Qo‘l qovushtirib o‘tiraversak, kissamizda kissavurlar qo‘li g‘imirlayveradi

Ovozlar reytingi:  / 0
SayozZo'r 
Ko'rishlar soni: 628

Tilga ixtiyorsiz - elga e’tiborsiz

Pandemiya va karantin… Suv toshqini... Shamol, jala va do‘l... Keyingi oylarda xalqimizni bu tashvishlar anchagina shoshirib qo‘ydi.

Aslida hayron qoladigan joyi yo‘q, azaldan shunday - sinov kezlarida el-ulus baloi ofatlar bilan kurashayotgan bir paytda ayrimlar o‘z manfaati ilinjida g‘imirlab qoladi. Hamma o‘zi bilan ovora bo‘lib, g‘aflatda turgan bir paytda sekingina bir nimalik bo‘lib qolishning mushkul joyi yo‘q...

Dunyo - bozor deydilar. Bozorda esa o‘g‘riyam, to‘g‘riyam bor. Bu bozorda yuz yillarda bo‘lmagan to‘polonlar kechayotgan bir paytda... Sezayapsizmi, shunday "egri" qo‘l ayni chog‘da kissamizda, eng ardoqli xazinamizga chang solayapti...  Tilimizga!

Navoiy bobomiz aytadi:

Yuz jafo qilsa manga bir qatla faryod aylamon,

Elga qilsa bir jafo yuz qatla faryod aylaram...

"Millatchi"

1999-yil edi. Viloyat gazetasida madaniyat bo‘limi mudiri edim. Daf’atan xonamning eshigi zarb bilan ochilib, rus tilida chiqadigan gazetamizdagi yoshi ulug‘roq ayol - rus millatiga mansub hamkasbim ustimga bulutday bostirib keldi.

- Senmi o‘sha millatchi? - deya rus tilida o‘dag‘aylay ketdi u qo‘lidagi gazetani naq burnim ustida silkitib. - Bu nima qilganing?

- Nima qilibman? - hayron bo‘ldim.

Opa qo‘lidagi gazetani stolim ustiga qo‘yib, so‘nggi sahifasiga barmoq nuqidi:

- Nega o‘zlaringning shoirlaringga bir sahifa ajratasanlar? Pushkinning 200 yilligi bo‘layapti hamma joyda, to‘rt qator ham yozmaysanlar?

Tushunishimcha, "o‘zlaringning shoirlaring" degani Alisher Navoiy ekan, shoir tavalludining 558 yilligi munosabati bilan gazetamizda bir sahifa maqolalar berilgan edi.

- Avvalo Navoiy ham, Pushkin ham o‘zimizning shoirimiz, - dedim xotirjam. - Yozishga kelsak, avvalgi sonimizda bu sanaga bag‘ishlangan kattagina maqola bergandik. Kecha rus tilidagi gazetada ham Pushkinga bag‘ishlangan sahifa chiqibdi-ku...

- Yana aytaman, nimaga Navoiyga - bir sahifa, Pushkinga - yarim bet? - endi rostakamiga yer tepinib chinqira boshladi opa.

Fe’lim aynidi.

- Chunki Navoiy - Navoiy, Pushkin - bu Pushkin! - dedim qat’iy.

Opaning rangi gezarib ketdi.

- Sen millatchini yo‘q qilaman, izingni quritaman, - dediyu hovliqqanicha chiqib ketdi.

Bir muddatdan keyin bosh muharrir  xonasiga chaqirdi. Opa yonida ekan, orachilik qilib, ikkimizni murosaga chaqirmoqchi bo‘ldi. Avval opa ayyuhannos solib, rosa mag‘zava ag‘dardi.

Va nihoyat menga navbat tegdi.

- Opa, - deya gap boshladim xotirjamlik bilan. - Bilishimcha, Qarshida tug‘ilib, o‘sdingiz. Shu yurtning tuzini yeb, suvini ichdingiz. Ammo... Ellikdan o‘tdingiz hamki, o‘zbek tilida biron jumlani gapira olmaysiz. Gapira olmaysiz emas, sezishimcha, gapirishni istamaysiz. Go‘yo otdan tushib qolasiz. Ustiga-ustak, menga o‘xshaganlarning rus tilidagi aksentiga ham kulasiz. Endi   insof bilan ayting, men Rossiyada yashayapmanmi, yo Siz O‘zbekistonda?

