi 936-son qaroriga
2-ILOVA

Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etiladigan hududlardagi oliy ta’lim muassasalarining

RO‘YXATI

T/r

Hudud nomi

Muzey tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasasi nomi

1.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Qoraqalpoq davlat universiteti

2.

Andijon viloyati

Andijon davlat universiteti

3.

Buxoro viloyati

Buxoro davlat universiteti

4.

Jizzax viloyati

Jizzax davlat pedagogika instituti

5.

Navoiy viloyati

Navoiy davlat pedagogika instituti

6.

Namangan viloyati

Namangan davlat universiteti

7.

Samarqand viloyati

Samarqand davlat universiteti

8.

Sirdaryo viloyati

Guliston davlat universiteti

9.

Surxondaryo viloyati

Termiz davlat universiteti

10.

Toshkent viloyati

Chirchiq davlat pedagogika instituti

11.

Farg‘ona viloyati

Farg‘ona davlat universiteti

12.

Xorazm viloyati

Urganch davlat universiteti

13. 

Qashqadaryo viloyati

Qarshi davlat universiteti

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabradgi 936-son qaroriga

3-ILOVA

Hududlardagi oliy ta’lim muassasalarining tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarining

 NAMUNAVIY TUZILMASI

 

Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 4 nafar.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi 936-son qaroriga
4-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining

USTAVI

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Ustav O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining (keyingi o‘rinlarda Muzey deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlarini, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi. 

2. Muzey o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Ustavga amal qiladi. 

3. Muzey o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi va bo‘ysunadi. 

4. Muzey o‘z faoliyatida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xorijiy va xalqaro hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi. 

5. Muzey yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, bank hisob raqamlariga va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi. 

6. Muzey joylashgan joy (pochta manzili): Toshkent shahri, Amir Temur ko‘chasi, «Shahidlar xotirasi» maydoni, 100184. 

7. Muzeyning rasmiy nomi: 

davlat tilida — O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi; 

rus tilida — Gosudarstvenniy muzey Pamyati jertv repressiy pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan; 

ingliz tilida — State museum in memory of the victims of the repressions under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan. 

2-bob. Muzeyning asosiy vazifalari va funksiyalari

8. Quyidagilar Muzeyning asosiy vazifalari hisoblanadi: 

mustabid tuzum davridagi qatag‘on siyosatining sabablari va fojiali oqibatlarini chuqur o‘rganish hamda ularni haqqoniy yoritish maqsadida muzey ekspozitsiyasini tashkil etish; 

muzey fondlari va eksponatlarini mamlakatimiz va xorijdagi qatag‘on siyosati bilan bog‘liq turli hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam boyitib borish; 

qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularni yod etish bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish; 

qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularning ijodiy merosini to‘plash, nashrga tayyorlash va chop etish; 

respublika ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda muzeyda ochiq darslar, ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini ta’minlash, Muzeyning ilmiy bazasidan foydalangan holda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashish; 

hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylariga (keyingi o‘rinlarda hududiy muzeylar deb ataladi) uslubiy yordam berish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish. 

9. Muzey o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi: 

a) mustabid tuzum davridagi qatag‘on siyosatining sabablari va fojiali oqibatlarini chuqur o‘rganish hamda ularni haqqoniy yoritish maqsadida muzey ekspozitsiyasini tashkil etish sohasida: 

O‘zbekistonning mustabid tuzum davridagi tarixini birlamchi manbalar, arxiv hujjatlari, matbuot materiallari asosida atroflicha tadqiq etadi; 

ilmiy izlanishlar natijasida jamlangan tarixiy materiallar va muzey ashyolari asosida muzey ekspozitsiyasini yaratadi va takomillashtiradi; 

muzey ekspozitsiyalarini tashkil qilishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanadi; 

xorijiy mutaxassislar tomonidan nashr etilgan qatag‘on davriga oid zamonaviy ilmiy va siyosiy, badiiy adabiyotlar elektron bazasini yaratadi; 

respublikaning ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi; 

xorijiy mamlakatlarning turdosh muzeylari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan birgalikda belgilangan tartibda ilmiy izlanishlar olib boradi; 

qatag‘onlar tufayli qurbon bo‘lgan mutafakkirlar, mashhur fan va adabiyot arboblari sharafiga bag‘ishlangan respublika va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlarni tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etadi; 

b) muzey fondlari va eksponatlarini mamlakatimiz va xorijdagi qatag‘on siyosati bilan bog‘liq turli hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam boyitib borish sohasida: 

