Maxsus sirtqi ta'lim

Qarshi davlat universitetining maxsus sirtqi bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Respublikamiz xalq ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalarining oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylardagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash hamda ularni tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish orqali ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida 2017 yil 9 avgustda qabul qilingan «Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-3183-son qarori asosida tashkil etilgan.

Universitetda 2017-2018 o‘quv yilida faoliyat boshlagan Maxsus sirtqi bo‘limda quyidagi 7 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha malakali pedagog kadrlar tayyorlanmoqda.

5111700-Boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ish.

5111800-Maktabgacha ta’lim.

5110900-Pedagogika va psixologiya.

5111100-Musiqa.

5110800-Tasviriy san’at.

5112100-Mehnat ta’limi.

5112000-Jismoniy tarbiya.

Maxsus sirtqi ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 noyabrdagi 930-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasasida sirtqi(maxsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan faqat tegishli yoki turdosh ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga va ta’lim yo‘nalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida uch yil amaliy ish stajiga (pedagogika yo‘nalishlari uchun pedagogik stajga) ega bo‘lgan, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega, kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi.

2017-2018 o‘quv yilida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlarga o‘qishga qabul qilish, istisno tariqasida kirish imtihonlarisiz, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2017 yil 28 avgustdagi 7-son bayonining “Oliy ta’lim muassasalarining pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlarga 2017/2018 o‘quv yili uchun o‘qishga qabul qilish tartibi va mezonlari” ko‘rsatilgan 4-ilovasida belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq amalga oshirilgan. Bunda yuqorida ko‘rsatilgan 7 ta ta’lim yo‘nalishlariga jami 1000 nafar abituriyent 1-kursga o‘qishga qabul qilingan.

Maxsus sirtqi ta’limda o‘qish muddati – kamida 3 yil. Bir o‘quv yili ikki semestrdan iborat bo‘lib, talabalar har bir semestr davomida bir marta universitetga o‘quv sessiyasiga chaqiriladi. O‘quv jarayonlari ta’lim sohalarining davlat ta’lim standartlari va tegishli ta’lim yo‘nalishlari malaka talablari asosida tayyorlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan kunduzgi ta’lim uchun tasdiqlangan o‘quv rejasi va fan dasturlari asosida tashkil etilgan. Bunda kunduzgi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari o‘quv yuklamasi hajmining 20(yigirma) foizi auditoriya mashg‘ulotlari shaklida, 80 (sakson) foizi mustaqil ta’lim shaklida amalga oshiriladi, masofadan turib o‘qitish elementlaridan foydalaniladi. O‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va talabalarga dars berishga universitetdagi yuqori salohiyatga ega professor-o‘qituvchilar jalb etilgan.

JoomShaper