- Aytmadimmi? - zahrini socha ketdi yana opa. - Mana isboti! Qip-qizil millatchi bu!

Bosh muharrir yana murosaga chaqirdi.

- Yo‘q, gapimni aytib olay, - dedim qaysarlik bilan. - Men hozir Chexov hikoyalarini yoki Pushkin, Lermontov, Yeseninning o‘nlab she’rini rus tilida aytib beraman. Bu kishi esa Navoiydan ikki qatorgina aytsinlar? Ikki qator?

Xonaga jimlik cho‘kdi. Opaga so‘nggi gapimni aytdim:

- Shundan keyin ham meni millatchilikda ayblay olasizmi?

...Oradan ko‘p o‘tmay opamiz oilasi bilan Rossiyaga ko‘chib ketdi. Unga yaqin bo‘lgan hamkasblarimizning aytishlaricha, Qarshining quyoshini, mahalladoshlarini, to‘ylarini, taomlarini... sog‘ingani haqida ko‘p xat yozibdi...

Arxeologning g‘azabi

Bu voqeaga yigirma yildan oshdi. Viloyat gazetasida ishlab yurgan kezlarim edi. Tahririyat topshirig‘i bilan qadimiy Yerqo‘rg‘on xarobalarida qazish ishlarini olib borayotgan taniqli arxeologlar haqida maqola tayyorlash uchun fotomuxbirimiz bilan yo‘lga tushdik.

Mashinani poyonsiz tepaliklar bilan tutashgan fermerning shiyponida qoldiradigan bo‘ldik. Fotomuxbirimiz bilan yaxshi tanish bo‘lgan fermer bizni bir tilikdan qovun bilan siyladi. Shoshib turganimiz bois u bilan tezob xayrlashib, tepaliklar bo‘ylab poyi piyoda yo‘lga tushdik. Saraton quyoshi shundoqqina tepamizda olov purkar, tepaliklarning qoq bag‘rini yorib o‘tgan temir yo‘l shpallaridan badbo‘y hovur ko‘tarilardi...

Shunday jaziramada ishlayotgan arxeologlar bilan uzoq suhbatlashdik. Qazish jarayonlarini suratga oldik. Ular qazishma ishlarini olib borayotgan joydagi o‘choq, sopol buyumlar, antiqa tarxga ega inshootlar xarobalari olis o‘tmishdan so‘ylardi...

Shogirdlari ekspeditsiya rahbari, taniqli arxeolog, tarix fanlari doktori, professor Rustam Sulaymonovning bazaga ketganini aytishdi. "Baza" deganlari esa bu yerdan anchagina olisda ekan. Yana bir necha tepa oshib, qishloq ichidagi qarovsiz bog‘cha binosidagi yarim xaroba "baza"ni topib bordik.

Xonaga kirib borar ekanmiz, hayratimiz o‘n karra ortdi. Nahotki shunday ulug‘ insonlar mana shunday rasvo sharoitda oylab yashashmoqda?..

Ajoyib inson ekan Rustam aka... U kishining Yerqo‘rg‘onda Qarshining uch ming yillik tarixi mujassam ekanligi, yurtimiz hududidagi eng qadimiy shaharsozlik an’analari shu manzilda shakllangani haqidagi g‘aroyib hikoyalari bizni sehrlab qo‘ydi. Fotomuxbirimiz bilan u kishini soqol olishga, urinib qolgan kiyimlarini almashtirishga arang ko‘ndirib, suratga oldik.

So‘ng Rustam aka bizni bir piyola choyga taklif etdi. Alyuminiy krujkada termosdan choy quyib berib, qotib qolgan buxanka burdalariga manzirat qildi...

Shu payt eshik ochilib... bizga qovun bergan boyagi fermer "Assalomu alaykum!", deb kirib keldi. Yonidagi hamrohi kattagina qo‘yning go‘shtini butunligicha ko‘tarib kirib, shalog‘i chiqqan stol ustiga qo‘ydi. So‘ng meva-cheva...

Rustam akaning qovog‘i uyildi.

- O‘zing chiqib ketasanmi, chiqarib qo‘yaymi? - dabdurustdan g‘azab bilan o‘dag‘ayladi fermerga. - Meni sotib ololmaysan...