respublika va xorijiy mamlakatlarning arxivlari hamda kutubxonalarida saqlanayotgan hujjatlar va birlamchi manbalar bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boradi; 

respublikaning turli hududlari hamda xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish asosida yangi muzey ashyolarini to‘playdi; 

qatag‘on qurbonlari avlodlarining xotiralari va og‘zaki tarix materiallari asosida monografiyalar, ilmiy risolalar tayyorlaydi; 

v) qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularni yod etish bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy anjumanlarni tashkil etish sohasida: 

muzey yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilishi rejalashtirilgan anjumanlar va turli tarixiy sanalar munosabati bilan ko‘rgazmalar tashkil etadi; 

qatag‘on qurbonlari avlodlari va yoshlar ishtirokida xotira kechalari hamda davra suhbatlari uyushtiradi va o‘tkazadi; 

alohida buyurtmalar asosida qatag‘on etilgan vatandoshlarimizning uy-muzeylari ekspozitsiyalarini tashkil etishda ishtirok etadi; 

xorijiy mamlakatlarda muzeyshunoslik sohasi va tarixiy mavzularda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda ishtirok etadi; 

g) qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularning ijodiy merosini to‘plash, nashrga tayyorlash va chop etish sohasida: 

qatag‘on qurbonlari bo‘lgan davlat va jamoat arboblari, fan, adabiyot namoyondalarining respublika va xorijdagi mavjud ilmiy, adabiy, publitsistik merosini aniqlaydi va jamlaydi; 

mustamlakachilik, shu jumladan qatag‘on siyosati va uning qurbonlariga bag‘ishlangan monografiyalar, albomlar, kitoblar nashr etadi, hujjatli filmlarni suratga oladi, matbuotda maqolalar e’lon qiladi, to‘plangan materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qiladi; 

d) respublika ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda muzeyda ochiq darslar, ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini ta’minlash, Muzeyning ilmiy bazasidan foydalangan holda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashish sohasida: 

ta’lim muassasalari bilan innovatsion-korporativ hamkorlik shartnomalarini tuzadi va ular asosida muzeyda ochiq darslar, ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini ta’minlaydi. 

muzey yetakchi olimlarining oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonida qatnashishlari, talaba va doktorantlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilishlari uchun zarur choralarni ko‘radi; 

qatag‘on davri tarixiga oid ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadqiqotchilarga muzey fondi materiallaridan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi; 

oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi malakasini oshirishni tashkil etishda ishtirok etadi; 

e) hududiy muzeylarga uslubiy yordam berish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish: 

hududiy muzeylar uchun ekspozitsiyaning namunaviy konsepsiyasi va namunaviy tematik rejasini ishlab chiqadi hamda shu asosda tayyorlangan har bir hududiy muzey ekspozitsiyasi konsepsiyasi va tematik rejasini tasdiqlaydi; 

hududiy muzey ekspozitsiyasini yaratishda, uni boyitib borishda uslubiy va amaliy yordam beradi; 

hududiy muzeylarning yillik ish rejalarini ko‘rib chiqadi va zarur tavsiyalarni beradi. 

3-bob. Muzeyning huquqlari va majburiyatlari 

10. Muzey o‘ziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega: 

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etishga doir ma’lumotlarni belgilangan tartibda so‘rash va olish; 

o‘z vakolati doirasida konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlar o‘tkazish hamda bunday tadbirlarda ishtirok etish; 

ilmiy-tadqiqot ishlariga respublikadagi va xorijdagi mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish; 

Muzey xodimlari va jalb qilingan mutaxassislarni xorijiy ilmiy-tadqiqot hamda ta’lim muassasalariga ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishi uchun yuborish; 

Muzey faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, asosiy fondlarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish; 

hududiy muzeylar faoliyatini uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish; 

Muzeyda xodimlarning moddiy rag‘batlantirish fondini tuzish. 

Muzey qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 

11. Muzeyning majburiyatlari quyidagilardan iborat: 

Muzey ashyolari va kolleksiyalarining jisman but saqlanishi hamda xavfsizligini; 

Muzey ashyolari va kolleksiyalari bilan bog‘liq hisobga olish hujjatlarining yuritilishi hamda but saqlanishini; 

Muzey ashyolari va kolleksiyalaridan ilmiy, madaniy, ma’rifiy hamda ta’lim maqsadlarida foydalanilishini ta’minlash. 

