0 (375) 225 - 34 - 13               

 

01 / 06

QARSHI DU

QDU

QARSHI DU
02 / 06
03 / 06
04 / 06
05 / 06
06 / 06

Universitetda ilk marta filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja himoyasi bo‘lib o‘tdi

2018-yilning 30-oktabr kuni Pedagogika fakulteti maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim kafedrasi katta o‘qituvchisi Shahodat Rahmatullayevaning 10.00.01- O‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha

“Harakat tarzi shakllarining lingvokulturologik va sotsiopragmatik xususiyati (o‘zbek tili materiali asosida)” mavzuidagi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent, Samarkand, Buxoro, Navoiy va Surxondaryo viloyatlaridan olim va tadqiqotchilar hamda universitet professor-o‘qituvchilari qatnashdilar. Ma’lumki, o‘zbek tilshunosligida harakat tarzi shakllari an’anaviy morfologiyada ko‘makchi fe’lli so‘z qo‘shilmasi mavzusi ostida lingvistik asosda tadqiq qilingan. Bu borada akademik A.Hojiyevning “ O‘zbek tilida ko‘makchi fe’llar” monografiyasi alohida ahamiyatga ega. Tilshunos O.Shukurov harakat tarzi shakllarining paradigmatik xususiyatlarini o‘rganib, uning kategorial mohiyati masalasini kun tartibiga qo‘ydi va o‘zbek tilshunosligiga harakat tarzi shakli atamasini olib kirdi. Ushbu tadqiqot harakat tarzi shakllari tadqiqining uchinchi – antropotsentrik bosqichiga xos bo‘lib, u fanimiz oldiga qo‘yilayotgan talablarga muvofiq. Mavzu til va madaniyat, ma’naviyat mushtarakligi tadqiqi kuchayayotgan bir paytda dolzarbligi bilan xarakterlanadi. Dissertant o‘z tadqiqotida til milliy, lisoniy mental madaniyatning yorqin ifodalovchisi ekanligini, o‘zbek tilida leksik birliklar ma’nolarini voqelantiruvchi, muayyanlashtiruvchi va nutqqa xoslovchi vositalar bo‘lgan grammatik shakllarning milliy mentalitetni namoyon qilish hamda yoshlarning muloqot madaniyati darajasini ko‘rsatish imkoniyatining kengligi ilmiy-nazariy jihatdan asoslab bergan. Himoyada so‘zga chiqqanlar, dissertatsiyada to‘plangan materiallar o‘zbek sotsiolingvistikasi va lingvokulturologiyasi bo‘yicha tuzilgan lug‘atlarni yanada boyitishi ko‘rsatilganligini, tadqiqot natijasida muloqot jarayonida ayrim harakat tarzi shakllarining qo‘llanishi so‘zlovchi va tinglovchi ruhiy holatiga bog‘liq ravishda namoyon bo‘lishi aniqlanganligini, harakat tarzi shakllarining milliy-madaniy, gender va pragmatik xususiyatlari ochib berilganligini ta’kidlab o‘tishdi. Himoya yakunida Ilmiy kengash a’zolari bir ovozdan dissertatsiyada muammo to‘g‘ri qo‘yilib, yechim yo‘llari aniq va natijalalar ilmiy va daliliy asoslanganligini hamda dissertant Rahmatullayeva Shahodat Ziyotovnaning “Harakat tarzi shakllarining lingvokulturologik va sotsiopragmatik xususiyati (o‘zbek tili materiali asosida)” mavzusida 10.00.01 – O‘zbek tili ixtisosligidan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etgan dissertatsiyasini tugallangan tadqiqot sifatida e’tirof etishdi.

 

 

________________________________________________________________

© Qarshi davlat universiteti  www.qarshidu.uz 

________________________________________________________________