- Aka, men uzr so‘rab keldim, tavba qildim, aka... - fermer qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib yalina ketdi. - Baribir shuncha yer bo‘sh yotuvdi...

- Men onasini oyoqosti qilgan odamni kechirmayman, - Rustam aka shunday dedi-da, yana stol ustidagi narsalarga ishora qildi. - Obchiqib ketasanmi, yo‘qmi?

- Rustam aka... - fermer bir narsa deyishga chog‘langandi, keksa olim stoldagi go‘shtni oyog‘idan ushladiyu qulochkashlab eshik tomonga otdi. Eshik sharaqlab ochilib, kattagina shirvozning tanasi tuproqqa gursillab tushdi...

Chaqirilmagan "mehmon"lar ketganidan so‘ng xonaga og‘ir sukunat cho‘kdi. Bu kutilmagan voqeaga guvoh bo‘lganimizdan o‘ng‘aysizlanib, biz ham ketishga shaylandik. Boshlarini changallab o‘tirgan Rustam aka nihoyat qaddini rostladiyu, g‘azabnok tarzda dedi:

- Hali javobini beradi… Bu Yerqo‘rg‘onning bir chetini haydatib, mollariga makka ekibdi... Ko‘milib yotgan tariximizning ustiga... Onasining mozorini oyoqosti qilishdan nima farqi bor buning?!

"Meni "yiqitgan" "g‘oya"

Mustaqillikning ilk yillarida "test qaldirg‘ochlari" bo‘lib universitetga kirgandik. Ochig‘i, avval ham, hozir ham "filfak"da yigit deganlari hamisha anqoning urug‘i. Bizda ham har guruhda to‘rt-besh yigit o‘qirdi, xolos. O‘ylab qarasam, bu ham jamiyatimizda ona tilimizning nufuzi yo‘qligi bilan bog‘liq ekan. Negaki, ma’zur tutishsinu, "ona tili o‘qituvchisi" degan kasb erkak kishi uchun og‘izni to‘ldirib maqtangulik kasb bo‘lmagan. Shu bois ham kursdosh yigitlarning ayrimlari tahsildan keyin o‘zim singari jurnalistika, tadbirkorlik va boshqa sohalarga o‘tib ketishdi...

Saksoninchi yillarda poytaxtda raislarning o‘g‘li o‘qiydigan, "ruslit" otlig‘ obro‘li institutni bitirib kelib, so‘ng maktabda va kollejda rus tilidan dars bergan akamning esa hamisha "oshig‘i olchi" bo‘ldi...

Bir oz chalg‘ib ketdim. Xullas, bir tanishim shunday hikoya qiladi:

- O‘shanda talaba edim. Mustaqillikning dastlabki yillari. Milliy g‘oya va mafkura fanidan domlamiz meni imtihonda "yiqitdi"... Ha, oshkora "yiqitdi". Maqtansam ham kursning oldi talabalaridan edim, savollarining barchasiga to‘liq javob berdim, darslarga to‘liq qatnashganman, konspektu referatlar, amaliy mashg‘ulotu seminar daftarlari... hammasi "o‘qlangan miltiqday".

Xullas, "yiqitgunicha" domlaning o‘zi ham qildan qiyiq axtaraverib, rosa terlab ketdi. Tushdan keyin yonimda gumashtalari hozir bo‘ldi. Shundagina o‘zim taxmin qilgan      muddao oydinlashdi - shuncha "harbu zarb"dan maqsad - uch yuz so‘m pul ekan (bu pulga o‘sha paytda yigirmata non berardi...).

Avval qaysarlik qilib bermay turib oldim. Farrosh onamning moyanasidan kelgan pullarim haftaning yakuniga yetmasdi. Oxiri tahdid kuchayavergach, "teshib chiqsin" dedimu gumashtalarga borimni tutqazib yubordim. Keyin... Ijaraxonamda uch kun och qolib ketdim. Yotoqxonada yashaydigan kursdoshlarimdan qarz olsammi, deb borsam, ular ham o‘sha domlaga "imtihon" topshirishgan ekan, nonga ham puli qolmabdi. 