12. Muzey o‘ziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘lar va uning ixtiyoridagi boshqa mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi uchun javob beradi. 

4-bob. Muzey faoliyatini tashkil etish

13. Muzeyga belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi. 

Direktorning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan ikki nafar o‘rinbosari bo‘ladi. 

14. Muzey direktori: 

Muzey faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda Muzeyga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi; 

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida va boshqa tashkilotlarda, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan rasmiy tadbirlarda Muzey nomidan vakillik qiladi; 

Muzey vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi va Muzeyga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi; 

Muzeyning ilmiy, ilmiy-texnikaviy, ma’muriy faoliyatining yo‘nalishlarini belgilaydi, uning yillik va istiqboldagi ish rejalarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi, ilmiy-tadqiqot va boshqa jarayonlarni tashkil etadi; 

aniq maqsadga yo‘naltirilgan dastur va tanlov mavzularini, shuningdek, alohida topshiriq va buyurtmalarni amalga oshirish maqsadida Muzeyda vaqtinchalik tadqiqot guruhini tashkil etadi; 

Muzeyda ijro intizomi holati bo‘yicha bevosita rahbarlikni amalga oshiradi; 

Muzey tarkibiy bo‘linmalari nizomini va Muzey xodimlarining funksional vazifalarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi; 

o‘z vakolati doirasida xodimlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi; 

zarur bo‘lganda, Muzeyning tarkibiy tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritadi; 

o‘z vakolati doirasida Muzey xodimlarining bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlarni qabul qiladi; 

Muzey faoliyati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi. 

Direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi. 

15. Muzey direktori vaqtinchalik bo‘lmagan taqdirda uning vazifalarini bajarish direktor o‘rinbosarlaridan birining zimmasiga yuklanadi. 

16. Direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari: 

Muzey tarkibiy bo‘linmalarining ishlarini tashkil qiladi hamda Muzeyga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi hamda bo‘limlarda ijro intizomi holati uchun shaxsan javob beradi; 

o‘ziga biriktirilgan masalalar bo‘yicha hujjatlar loyihasini va materiallarni o‘z vaqtida va sifatli tayyorlashni tashkil etadi, topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlaydi; 

Muzey ish rejasida, shuningdek mutaxassislarning shaxsiy ish rejalarida nazarda tutilgan tadbirlarni talab qilinadigan davr mobaynida amalga oshirish va muvofiqlashtirishni ta’minlaydi hamda o‘rganilgan masalalarning tanqidiy tahlili asosida Muzey direktoriga muhokama uchun takliflar kiritadi;

Muzey direktoriga bo‘limlar xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, ularning malakasini oshirish, mukofotlash va intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritadi;

vazifalar taqsimotiga ko‘ra boshqa tegishli vakolatlarni ham amalga oshiradi.

17. Direktorning umumiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari: 

Muzey xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtiradi. Muzey binosi, avtotransport vositasi, asbob-uskunalar, texnika vositalarini saqlash hamda ularni qayta tiklash va o‘rnini to‘ldirib borish, shuningdek binolar va ularning atrofidagi tozalikka rioya etilishini ta’minlaydi;

Muzey direktoriga xodimlarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, ularning malakasini oshirish, ularni mukofotlash va intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritadi. 

18. Bosh muhofiz (fond bo‘limi boshlig‘i):

barcha muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini belgilangan tartibga muvofiq hisobga oladi; 

Muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini nobud bo‘lish va o‘g‘irlanishdan himoyalangan holda saqlash choralarini ko‘radi; 

muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va ularni saqlashga oid barcha hujjatlarni yuritadi; 

muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish, saqlash, ta’mirlash va qo‘riqlashning ichki tartiblarini ishlab chiqadi; 

muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish, saqlash, ta’mirlash va qo‘riqlash, ularni joydan-joyga ko‘chirish ishlarining to‘g‘ri olib borilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi; 

Bosh muhofiz (fond bo‘limi boshlig‘i) muzey direktorining qonun hujjatlariga zid bo‘lgan topshirig‘ini olgan taqdirda, uni bajarishdan oldin topshiriq zid ekanligini direktorga yozma ravishda bildiradi. 

Agar, direktor o‘z topshirig‘ini yozma ravishda qayta tasdiqlasa, bosh muhofiz darhol bu haqda Muzey bevosita bo‘ysunadigan yuqori boshqaruv organini xabardor qilishi shart. 

