01 / 07
02 / 07
03 / 07
04 / 07
05 / 07
06 / 07
07 / 07

TA'LIM

Bakalavriat mutaxassisliklar yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy bilim beradigan, ta’lim muddati kamida to‘rt yil davom etadigan tayanch oliy ta’limdir.

Bakalavrlik dasturi tugallanganidan so‘ng bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlariga binoan kasb bo‘yicha “bakalavr” darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi, kasb-hunar faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan diplom topshiriladi.

Bakalavrning tayyorgarligiga nisbatan qo‘yiladigan umumiy malaka talablari

Bakalavr:

  • dunyoqarash bilan bog‘liq tizimli bilimlarga ega bo‘lishi, gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar asoslarini, joriy davlat siyosatining dolzarb masalalarini bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni mustaqil tahlil qila olishi;
  • Vatan tarixini bilishi, ma’naviy milliy va umuminsoniy qadriyatlar masalalari yuzasidan o‘z fikrini bayon qila olishi va ilmiy asoslay bilishi, milliy istiqlol g‘oyasiga asoslangan faol hayotiy nuqtai nazarga ega bo‘lishi;
  • tabiat va jamiyatda kechayotgan jarayon va hodisalar haqida yaxlit tasavvurga ega bo‘lishi, tabiat va jamiyat rivojlanishi haqidagi bilimlarni egallashi hamda ulardan zamonaviy ilmiy asoslarda hayotda va o‘z kasb faoliyatida foydalana bilishi;
  • insonning boshqa insonga, jamiyatga, atrof muhitga munosabatini belgilovchi huquqiy va ma’naviy mezonlarni bilishi, kasb faoliyatida ularni hisobga ola bilishi;
  • axborot yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va undan foydalanish usullarini egallagan bo‘lishi, o‘z kasb faoliyatida mustaqil asoslangan qarorlarni qabul qila olishi;
  • tegishli bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha raqobatbardosh umumkasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lishi;
  • yangi bilimlarni mustaqil egallay bilishi, o‘z ustida ishlashi va mehnat faoliyatini ilmiy asosda tashkil qila olishi;
  • sog‘lom turmush tarzi va unga amal qilish zaruriyati to‘g‘risida ilmiy tassavvur hamda e’tiqodga, o‘zini jismoniy chiniqtirish uquv va ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim.

Bakalavr:

  • ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotli shaxslar egallashi lozim bo‘lgan lavozimlarda mustaqil ishlashga;
  • tegishli bakalavriat yo‘nalishi doirasida tanlangan mutaxassislik bo‘yicha magistraturada oliy ta’limni davom ettirishga;
  • kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimida qo‘shimcha kasb ta’limi olish uchun tayyorlanadi.

Magistratura aniq mutaxassislik bo‘yicha fundamental va amaliy bilim beradigan, bakalavriat negizida ta’lim muddati kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir.

«Magistr» darajasini beradigan davlat malaka attestatsiyasi magistrlik dasturining intihosidir. Magistrlarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi, kasb-hunar faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan diplom topshiriladi.

Magistrning tayyorgarligiga nisbatan qo‘yiladigan umumiy malaka talablari

Magistr:

  • tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarni bajarishga, shuningdek fan, texnika va texnologiya, iqtisodiyot, madaniyat va san’atning zamonaviy yutuqlarini amaliyotga joriy etishga yo‘naltirilgan kasb tayyorgarligiga ega bo‘lishi;
  • mutaxassislikka oid ilmiy muammolar bilan bog‘liq vazifalarni ifodalash va hal etishi, qarorlar qabul qilishi, zarur bilimlar bazasini yaratish va undan o‘z kasb faoliyatida foydalana bilishi;
  • ilmiy tadqiqotlar va mehnatni tashkil qilish metodologiyasini bilishi, tadqiqot natijalarini tahlil qilish va qayta ishlash metodikasini ishlab chiqishi va amalga oshirishi, ilmiy tadqiqot natijalaridan faoliyatning tegishli sohalarida foydalanishga doir amaliy tavsiyalarni ifodalay olishi va taqdim qilishi;
  • kasb vazifalarini avtomatlashtirish va kompyuterda modellashtirish metodlarini, eng maqbul yechimlar topishning oqilona usullarini egallagan bo‘lishi;
  • bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish va ilmiy jamoalarni boshqarishni ilmiy asosda tashkil qila olishi;
  • zamonaviy axborot tizimlaridan foydalaniladigan pedagogik texnologiyalar va interaktiv ta’lim usullarini egallagan bo‘lishi lozim.