So‘zda ne ayb, deymanu... O‘shandan beri bu fanning nomida zikr etilmish iborani jinim suymaydi. Eskini qo‘msayapti demangu, garchi ulg‘ayib, asl mohiyatini keyin anglagan bo‘lsam-da, bolaligimda mahliyo bo‘lganim oktabryatu pioner g‘oyalari ham bundan ohanraboliroq edi. Har holda o‘sha atribut va kodekslarda aytilgan axloq mavzuidagi gaplar hayotda menga asqatgan bo‘lsa asqatgandiru aslo xalal bermagan. Hech bo‘lmaganida drujina sovetining yig‘ilishida eng bezori maktabdoshimning bo‘ynidan pionerning qizil galstugi yechib olinganida u o‘kirib yig‘lagani esimda...

Men nazariyotchi emasman, o‘sha konspektlarimda yozilgan "undaychikin" ohanjamalarni ko‘p ham xushlamayman. Vatanmi - Vatan, xalqmi - xalq, mustaqillikmi - mustaqillik! Menimcha, bu tushunchalar, bu muqaddas tuyg‘ular balandparvoz ma’ruzalar emas, ibratlar, o‘rnaklar, namunalar, amaliy ishlar orqali singdirilishi kerak!

Aslo "domlaning aytganini qil..." qabilida emas...

"Tamal toshi"ni qachon yangilaymiz?

Endi yuqorida hikoya qilganim voqealarga kelsak...

Tilimizga bo‘layotgan xurujlar haqida eshitib, daf’atan shularni esladim.

Nega deysizmi?

Negaki, bugun ham yelka qisib, qunishib o‘tiraversak, tahririyatdagi o‘sha o‘ris opamizga o‘xshab o‘z yurtimizda ham "millatchi"ga chiqaraverishadi...

Qani, Sulaymonovday fidoyilarimiz - tarixini, o‘zligini, qadriyatini onasiday ulug‘laydigan... Axir bu yurtda Til masalalariga daxldor butun boshli departament tashkil etildi, vazirlaru hokimlarga til bo‘yicha maslahatchilar tayinlandi, yangi oliy dargohlar ochib qo‘ydik. O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo‘shildi... Biroq olisdan turib, tilimizga tosh otayotganlarga nega munosib javob qaytara olmaymiz?

Bolamiz hamonki oddiygina arizani ham "lotin"u "kirill"u va "chat"larda kashf qilingan sun’iy "alifbo"da yozayotgan ekan, undan nimani kutamiz? Tilimizning tushovlari yechiladimi bu ahvolda?

Ming nadomatlar bo‘lsinki, tanishim aytganiday biz ulug‘lagan "milliy g‘oya" garchand qanchalik ulug‘vor bo‘lmasin, quruq gap bo‘lib qolaverdimi, ko‘nglimizga, ongu shuurimizga singmadi. Tunov kuni "ag‘anab" ketgan suv omborimizday mo‘rt ekani ayon bo‘ldi-qoldi (shamolu to‘fonni ayblashdan kimga naf endi?). Xalqim degan ayrimlar halqumini o‘ylayverdi. Pora olgan ba’zi mansabdorlar jazoni o‘tar-o‘tamas, yana shu jirkanch ishga qo‘l uraverdi. Qamoqdan qaytgan jinoyatchi elga osh berib, kurortdan kelganday kerildi. Ko‘cha-ko‘ydagi lavhalaru bitiklarni qo‘ya turing, davlatimizning asosi hisoblanmish qonunlarimiz va qonunosti hujjatlarimiz haligacha o‘z tilimizda yozilmayapti. "O‘z tilimizda" bo‘lganini ham hatto oliy ma’lumotli odamga-da "tarjima" qilib berishga to‘g‘ri kelayapti...

Mustaqilligimizning tamal toshi deb atalgan qonunimiz hayotimizda deyarli hech narsani hal qilmayotgan ekan, uni o‘zgartirishga, tilimizni balo-qazolardan asraydigan asl qalqonga aylantirishga jazm eta olmayotgan ekanmiz, boshqa ulug‘vor maqsadlar haqida qanday gapira olamiz?

Hamon qo‘l qovushtirib o‘tirar ekanmiz, kissamizda kissavurlar qo‘li g‘imirlayvermaydimi?

Nuriddin EGAMOV

Qarshi davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi 

Нравится