19. Muzeyning ilmiy-tadqiqot va ekspozitsiya masalalarini hal etish uchun jamoatchilik asosida Ilmiy kengash tuziladi.

20. Ilmiy kengash tarkibiga direktor (kengash raisi), uning o‘rinbosarlari, bo‘lim mudirlari, shuningdek ilmiy xodimlar hamda boshqa ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda yuqori malaka va tajribaga ega bo‘lgan (ilmiy darajasi bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar) soha mutaxassislari kiradi.

21. Ushbu Kengash muzeyning faoliyatini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga maqbul tarzda muvofiqlashtirib boradigan kollegial organ hisoblanadi.

22. Quyidagilar Muzey faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Muzeyni saqlash uchun ajratiladigan mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;

xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5-bob. Yaqunlovchi qoida

23. Muzeyni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi 936-son qaroriga

5-ILOVA

Hududlardagi oliy ta’lim muassasalarining tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarining

NAMUNAVIY NIZOMI

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom hududlardagi oliy ta’lim muassasalarining tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini (keyingi o‘rinlarda hududiy muzeylar deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlarini, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Hududiy muzeylar idoraviy mansublik jihatidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, uslubiy jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga (keyingi o‘rinlarda Muzey deb ataladi) bo‘ysunadi.

3. Hududiy muzeylar o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

4. Hududiy muzeylar o‘z faoliyatida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

5. Hududiy muzeylar yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmaydi, hududlardagi oliy ta’lim muassasalarining tuzilmasida tashkil etiladi.

2-bob. Hududiy muzeylarning asosiy vazifalari va funksiyalari

6. Quyidagilar hududiy muzeylarning asosiy vazifalari hisoblanadi:

hududlarda mustamlakachilik va mustabid tuzum davrida vatanimiz ozodligi va mustaqilligi yo‘lida o‘z jonini fido qilgan, qatog‘on etilgan ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini atroflicha o‘rganish va muzey ekspozitsiyalari orqali keng jamoatchilikka targ‘ib etish;

muzey fondini boyitish maqsadida hududlarda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va talabalari ishtirokida muntazam ravishda ekspeditsiyalar tashkil etish;

hududlardagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida mavzuli ekskursiyalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar va ko‘rgazmalar o‘tkazish;

muzey ekspozitsiyalarini tashkil etishda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish.

7. Hududiy muzeylar o‘ziga yuklangan vazifalardan kelib chiqib quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) hududlarda mustamlakachilik va mustabid tuzum davrida vatanimiz ozodligi va mustaqilligi yo‘lida o‘z jonini fido qilgan, qatog‘on etilgan ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini atroflicha o‘rganish va muzey ekspozitsiyalari orqali keng jamoatchilikka targ‘ib etish; 

hududda qatag‘on siyosatining sabablari va oqibatlarini, erk va ozodlik yo‘lida zulm va zo‘rovonlikka qarshi xalq kurashi tarixini tadqiq etib, tadqiqot natijalarini hududda istiqomat qilayotgan ommaga yetkazadi va uni hudud tarixining tarkibiy qismi sifatida aks ettiradi, ularda ajdodlar xotirasiga nisbatan yuksak hurmat va ehtirom tuyg‘ularini shakllantiradi;

alohida buyurtmalar asosida qatag‘on etilgan vatandoshlarimizning uy-muzeylari ekspozitsiyalarini tashkil etishda ishtirok etadi;

mustamlakachilik, shu jumladan qatag‘on siyosati va uning qurbonlariga bag‘ishlangan monografiyalar, albomlar, kitoblar nashr etadi, hujjatli filmlarni suratga oladi, matbuotda maqolalar e’lon qiladi, to‘plangan materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qiladi;

b) muzey fondini boyitish maqsadida hududlarda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va talabalari ishtirokida muntazam ravishda ekspeditsiyalar tashkil etish sohasida:

oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ilmiy va ilmiy-texnik muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va hududdagi boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli ilmiy hamkorlikni rivojlantiradi va takomillashtiradi;

muzeyning yetakchi olim va mutaxassislari tomonidan hududdagi oliy ta’lim muassasalarida ma’ruza mashg‘ulotlari o‘tkazilishini, muzeyda talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashi va bitiruv malakaviy ishlari tayyorlanishini tashkil etadi;

hududdagi oliy ta’lim muassasalari bilan innovatsion-korporativ hamkorlik shartnomalarini tuzadi va ularning asosida hududiy muzeyda ochiq darslar, ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilishini ta’minlaydi;

hududdagi qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularni yod etish, o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbi va ongida o‘tganlar xotirasiga hurmat va ehtirom tuyg‘usini shakllantirish bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshiradi va targ‘ib etadi. 

v) hududlardagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida mavzuli ekskursiyalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar va ko‘rgazmalar o‘tkazish sohasida:

fuqarolarni va ayniqsa, yosh avlodni mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoiy ota-bobolarimizning xotirasiga hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalashda ishtirok etadi;

el-yurtimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida, xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish yuzasidan tadbirlar tashkil etadi;

hududiy muzey fondlari va ekspozitsiyalarini mamlakatimiz va hududdagi hamda xorijdagi turli hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam boyitib borishni ta’minlaydi.

g) muzey ekspozitsiyalarini tashkil etishda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish sohasida:

muzey ekspozitsiyalarini tashkil qilishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanadi;

jahondagi mashhur muzeylarning boy tajribasini tahlil qiladi va ulardan amaliyotda foydalanish choralarini ko‘radi;

hududiy muzeylar ekspozitsiyalarini tashkil qilish va targ‘ib etishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish usullarini ishlab chiqadi.

3-bob. Hududiy muzeylarning huquqlari va majburiyatlari

8. Hududiy muzeylar o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etishga doir ma’lumotlarni belgilangan tartibda so‘rash va olish;

o‘z vakolatlari doirasida mustamlakachilik davri tarixida erk va ozodlik yo‘lida o‘z jonini fido qilgan ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini atroflicha o‘rganish va muzey ekspozitsiyasi orqali keng jamoatchilikka targ‘ib etish masalalarini muvofiqlashtirish;

o‘z vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etish uchun shartnoma asosida tashkilotlarni, olim va mutaxassislarni, shu jumladan chet ellik olimlar va mutaxassislarni jalb etish;

o‘z faoliyatida hududiy oliy ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar, jamg‘armalar va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan o‘zaro ijodiy hamkorlikni amalga oshirish;

Hududiy muzeylar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

9. Hududiy muzeylarning majburiyatlari quyidagilardan iborat:

muzey ashyolari va kolleksiyalarining jisman but saqlanishi hamda xavfsizligini;

muzey ashyolari va kolleksiyalari bilan bog‘liq hisobga olish hujjatlarining yuritilishi hamda but saqlanishini;

muzey ashyolari va kolleksiyalaridan ilmiy, madaniy, ma’rifiy hamda ta’lim maqsadlarida foydalanilishini ta’minlash.

4-bob. Hududiy muzeylar faoliyatini tashkil etish

10. Hududiy muzeylar direktorlari Muzey direktorining O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda taqdim etgan tavsiyasiga asosan tegishli oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Hududiy muzeylar faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha alohida g‘aznachilik shaxsiy hisobvaraqlari ochiladi, belgilangan tartibda daromadlar va xarajatlar smetasi tasdiqlanadi.

Hududiy muzeylar xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi.

Hududiy muzeylar ta’minoti xarajatlarini mablag‘ bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hamda budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

11. Hududiy muzeylar direktori:

hududiy muzeylar faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda hududiy muzeylarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

hududiy muzeylar xodimlari vakolatlarini belgilaydi, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;

hududiy muzeylar xodimlarining ichki mehnat tartibi qoidalariga, lavozimlar yo‘riqnomasi talablariga hamda xizmatga oid hujjatlar bilan ishlash tartibiga rioya etilishini ta’minlaydi; 

davlat organlarida, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlar va sudda, boshqa tashkilotlarda hududiy muzeylar nomidan vakillik qiladi va hududiy muzeylar manfaatini himoya qiladi;

hududiy muzeylar xodimlarini ishga qabul qilish va ozod qilish bo‘yicha tegishli oliy ta’lim muassasa rahbariyatiga taklif kiritadi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

12. Quyidagilar hududiy muzeylarni faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari hisoblanadi:

oliy ta’lim muassasalarining hududiy muzeylarni saqlash uchun ajratiladigan budjetdan tashqari mablag‘lari (to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish uchun tushumlarning faqat to‘lov-kontrakt miqdorining oshirilgan qismi);

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan davlat ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

faoliyat ixtisosligi bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlardan olingan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5-bob. Yakunlovchi qoida

13. Hududiy muzeylarni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

Manba: www.lex.uz

JoomShaper