Magistr:

  • tanlangan mutaxassislik bo‘yicha mustaqil ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik va kasbga doir boshqaruv faoliyati;
  • magistr tayyorgarligiga muvofiq mutaxassislik bo‘yicha aspiranturada oliy ta’limdan keyin tahsil olish;
  • kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimida qo‘shimcha kasb ta’limi olish uchun tayyorlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi to‘g‘risida
NIZOM

Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida» (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 y., 9-son, 225-modda) va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga muvofiq, barcha oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga tegishlidir.

I. Umumiy qoidalar

1. O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 y., 9-son, 225-modda) muvofiq, oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan tartibda ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotni olish huquqiga ega.

Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot bo‘yicha o‘qitish to‘lov-kontrakt (shartnoma) asosida amalga oshiriladi.
To‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun kontrakt (shartnoma)ni tuzish tartibi va shartlari «O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizom (ro‘yxat raqami 795, 1999 yil 6 avgust) bilan belgilanadi.

2. Oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar quyidagi ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotni olishlari mumkin:

  • o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli mutaxassis darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha;
  • bakalavr va diplomli mutaxassis darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha;
  • magistr darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va turdosh magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish mumkin bo‘lgan turdosh magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi.

3. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olish bo‘yicha kadrlar tayyorlash huquqiga ega ta’lim muassasalari ro‘yxati hamda oliy ta’lim muassasalarida ularning bakalavriat va magistraturasiga qabul ko‘rsatkichlari real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari uchun malakali kadrlarga bo‘lgan talab-ehtiyojga hamda ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olish uchun abiturientlar qabulini ta’lim muassasasi qabul komissiyasi amalga oshiradi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari ta’lim muassasasi uchun muayyan ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) bo‘yicha o‘rnatilgan qabul rejasidan (muvofiq ravishda bakalavriat va magistratura bo‘yicha) ortiq bo‘lishi mumkin emas.

4. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olmoqchi bo‘lgan shaxslar ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • ta’lim muassasasi rektori (direktori) nomiga ariza;
  • oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom (asl nusxasi) ilovasi bilan (xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining 1992 yil 1 yanvardan keyin berilgan diplomlari o‘rnatilgan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim);
  • 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 dona fotosurat;
  • № 086-U shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
  • pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat nusxasi.
  • Pasport hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat shaxsan ko‘rsatiladi.

5. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olish uchun hujjatlar 20 iyuldan 20 avgustgacha qabul qilinadi.

6. Ta’lim muassasasining qabul komissiyasi kiruvchilarning bilim darajasini baholash maqsadida shakli va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishiladigan sinovlar o‘tkazish huquqiga ega.

7. Ta’lim muassasasi quyidagilarni mustaqil hal qiladi:

  • hujjatlar qabul qilish;
  • hujjatlarni qabul qilishda va ularning haqiqiyligini aniqlashda qabul komissiyasi mas’uliyatini oshirish;
  • ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olish bo‘yicha kiruvchining birinchi ma’lumoti bilan taqqoslangan holda, o‘quv rejalari va dasturlaridagi farqlarni aniqlash;
  • o‘quv rejalari va dasturlaridagi aniqlangan farqlar asosida ta’lim muassasasida o‘qitish kursini belgilash (birinchi yoki ikkinchi kursdan yuqori bo‘lishi mumkin emas);
  • kiruvchining tegishli kursda o‘qish uchun o‘quv rejalari va dasturlaridagi aniqlangan farqlarni topshirish tartibi va muddatlarini belgilash.

8. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot bo‘yicha o‘qishga kiruvchilarni talabalar safiga qabul qilish ta’lim muassasasining qabul komissiyasi qaroriga asosan o‘qish uchun kontraktda belgilangan mablag‘ miqdori belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng, 15 sentyabrdan kechiktirilmay ta’lim muassasasining rektori (direktori) buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

9. Ikkinchi oliy ma’lumot olish bo‘yicha o‘quv jarayoni mazkur ta’lim muassasasida amalda kadrlar tayyorlanayotgan ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) va ta’lim shakli bo‘yicha, shuningdek, talaba qabul qilingan kursga oid amaldagi normativ-uslubiy hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilangan qoidalar asosida tashkil etiladi.

10. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot bo‘yicha talabalar safiga qabul qilingan shaxslar o‘zlashtirishi ularning bilimini nazorat qilishning reyting tizimiga asosan baholanadi.

11. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotini olgan shaxslarga, davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha, davlat namunasidagi hujjat (diplom, ilova bilan) beriladi.

12. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotini olish bo‘yicha qabulni tashkil etish va amalga oshirish mas’uliyati ta’lim muassasasining rektori (direktori) zimmasiga yuklatiladi.

 

 

 

JoomShaper